Samarqandda «Fizika — 2024» III xalqaro forumi oʻtkazilmoqda

19:03 24 Aprel 2024 Jamiyat
400 0

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, OʻzRFA Yadro fizikasi va Samarqand davlat universiteti (SamDU) Muhandislik fizikasi institutlari hamkorligida «Fizika — 2024» III xalqaro forumi oʻz ishini boshladi.

Mazkur forumning asosiy maqsadi materiya va koinotning tuzilishi, kondensirlangan holat fizikasi, amaliy fizika kabi yoʻnalishlarda dunyo miqyosida erishilgan yutuqlar bilan yaqindan tanishishdan iboratdir. Shuningdek, xalqaro ilmiy aloqalarni yanada kengaytirish maqsad qilingan.

Forumda AQSH, Ozarbayjon, Ruminiya, Rossiya, Qozogʻiston kabi davlatlardan 154 nafar olim maʼruzalari bilan qatnashmoqda.

Anjumanda materiya va koinotning tuzilishi, kondensirlangan holat fizikasi, amaliy fizika boʻyicha ilmiy izlanishlar natijalari muhokama qilinyapti.

«Fizika — 2024» III xalqaro forumini Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov kirish soʻzi bilan ochdi.

Forumning yalpi majlisida OʻzRFA prezidenti, akademik Behzod Yoʻldoshev, AQSHning Texas universiteti Nanotexnologiyalar instituti direktori oʻrinbosari, ITMO universiteti gibrid nano fotonika hamda optoelektronika laboratoriyasi mudiri, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Anvar Zohidov, Rossiyaning Birlashgan yadroviy tadqiqotlar instituti direktori, akademik Grigoriy Trubnikov, Rossiya FA akademigi Vladislav Xomich, professor Dilbar Gʻulomovalar maʼruza qildi.

Anvar Zohidov, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi:

— Bugun Samarqand davlat universitetida tarixiy voqea. Dunyoning yetakchi fizik olimlari yigʻilib, dolzarb mavzularni muhokama qilmoqda.

SamDUda fizika sohasiga oid oʻnga yaqin ilmiy maktablar, zamonaviy laboratoriyalar faoliyat koʻrsatadi. Shu bois forum Samarqand davlat universitetida oʻtkazilyapmiz. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, SamDU rektori Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Samarqand Kvant markazi tashkil etildi. Mazkur markaz zamonaviy texnologiya va fizikaning eng yuqori natijalarini qoʻlga kiritish imkoniyatini yaratadi.

Xomich Vladislav, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi:

— «Fizika — 2024» III xalqaro forumi MDH davlatlari uchun muhim oʻrin tutadi. Forumda sohaga oid eng dolzarb maʼruzalar tinglanmoqda. Qaysidir maʼnoda soʻnggi yillarda fizikaga oid xalqaro tadbirlarning nufuzi pasayib qolgan edi.

Samarqand davlat universitetida bugungi tadbirning oʻtkazilishi maqsadga muvofiq boʻldi. Xorijlik olimlar mazkur forumga katta qiziqish bildirmoqda va yuqori saviyada oʻtkazilayotganligini alohida eʼtirof etmoqda. Anjumandagi maʼruzalar fanning rivojlanishi uchun xizmat qilishiga ishonaman.

Ilhom Sodiqov, OʻzRFA Yadro fizikasi instituti direktori, akademik:

— Xalqaro forumda yosh tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalar ham ishtirok etmoqda. Bu ularning katta yutugʻi, deb bilaman. Tadbirda qatnashchilar tomonidan eng dolzarb mavzuda maʼruzalar qilinmoqda. Yangi ixtirolar haqida bahs-munozaralar boʻlmoqda.

Anjumandagi yosh tinglovchilar oʻzlari uchun munosib yoʻnalish yoki ilmiy rahbar tanlashi, yetakchi olimlardan bir qator tavsiyalar olishi, hamkorlikda nufuzli jurnallarda maqolalar eʼlon qilishi, xalqaro grantlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Tadqiqotchilar bundan unumli foydalanishiga ishonaman.

Mazkur xalqaro forum 25-aprelga qadar davom etadi.

SamDU axborot xizmati.

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер