Samarqandda II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti boʻlib oʻtmoqda

19:22 05 Mart 2020 Jamiyat
1399 0

Samarqand shahrida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining ommaviy axborot vositalari erkinligi boʻyicha vakili Arlem Dezir, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi hamkorligida II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti boʻlib oʻtmoqda.

Ikkinchi marotaba oʻtkazilayotgan xalqaro darajadagi ikki kunlik tadbirda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti mintaqasi va Markaziy Osiyo davlatlaridan 40 dan ziyod yuqori malakali ekspert-mutaxassislar, yurist-huquqshunoslar, sudyalar ishtirok etyapti.

Xalqaro anjumanni Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining ommaviy axborot vositalari erkiniligi masalalari boʻyicha vakili Arlem Dezir va Milliy mass-mediani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamoatchilik fondi Vasiylik kengashining raisi Komil Allamjonov ochib berdi.

Tadbirda shuningdek, Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva, Oliy sud raisi oʻrinbosari Baxtiyor Isakov va qator chet ellik mutaxassislar soʻzga chiqishdi.

Anjumanda ommaviy axborot vositalari va soʻz erkinligini taʼminlashda milliy sud tizimlarining oʻrni boʻyicha mavzular muhokama qilinmoqda. Ushbu tadbir dunyo miqyosidagi yangi tendensiyalar, soʻz erkinligi hamda ommaviy axborot vositalarining cheklov va toʻsiqlarsiz faoliyat yuritishi bilan bogʻliq dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun, shuningdek, bu borada yuzaga keladigan muammolarni hal etish boʻyicha fikr va tajriba almashish uchun platforma vazifasini oʻtayapti.

Maʼlumki, ayrim hollarda sud hokimiyati milliy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurashish va jamoatchilikni himoya qilish fikrlaridan kelib chiqib, soʻz erkinligini cheklashga yon bosishga majbur boʻladilar. Shundan kelib chiqib, “II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti” doirasida soʻz va ommaviy axborot vositalari erkinligi borasida xalqaro standartlar muhokama qilinyapti. Shuningdek, milliy xavfsizlik, adovat, tahqirlash, diffamatsiya, yaʼni tuhmat masalalari ham keng qamrovda koʻrib chiqilmoqda.

Muloqotning birinchi kunida uchta asosiy sessiya boʻyicha nutqlar tinglandi va fikr almashildi. Jumladan, xavfsizlik masalalari, jamoatchilik manfaati va soʻz erkinligi, Markaziy Osiyoda millatlararo va diniy adovatni qoʻzgʻatishga qarshi huquqiy choralar, Markaziy Osiyo va Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hududida diffamatsiya boʻyicha nizom toʻgʻrisida bahs-munozaralar boʻlib oʻtdi. 

Taʼkidlanganidek, xorijlik ekspertlar, huquqshunoslar, sudyalar, jurnalist va blogerlar ishtirok etayotgan muloqot Oʻzbekistonda matbuot va soʻz erkinligini taʼminlashda, milliy sud tizimlarining rolini kuchaytirish yoʻlida muhim qadam boʻladi.

Konferensiya 6-mart kuni ham oʻz ishini davom ettiradi. Muloqotning ikkinchi kunida Markaziy Osiyo mintaqasida pretsedent qarorlar taqdimoti oʻtkaziladi. Unda adovat keltirib chiqarishga oid sud ishlari, shuningdek, internet ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi tuhmat va haqorat masalalari muhokama qilinadi.

Muallif: Abdulaziz Yoʻldoshev,

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?