Samosud jazo emas, zoʻravonlikni orttiruvchi illatdir
Videodan kadr
Saminjon HUSANOV. /»Xalq soʻzi». Andijonda ayol kishi boshqa bir ayolga tazyiq oʻtkazayotgani aks etgan videolavha jamoatchilikning eʼtiborini tortdi. Bahs-munozaralarda, tabiiyki, inson haq-huquqlariga masʼul idoralar qayoqqa qarayotganligi, jamiyatda nima uchun zoʻravonlik holatlari urchiyotgani haqidagi fikrlar bildirildi. Bu kabi savollarga javob berishdan avval holatni yana bir bor eslash lozim.
Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, bu voqea 2024-yil 15-dekabr kuni Andijon shahridagi “Hunarmand” mahallasida faoliyat yuritayotgan savdo doʻkonida yuz bergan. 1992-yilda tugʻilgan A. F. ismli fuqaro 2005-yilda tugʻilgan oʻzining ishchisi S.S. ismli qizga nisbatan zoʻravonlik qilgan. Videoda qayd etilgan holatda, qarz masalasini bahona qilib, qizga tazyiq, tahqirlash va hatto kaltaklash holati sodir etilganiga guvoh boʻlish mumkin. Afsuski, jabrlanuvchi bu haqida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yoki yaqinlariga xabar bermagan. Bu esa jamiyatimizda koʻplab shunga oʻxshash holatlarning yopiq qolishiga xizmat qiluvchi jiddiy omillardan biridir.
Qonun bor ekan “oʻzboshimcha jazo”ga yoʻl yoʻq
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi 2-qismi (zoʻrlik ishlatib gʻayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
– Shaxsning ikkinchi shaxs tomonidan jazolanishi qonunbuzarlik hisoblanadi, – deydi huquqshunos Abdurahmon Ibrohimov. – Bu harakat Jinoyat kodeksining 138-moddasidan tashqari, 207-moddasi — “hokimiyatni oʻzlashtirish” bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston qonunchiligida jazo berish faqat davlat organlari — sud, prokuratura, ichki ishlar tizimlari vakolatidadir. Qonun ustuvorligi tamoyilini buzgan har qanday shaxs javobgarlikka tortilishi shart.
Samosud: ruhiy zoʻravonlikning ijtimoiy sabablari
Tan olish kerak, keyingi paytlarda samosud holatlari oz boʻlsada uchrab turibdi. Psixolog Laylo Ahmedovaning fikriga koʻra, bunday voqealar nafaqat huquqiy, balki ruhiy, tarbiyaviy va ijtimoiy omillar bilan bogʻliq.
– Bunday xatti-harakatlar koʻpincha toʻplangan ichki qoniqmaslik, ruhiy muvozanatsizlik va muvaffaqiyatsiz ijtimoiy munosabatlar natijasida yuzaga keladi, – deydi u. – Inson oʻzini hayotda himoyasiz his qilsa, kuchini zaifga ishlatishga urinadi. Ayniqsa, rahbarlik lavozimidagi shaxslarda “Menga hamma boʻysunishi kerak” degan yolgʻon ishonch shakllanadi. Bu muammoning ildizi koʻp holatda – bolalikda koʻrilgan tamagirlik, beeʼtiborlik, kamsitish yoki “oʻzini faqat qattiqqoʻllik bilan himoya qilish” stereotipida boʻladi.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, ish beruvchilarda ruhiy barqarorlik, muloqot madaniyati va huquqiy bilimlar yetishmasa, ular oʻz shaxsiy muammolarini atrofdagilardan “qasd olish” yoʻli bilan hal qilishga urinishadi. Bu esa ish joyidagi salbiy muhitni, mehnat samaradorligini va eng asosiysi – inson shaʼnini yoʻqqa chiqaradi.
Qonun ishchidan ham, ish beruvchidan ham burchni talab qiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida ishchi va ish beruvchi oʻrtasidagi munosabatlar aniq belgilab berilgan. Jumladan, kodeksning 6-moddasida xodimning shaxsiy qadr-qimmati, shaʼni va nomusini hurmat qilish talab qilingan. 41-moddaga koʻra, ish beruvchi mehnat sharoitlarini yaratishi, ishchilarni kamsitishdan himoya qilishi shart. 180-moddada ish beruvchi tomonidan tamagirlik, behurmatlik, huquqlarni cheklash mumkin emasligi qayd etilgan.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, ish joyida zoʻravonlikka duch kelgan ishchi 132-moddaga koʻra shartnomani bekor qilish va mutasaddi organlarga murojaat qilish huquqiga ega. Bu norma ishchiga ham, ish beruvchiga ham javobgarlik yuklashi bilan muhim. Chunki mehnat munosabatlari ish haqqidan koʻra inson qadriga asoslanishi kerak.
Huquqiy saviya va jamiyat hissiyoti
Har qanday samosud – jamiyatda huquqiy bilim yetishmasligidan, jazo berish vakolatining faqat davlatga tegishli ekanini anglamaslikdan yuzaga keladi. Buning oldini olish uchun ish beruvchilarga moʻljallangan huquqiy savodxonlik kurslarini joriy etish zarur. Yoshlar uchun “Inson qadri”, “Huquq va burch”, “Muomala va munosabat madaniyati” mavzularida targʻibot ishlarini kuchaytirish darkor. Mehnat inspeksiyalari tomonidan ish joylarida nazorat va tushuntirish ishlarini tizimli tashkil etish kerak. Afsuski, bu boradagi amaliyotni qoniqarli, deb boʻlmaydi.
Xulosa
Andijon shahrida kuzatilgan bu holatga jamiyatda hanuz jon saqlayotgan zoʻravonlik, huquqsizlik, sukut, qoʻrquv va “menga daxli yoʻq” qabilidagi qarashlarining mahsuli, deya baho berish oʻrinli boʻladi. Agar biz bunday xatti-harakatlarga nisbatan jim tursak, befarqlik, loqaydlik bilan qarasak, ertaga uning qurboni oʻzimiz yoki yaqinlarimiz boʻlishi mumkinligini unutmaylik. Zero, har qanday zoʻravonlikka qarshi kurashish jabrlanuvchinigina emas, balki, balki jamiyatni himoya qilish demakdir. Holat yuzasidan soʻnggi soʻzni tez orada huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan kutib qolamiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring