Samarqandda chiqindilarni qayta ishlash va boshqarishda amaliy ishlar davom etmoqda

19:29 02 May 2025 Jamiyat
191 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda har yili oʻrtacha 7,1 million tonna maishiy chiqindi hosil boʻladi. Shundan 0,7 million tonnasi qayta ishlashga jalb qilingan boʻlib, bu koʻrsatkich 21,9 foizdan 25 foizgacha oshirilgan. Qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida mamlakat miqyosida amaliy choralar koʻrilmoqda.

Xususan, 36 ta chiqindi poligonlarining rekultivatsiya qilinishi natijasida 223 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarilgan va 0,7 million tonna issiqxona gazlari atmosferaga tarqalishining oldi olingan.

Samarqand viloyati misolida oladigan boʻlsak, har bir kishi oyiga oʻrtacha 24,4 kilogramm chiqindi chiqarmoqda. Bu 4 kishi yashaydigan xonadondan oyiga taxminan 100 kilogramm chiqindi chiqarilishini anglatadi. Viloyatda har kuni 1381 tonna turli xildagi chiqindilar 16 ta poligonga joylashtirilmoqda. 2024-yilning oʻzida 604 ming 200 tonna maishiy, qattiq va qurilish chiqindilari ushbu poligonlarga tashlangan.

Ayni paytda viloyatda 24 ta chiqindilarni qayta ishlash korxonalari va 100 dan ortiq ikkilamchi xomashyoni toʻplash hamda presslash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritmoqda. Ular orqali 15 turdan ortiq ikkilamchi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Prezident farmoniga asosan, “Toza hudud” DUK va obodonlashtirish boshqarmalariga tegishli chiqindi poligonlari “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasiga oʻtkazildi. Bu tashkilot hokimlik va mahalliy fuqarolar yigʻinlari bilan hamkorlikda chiqindilarni yigʻish, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash boʻyicha tizimli faoliyat yuritmoqda.

“Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” Davlat dasturi doirasida chiqindi poligonlarini 20 foizga qisqartirish, chiqindilarni saralab yigʻish madaniyatini joriy etish kabi vazifalar belgilangan.

Hozirda viloyat hududiy boshqarmasiga qarashli 16 ta maishiy chiqindi poligoni, shuningdek, Bulungʻur va Qoʻshrabot tumanlarida qurilish, Nurobodda esa toksik chiqindilar poligoni faoliyat yuritmoqda.

— Shu kungacha viloyatdagi chiqindi tashish bilan shugʻullanuvchi 50 dan ortiq korxona va tashkilot bilan oʻzaro shartnoma imzolaganmiz, — deydi chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi viloyat hududiy boshqarmasi boʻlim boshligʻi Sherzod Egammurodov. — Ular tomonidan poligonlarga kuniga 1,5 ming tonnadan ziyod maishiy va qurilish chiqindilari keltirilmoqda. Ayni vaqtda Jomboy va Ishtixon tumanlaridagi chiqindi poligonlarida rekultivatsiya ishlari yakuniga yetkazildi. Maydonlar toʻlib qolganligi sababli ular oʻz faoliyatini toʻxtatdi. Jomboy tumanida yigʻilgan chiqindilar esa hozircha Bulungʻurdagi poligonga tashib borilmoqda.

Ayni vaqtda shahar va tumanlarda “Maroqand obod”, “Toza hudud”, “Anvarjon biznes«, «Mansurbek servis”, “Gold Marjonabegim” hamda “Kattaqoʻrgʻon obod servis” kabi korxonalar chiqindi tashish xizmatlarini amalga oshirmoqda. Biroq hozircha barcha poligonlarda chiqindilarni saralash ishlari yoʻlga qoʻyilmagan. Faqat “Anvarjon biznes” va “Mansurbek servis” MCHJlarida temir, qogʻoz, plastmassa, shisha mahsulotlarini saralab qayta ishlash tashkil etilgan.

— Chiqindi poligonimiz 2,4 gektar maydonda joylashgan boʻlib, ayni vaqtda toʻlib qolganligi sababli oʻz faoliyatini toʻxtatdi, — deydi Ishtixon tumani chiqindi poligoni boshligʻi Zopir Murodov. — Koʻp yillardan buyon chiqindilarni saralash ishlari olib borilmasdan, yerga koʻmib yuborilavergan. Tumanning Boʻston mahallasi hududidagi tashlandiq maydonda yangi poligon tashkil etish ishlarini olib boryapmiz.

Yaqin kelajakda chiqindilarni energiyaga aylantirish orqali samarali utilizatsiya qilish rejalashtirilgan. Xususan, Xitoyning “Shanghai SUS Environment” kompaniyasi tomonidan 2025–2026-yillarda Samarqandda yiliga 500 ming tonna chiqindini termik usulda qayta ishlashga ixtisoslashgan zavod barpo etiladi. Umumiy qiymati 155 million dollar boʻlgan loyiha amalga oshirilsa, 240 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi, 15 ming xonadon elektr energiyasi bilan taʼminlanishi va 150 ta yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga, viloyatda chiqindi poligonlarining atrofi toʻliq oʻrab olinmagan, chiqindilarni vaqtli tashish va utilizatsiya qilish ishlari hanuz talab darajasida emas. Hozircha faqatgina Kattaqoʻrgʻon shahri, Ishtixon, Bulungʻur va Urgut tumanlarida avtotarozi va kuzatuv kameralari oʻrnatilgan.

Yangi tashkil etilgan “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” oldida esa muhim vazifalar turibdi. Jumladan, chiqindilarni turiga qarab saralab yigʻish, maxsus konteynerlar oʻrnatish, aholi oʻrtasida ekologik madaniyatni shakllantirish va qayta ishlashning ahamiyatini tushuntirish lozim.

Mutaxassislar fikricha, xorijiy hamkorlar bilan ishlash orqali chiqindilarni boshqarishda sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish mumkin. Bu esa ekologiyani muhofaza qilish, sanitariya holatini yaxshilash, xavfli kasalliklar tarqalishining oldini olish, tabiiy resurslarni tejash va muqobil energiya manbalaridan foydalanish imkonini beradi. Shuningdek, mavjud poligonlar negizida ekosanoat zonalari tashkil etishga asos boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер