Samarqand SHHT sammitini oʻtkazishga tayyor

11:44 12 Sentyabr 2022 Siyosat
589 0

Foto: Халқ сўзи

Jahon siyosati va iqtisodiyotidagi xavfli siljishlar sharoitida Samarqand sammitining ahamiyati yanada ortib bormoqda, unda tashkilot rivojlanishining istiqboldagi omillarini belgilab beradigan asosiy qarorlar va kelishuvlar qabul qilinadi. SHHT koʻp qirrali hamkorlik gʻoyalarini ilgari suruvchi, hech qanday geosiyosiy maqsadlarni koʻzlamagan, hech bir shaxs yoki davlatga qarshi saʼy-harakatlarni amalga oshirmaydigan tashkilotdir. Ushbu tamoyillar uning nizomida aniq koʻrsatilgan va tashkilotning butun tarixi ushbu qoidalarga qatʼiy rioya qilinayotganini isbotlaydi..Sammitda 15 ta davlat va SHHT bilan hamkorlik qiluvchi oʻnta xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Tashkilotga Oʻzbekiston raislik qilayotgan davrda oʻtkazilayotgan ushbu sammit mamlakatning nufuzi ortib borayotganining yana bir yorqin tasdigʻidir. Tashkilotning buguni va istiqboli, sammitda koʻriladigan masalalar haqida Prezident huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Bobur Usmonov saytimizga intervyu berdi.

Oʻzbekistonning SHHT dagi raisligi natijalarini qanday baholaysiz?

Raislik Oʻzbekistonga oʻtganidan boshlab mamlakatimiz SHHT doirasidagi faoliyatida marrani baland olishga, tashkilotni rivojlantirish uchun chinakamiga yangi, ilgʻor tashabbuslarni topishga, avval ishga solinmagan resurslardan foydalanishga, SHHT ishiga oʻtkir “burchak” dan qarashga intilmoqda. Jahonda yuzaga kelgan yangi omillarni hisobga olgan holda Oʻzbekistonning SHHT kun tartibini yangilashga qaratilgan asosli yondashuvi savdo-iqtisodiy hamkorlik, texnologik va sanoat sohasi, transport bogʻliqligi masalalari, “yashil” va raqamli iqtisodiyot kabi qator tarmoqlarni takomillashtirish boʻyicha yorqin ifodasini topdi. Yangi takliflar pragmatizm va oʻzaro foyda kabi barcha mamlakatlarning manfaatlari hisobga olgan holda amalga oshirildi.

Tan olish kerak, Oʻzbekistonning SHHTdagi raisligi toʻliq hajmda bajarildi. Biz 80 dan ortiq tadbirlar oʻtkazdik, ularning 30 tasi vazirlik va idoralar rahbarlari darajasiga toʻgʻri keladi. Natijada milliy koordinatorlar 30 dan ziyod konseptual hujjatlar toʻplami yuzasidan kelishib oldilar. Ular SHHT taraqqiyotiga yangi kuch baxsh etishga, uning oʻsib borayotgan salohiyatini namoyish etishga hamda oshib borayotgan xatar va tahdidlarga tegishincha javob qaytarish qobiliyatini namoyish etishga qaratilgan. SHHT davlat rahbarlarining sammitida bizning raisligimiz xotimasi oʻlaroq tasdiqlanadigan asosiy siyosiy hujjat – Samarqand deklaratsiyasida mamlakatlarning mintaqaviy va global kun tartibidagi tizimli va eng oʻtkir masalalar boʻyicha yaxlit pozitsiyasi aks etadi.

Oʻzbekistonning SHHTga raisligi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar va mintaqalararo tadqiqotlar instituti biron-bir tadbirning tadbirning tashkilotchisi sifatida chiqdimi?

