SamDUda Yadro va yangi texnologiyalari instituti tashkil etildi

Foto: SamDU Axborot xizmati
Bugungi kunga kelib inson faoliyatining koʻplab sohalarida, xususan, energetika, tibbiyot, biologiya, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda yadro texnologiyalaridan foydalanish dolzarb masalaga aylandi. Shu bilan bir qatorda kelajakda ularni qoʻllash doirasi va hayotimizdagi roli muntazam oʻsib boradi. Bu jarayonda mamlakatimiz energetika tizimida yadro energetikasidan foydalanish, arzon va sifatli, ekologik toza energiyani hosil qilish, aholini arzon energiya bilan taʼminlash va bu borada yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, ularda zamonaviy yadro texnologiyalaridan samarali foydalanish koʻnikma va malakalarini hosil qilish dolzarb masala boʻlib turibdi.
Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari, jumladan, Fransiya, AQSH, Yaponiya, Xitoy kabi davlatlarda yadro energetikasidan foydalanish yuqori darajaga chiqqan. Oʻzbekistonda ham yadro texnologiyalaridan foydalanish, kelgusida bu texnologiyalarni barcha sohalarda muvaffaqiyatli qoʻllash va yadro texnologiyalari rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlash, ularning tajribalaridan keng foydalanish ulkan samara beradi.
Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va “2019 – 2029-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlarida Samarqand davlat universiteti(SamDU) ga mazkur sohada kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilganligi hamda “2022 ‒ 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining “Akademik T. Moʻminov nomidagi yadro fizikasi laboratoriyasi” negizida “Yadro va yangi texnologiyalari” instituti tashkil etildi. Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, institut tarkibiy tuzilmasi 2 ta kafedra, 2 ta ilmiy hamda 2 ta oʻquv-ilmiy laboratoriyalaridan iborat. Yangi institutda tibbiyot fizikasi, amaliy onkologiya asbob-uskunalari muhandislari, radioizotoplar ishlab chiqarish, siklotron va radiatsiya terapiyasi asbob-uskunalari muhandislari, chiziqli elektron tezlatgichlari bilan jihozlangan markazlar uchun mutaxassislar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini radiatsion qayta ishlash uchun chiziqli elektron tezlatgich qurilmalarida ishlovchi mutaxassis kabi bugungi kun uchun zarur malakali kadrlar tayyorlanadi.
Yadro texnologiyalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish boʻyicha, xususan, nur bilan tanlab davolash, radionuklid diagnostikasi, radionuklidlar va tibbiy izotoplar ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini nurlantirish orqali ularning saqlanish muddati va xavfsizligini taʼminlash, ekinlarni yetishtirish va zararkunandalarga qarshi kurash, suv resurslarini boshqarish, foydali qazilmalarni qidirish va boshqa shu kabi amaliy sohalarda ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Yadro texnologiyalari asosida ilmiy ishlanmalar, ilmiy hajmdor mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, faoliyat sohasiga oid tadqiqotlarni Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi Kurchatov instituti milliy tadqiqot markazi, Dubna shahridagi Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti va boshqa xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Maʼlumot oʻrnida shuni aytib oʻtish lozimki, bugunga qadar “Akademik T. Moʻminov nomidagi yadro fizikasi laboratoriyasi” (endilikda “Yadro va yangi texnologiyalari instituti”) va kafedralarda oʻndan ortiq fan nomzodlari, falsafa va fan doktorlari, katta ilmiy xodimlar faoliyat koʻrsatib kelishmoqda. Xalqaro miqyosda oʻz mavqeiga ega mazkur laboratoriyaning ilmiy-tadqiqotlar borasidagi salohiyati yuqori va tarixi ilmiy-amaliy natijalarga boy boʻlib, atom va yadro fizikasi, zamonaviy spektrometriya, dozimetriya, yadro elektronikasining eng soʻnggi rusumdagi uskunalari bilan jihozlangan.
Xalqaro tashkilotlar, xususan Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (AEXA) bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar (UZB-0004, UZB-0005, UZB-0006) doirasida laboratoriya uchun 800 000 $ investitsiya hisobiga yuqori sifatli uskunalar olib kelingan. Har yili 200 nafardan ortiq bakalavr va 20 nafar magistrantlar laboratoriya amaliyotini oʻtamoqda. Soʻnggi besh yil mobaynida laboratoriya bazasida tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilar tomonidan 10 ta falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishlari himoya qilingan.
Laboratoriyada elektron tezlatgichlari uchun maxsus yerosti xonalari va noyob tajribalarni amalga oshirish imkonini beruvchi 300 metrli yerosti kanal mavjud boʻlib, laboratoriyaga 2003-yilda “Noyob obyekt” maqomi berilgan. Laboratoriya keyingi yillarda yetarlicha moddiy-texnik bazaga ega boʻldi. Laboratoriya binosida zamonaviy yadro texnologiyalari qurilmalari, xususan, tezlatgichlar, siklotron va boshqa qurilmalardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan infratuzilma shakllandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring