Samarqandda Prezident maktabi foydalanishga topshirildi

17:42 18 Oktyabr 2021 Jamiyat
4117 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Samarqand shahri kuni tadbirlari doirasida Prezident maktabining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Prezident maktablari agentligi direktori Hilola Umarova qatnashdi.

Unda qayd etilganidek, Samarqand qadim-qadimdan ulugʻ allomalar, madaniyat va madaniyat arboblari, yozuvchi va shoirlarga beshik boʻlgan. Bu tabarruk zaminda Imom Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy, Mirzo Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Jamshid, Ali Qushchi  kabi minglab allomalar yetishib chiqqanining oʻzi ham fikrimiz dalili boʻla oladi.

Ushbu maktab ana shu ajdodlarimiz vorisi boʻlgan isteʼdodli oʻquvchilarni kamolga yetkazish, zamon talablariga mos taʼlim-tarbiya oʻrganishi uchun, uchinchi Renessansning poydevorini yaratishi uchun shaxsan Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Taʼkidlash joizki, mazkur maktab qurilishi uchun mahalliy byudjetdan 73 milliard 725 million soʻm mablagʻ ajratildi. Ushbu mablagʻ evaziga zamonaviy loyiha asosida 168 oʻringa moʻljallangan ikki qavatli oʻquv binosi, shuncha oʻringa moʻljallangan yotoqxona, barcha qulayliklarga ega mehmonxona, sport zallari, basseyn, oshxona, darsxonalar tashkil etildi. Bundan tashqari binoda 17 ta auditoriya, 4 ta laboratoriya va 240 ta zamonaviy interaktiv qurilmalar mavjud.

— Maktab jahon andozalariga mos holda jihozlangan. Bu yerdagi oʻquv jarayoni ham yangi texnologiyalar va xalqaro standartlarga asoslangan. Yaʼni, oʻquv jarayoni Kembrij universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv rejalar va dasturlar boʻyicha ingliz tilida olib boriladi, — deydi Prezident maktablari agentligi direktori H.Umarova. — Maktabda “STEAM” fanlar - tabiiy fanlar, texnologiya, texnik ijodiyot, sanʼat, matematika, fizika, kimyo chuqurlashtirib oʻrgatiladi. Shu sababli maktabga 12 nafar xorijlik malakali mutaxassislar jalb etilgan. Bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik, taʼlim sohasiga jonkuyarlik uchun mamlakatimiz rahbariga yoshlar, ota-onalar nomidan minnatdorlik bildiraman.

Foto: “Xalq soʻzi”

Taʼlim maskanining ish boshlashi bilan bu yerda yuzga yaqin kishi ish bilan taʼminlandi.

— Bu maktabga oʻqishga kirish uchun 13 mingdan ortiq oʻquvchi hujjat topshirdi, — dedi viloyat hokimi E.Turdimov. — Ular orasidan 145 nafari saralab olindi. Bugun qutlugʻ kunda shu bilimlar maskani foydalanishga topshirilar ekan, bu oʻquvchilardan umidimiz katta. Ular Samarqandning faxri boʻlishi kerak. Ishonamanki, Samarqand Prezident maktabidan Abu Ali ibn Sino, Muso al Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek kabi nodir isteʼdodlar yetishib chiqadi. Oradan yillar, asrlar oʻtadi. Baxtiyor avlodlar mazkur ilm dargohini ochgan, tamal toshi qoʻyganlarning nomini oltin harflar bilan yozadi.

Darhaqiqat, bu ziyo maskani viloyatdagi boshqa maktablar uchun mayoq vazifasini oʻtaydigan taʼlim muassasasi hisoblanadi. Yoshlarimiz orasida isteʼdodlilari, bilimdonlari juda koʻp. Prezident maktabi esa ularning iqtidorini aniqlash, yanada sayqal toptirishga xizmat qiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?