Samarqandda ekoturizm rivojlanmoqda

12:31 21 May 2025 Jamiyat
162 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand asrlar davomida oʻzining boy tarixi va madaniy merosi bilan sayyohlarni oʻziga jalb etib kelgan. Bugungi kunda esa shaharda faqat tarixiy obidalar bilan cheklanib qolmasdan, turizmning yangi — zamonaviy va ekologik yoʻnalishlarini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ana shunday tashabbuslardan biri — Kattaqoʻrgʻon suv ombori hududida tashkil etilgan “Madaniyat va eko turizm klasteri”dir. Mazkur maskan oilaviy dam olish uchun moʻljallangan boʻlib, yaqinda foydalanishga topshirildi.

— Loyihamiz uch bosqichda amalga oshiriladi, — deydi tadbirkor Safar Ergashev. — Birinchi bosqichning qiymati 3 million dollar boʻlib, bu mablagʻ hisobidan oilaviy dam olish hududlari barpo etildi. Hozirgi kunda bu yerda bir vaqtning oʻzida 2 ming nafargacha aholiga xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud. Keyingi bosqichda besh yulduzli mehmonxona va sanatoriy qurish, loyihani esa kelgusi yilda toʻliq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Hududni koʻzdan kechirgan har qanday kishi bu yerda eko turizm uchun qulay muhit va boy resurslar mavjudligini darhol his qiladi. Qurilayotgan inshootlar koʻlami va imkoniyatlari bilan Samarqand viloyatidagi eng istiqbolli eko turizm nuqtalari sirasiga kirishi aniq.

Ushbu maskanlarning ish boshlashi sayyohlarning hududda uzoqroq qolishiga imkon yaratadi. Bu esa nafaqat mahalliy byudjet daromadlari, balki xizmat koʻrsatuvchi aholi uchun ham yangi ish oʻrinlari manbaidir.

Bugungi kunda dunyoda turizmning eng dolzarb va istiqbolli yoʻnalishlaridan biri — eko turizm hisoblanadi. U faqat dam olish imkoniyatini emas, balki atrof-muhitni muhofaza qilish, biorang-baranglik va tabiiy resurslarni asrash hamda koʻpaytirishni ham nazarda tutadi. Shu jihatdan qaralganda, mazkur loyiha ekologik barqarorlikka xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biridir.

Infratuzilmaning rivojlanishi esa hudud aholisini mehmonxona biznesi, umumiy ovqatlanish, transport va boshqa xizmatlar sohalarida band etishga xizmat qiladi. Bu esa iqtisodiy oʻsish va barqaror turizmning poydevori sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?