Sanoat zonasida yangi loyihalarga asos solindi

11:01 31 Mart 2026 Jamiyat
147 0

Andijon shahridagi “Ipak yoʻli” erkin iqtisodiy zonasi va Andijon sanoat XABI hududida muhim loyihalarga start berildi. Ushbu hududlarda respublikada birinchilardan boʻlib, 2 ta zamonaviy yongʻin-qutqaruv qismining binosi qurila boshlandi. Mazkur tashabbus hududdagi sanoat tarmoqlarining jadal rivojlanishi va xavfsizlik talablarining kuchayishi bilan bevosita bogʻliqdir.

Yangi barpo etilayotgan binolar qutqaruvchilarning samarali xizmat olib borishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar bilan toʻliq taʼminlanadi. Jumladan, ilgʻor yongʻin-qutqaruv texnikalari, maxsus oʻquv minorasi, shinam maʼnaviyat va maʼrifat xonalari joy oladi. Shuningdek, shaxsiy tarkib uchun oshxona, yuvinish va yotoqxona kabi qulay maishiy xizmat xonalari ham bunyod etiladi.

Ushbu loyihaning eng muhim jihati yirik sanoat hududida xavfsizlikni yanada mustahkamlash, ehtimoliy favqulodda holatlarning oldini olish va tezkor harakat qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishidir. Bu saʼy-harakatlar nafaqat ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, balki hududda faoliyat yuritayotgan insonlarning xavfsizligini taʼminlash yoʻlidagi ulkan qadamdir.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?