Samarqandda elektrobuslar soni 71 ta boʻldi

14:33 19 Dekabr 2024 Jamiyat
249 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda jamoat transporti tizimini rivojlantirish, aholiga koʻrsatilayotgan transport xizmati sifati va jozibadorligini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Samarqand shahri transport infratuzilmasini 2030-yilgacha rivojlantirish master-rejasi hamda “Manzilli dasturi” ishlab chiqilgan boʻlib, hozirda elektrobuslar soni 71 ta boʻldi. Shaharning asosiy yoʻlovchi hosil qiluvchi obyektlari va shahar miqyosida yoʻlovchilar oqimidan kelib chiqib, jami 43 ta yoʻnalish qatnovlari yoʻlga qoʻyildi.

2023-2024-yillarda Xitoyda ishlab chiqarilgan 75 dona “King-Long”, 20 dona “Aziya-Star”, 23 dona “SRRC”, 10 dona “Zong Tong Bus” rusumli avtobuslar, 71 dona “Yutong” rusumli elektrobuslar, 22 dona zamonaviy mikroavtobuslar keltirildi, — deydi viloyat transport boshqarmasi boshligʻi Ravshan Tojiyev. — Shundan 184 ta avtobus shahar jamoat transporti yoʻnalishlariga, 22 tasi shahar atrofi yoʻnalishlariga joylashtirildi.

Ayni paytda shahar jamoat transportini onlayn nazorat qilish tizimi joriy etilib, mutaxassislar tomonidan joyiga chiqqan holda shahar jamoat transportini belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha harakatlari va xizmat koʻrsatish sifat-mezonlari nazorat qilib borilmoqda. Jamoat transporti tizimidagi barcha avtobus, elektrobus va tramvaylar avtomatlashtirilgan toʻlov tizimiga (ATTO)ga oʻtkazildi. Bu jamoat transportidan foydalanayotgan yoʻlovchilar uchun qulaylik yaratmoqda.

Shuningdek, Samarqand tumanidan oʻtuvchi M-37 avtomobil yoʻlining Motrid aylanma harakati hududida avtostansiya qurilishi boshlangan. Samarqand tumani “Chumchuqli” MFY M-39 avtomobil yoʻlining aylanmasi hududida ham avtostansiya qurilishi uchun yer maydoni belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?