Samarqandda 11 oylik sud tahlili: korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar 7,8 foizga koʻpaydi
2025-yilning 11 oyi davomida Samarqand viloyati sudlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, shu jumladan yurtboshimiz belgilagan vazifalar ijrosi boʻyicha bir qator tashkiliy-huquqiy ishlar amalga oshirildi.
Shu davrda sudlarda korrupsiya bilan bogʻliq jami 400 ta jinoyat ishi koʻrib tamomlandi. Ularda 624 nafar shaxs javobgarlikka tortilib, oʻtgan yilga nisbatan ushbu toifadagi jinoyatni sodir etuvchilar soni 49 taga yoki 7,8 foizga oshgani qayd etildi.
Bu maʼlumotlar Samarqand viloyat maʼmuriy sudida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan oʻtkazilgan matbuot anjumanida eʼlon qilindi.

— Korrupsion jinoyatlarni sohalar kesimida tahlil qilganda, maktabgacha va maktab taʼlimi tizimidan 67 nafar, sogʻliqni saqlash sohasidan 32 nafar, sud-huquqni muhofaza qilish va nazorat organlaridan 26 nafar, hokimliklardan 24 nafar, bank tizimidan 18 nafar shaxs jinoyat sodir etgani aniqlangan, — dedi Samarqand viloyati sudi sudyasi Temur Almamatov. — Sudlangan shaxslarning kelgusida bunday qilmishlarni qayta sodir etishining oldini olish maqsadida 332 nafarga muayyan mansab yoki faoliyat turi bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish jazosi qoʻshimcha tarzida qoʻllanildi.
Afsuski, ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning 126 nafari, yaʼni har besh nafardan biri muqaddam sudlangan. Shulardan 99 nafari avval ham korrupsion jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan.
Masalan, D. B. mana toʻrtinchi marta korrupsiya bilan bogʻliq jinoyat sodir etgan. U “Agrobank” ATB Qoʻshrabot filiali boshqaruvchisi oʻrinbosari sifatida ishlagan holda, boshqa fuqaroning nomiga rasmiylashtirilgan, amalda esa oʻzi boshqargan MCHJga 1 milliard soʻm kredit ajratib, mablagʻlarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan. Unga 7 yil ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, 2 yil muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Yana bir holatda, Kattaqoʻrgʻon tumani Fayzikent mahallasida hokim yordamchisi lavozimida ishlagan A. T. kredit olishda yordam berish bahonasida fuqarolarning ishonchini suiisteʼmol qilib, 159 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan. U JKning tegishli moddalari bilan 2-yil 6 oy axloq tuzatish ishlari, shuningdek 1 yil muayyan huquqdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.
Umuman olganda, korrupsion jinoyatlar natijasida davlat manfaatlariga 237,8 milliard soʻm moddiy zarar yetkazilgan, shu kunga qadar uning 83,4 milliard soʻmi qoplandi.
Matbuot anjumanida korrupsiyaning oldini olish borasida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini oshirish, korrupsiya jinoyatlari uchun jazolarni yanada qatʼiylashtirish, shu turdagi jinoyat sodir etgan shaxslarni masʼul mansablarga tayinlashni cheklash yuzasidan takliflar bildirildi.
Shuningdek, sudlar tomonidan korrupsiyaga oid jinoyatlar boʻyicha 18 ta sayyor sud majlisi oʻtkazilgani, bu esa sudlar faoliyatining ochiqligi va aholiga taʼsirchan taʼsir koʻrsatishini kuchaytirishi taʼkidlandi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring