Samarqandda chigit ekish avjida

16:31 09 Aprel 2020 Jamiyat
2340 0

Arxiv foto

Samarqand viloyatida 2020-yil hosili uchun chigit ekish mavsumi belgilangan chora-tadbirlar asosida uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda. Joriy qishloq xoʻjalik mavsumida samarqandlik dehqonlar 75 ming 580 gektar yer maydoniga chigitning Buxoro-102, S 82-86, Omad, Sulton, Porloq-1 singari mahalliy iqlim sharoitiga mos, ertapishar navlarini ekishni rejalashtirishgan. Ana shu maqsadda 168 ta yer tayyorlash va ekish otryadlari tashkil etildi. Ushbu otryadlarga 2 ming 97 dona yer tayyorlash texnikalari, 11 ming 38 dona tishli borona, 153 dona yer tekislagich va 1 ming 40 dona chigit ekish seyalkasi biriktirilgan.

- Bundan tashqari joriy xoʻjalik yilida chigit ekish mavsumida mineral oʻgʻit tashish uchun 879 dona va yoqilgʻi moylash materiallarni yetkazib beradigan 116 dona koʻchma agregatlar ishtirok etishi rejalashtirilgan,-dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmuyi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari J.Karimov. — Chigit ekish mavsumini qisqa muddatda va sifatli oʻtkazish maqsadida 5 ming 600 tonna urugʻlik chigit kimyoviy vositalar bilan dorilangan holda tayyorlandi. Shuningdek,paxta toʻqimachilik klasterlari va kooperatsiyalar tomonidan 77 ta chigit tarqatish shoxobchalari mavsumga shay holatga keltirildi.

2020-yil hosili uchun puxta zamin hozirlash borasida 915 ta chigit ivitish xandaqlari, 966 ta tagliklar, 304 ta maxsus idishlar, 124 ta tarozi va boshqa zaruriy jihozlar bilan taʼminlangan.

Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan bahorgi agrotexnik tadbirlarga tayyorgarlik ishlari, mavsum davomida ishtirok etadigan barcha turdagi qishloq xoʻjaligi texnika vositalarining texnik holati koʻzdan kechirilib, tegishli sertifikatlar berilgan.

Viloyatda 2020-yil paxta hosili uchun 44 ming 144 gektar yer maydoni chigit ekishga tayyorlangan boʻlib, bir kunda oʻrtacha 2 ming gektardan ortiq yer sifatli tarzda chigit ekishga hozirlab borilyapti.

Joriy yilning 9-apreliga qadar 5 ming gektardan ortiq yer maydoniga chigit ekilgan boʻlib, bir kunda oʻrtacha ming gektardan ziyod yer maydoniga baraka urugʻi qadalmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev,

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?