Ha, yaqindagina Institutimiz SHHTga aʼzo davlatlarning ilmiy-akademik va tahliliy doiralarining, turli vazirlik va idoralar vakillarining 40 dan ziyod yetakchi ekspertlari ishtirokidagi axborot xavfsizligi boʻyicha SHHTning ilmiy-ekspert Forumining tashkilotchisi boʻldi. Davlatimiz rahbari 2021-yili Dushanbe sammitida ayni forumni oʻtkazish tashabbusini ilgari surgan edi. Ushbu taklifni ilgari surar ekanmiz, tobora koʻproq internetda namoyon boʻlayotgan axborot xavfsizligi sohasida oʻsib borayotgan xavfli tendensiyalarni oʻrganish muhimligidan kelib chiqdik. Bular kibertahdidlar, ekstremistik, ayirmachilik va terrorchilik ruhidagi chaqiriqlarning tarqalishi, feyk yangiliklar va boshqa tahdidlar.

Bunday sharoitlarda mazkur forumning oʻtkazilishi va uning yakunida kerakli va hayotiy takliflar (28 ta taklif) ning ishlab chiqilishi har qachongidan ham muhim edi.umid qilamizki, ular SHHT aʼzo davlatlarining mazkur muhim yoʻnalishdagi “harakatlar dasturi” dan oʻrin oladi va ularga yangi tahdidlar qarshisida yanada jipslashishga imkon beradi. Bu haqda gapirganda yana bir narsani taʼkidlamoqchimanki, bugun Oʻzbekiston SHHT Mintaqaviy aksilterror markazi faoliyatini xavfsizlik sohasidagi, shu jumladan, kibertahdidlarga qarshilik koʻrsatish borasida shakllanayotgan realliklarga moslashish masalasini koʻtarib chiqmoqda.

Boʻlgʻusi sammit qatnashchilari haqida maʼlumot bera olasizmi?

SHHT ga aʼzo barcha davlatlar va tashkilot huzuridagi kuzatuvchi mamlakatlar (Belarus, Eron va Moʻgʻuliston) yetakchilari Samarqanddagi davlat rahbarlari kengashi majlisida shaxsan ishtirok etishlarini tasdiqlashgan. Bu dunyoning deyarli yarmi boʻlib Oʻzbekiston bu qadar keng miqyosli tadbirni birinchi marta oʻtkazmoqda. Boz ustiga, sammitda mehmon sifatida taklif etilgan qator davlatlarning rahbarlari ishtiroki ham kutilmoqda. Ular orasida Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon prezidentlari va Armaniston Bosh vaziri bor.

Bundan tashqari, sammitda SHHT rasmiy aloqalar oʻrnatgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, jumladan, BMT, ESKATO, YUNESKO, MDH, KXSHT, YEOII, SMVDA, IHT va Arab davlatlari ligasi vakillari qatnashadi. Shuni ham eʼtiborga olish kerakki, sammit doirasida SHHT mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar yetakchilarining koʻplab ikki tomonlama uchrashuvlari oʻtkaziladi. Ishonchim komil, shu kunlarda jahon jamoatchiligining bor eʼtibori Oʻzbekistonda oʻtkazilishi belgilangan tadbirga qaratilgan. Qator Yevropa nashrlarining qayd etishicha, “xalqaro siyosatda ham, iqtisodiyotda ham jiddiy oʻzgarishlar roʻy berayotgan bir sharoitda Samarqand sammitining ahamiyati oshib bormoqda”. Ularning hisob-kitobiga koʻra, «Samarqandda aftidan turli muhim qarorlar va kelishuvlar qabul qilinadi, ularning aksariyati SHHT taraqqiyotining boʻlgʻusi taqdirini belgilab beradi».

Jahon siyosati tizimida SHHTning hozirgi rolini qanday koʻrasiz?

SHHTning asosiy qoidasi avvalgicha qoladi, bu tashkilot butun dunyo bilan oʻzaro hamkorlikka ochiq, “qarama-qarshilik toifasi”da fikrlash maqsadida emas, saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadi koʻzlagan, qanchalar balandparvoz tuyulmasin, dunyoni yanada yaxshiroq va ishonchliroq qilish. “Shanxay ruhi” ga muvofiq, SHHT turli xalqaro tashkilotlar bilan keng muloqot va hamkorlik oʻrnatgan. 2004-yili SHHT BMT Bosh assambleyasida kuzatuvchi maqomini oldi BMTning qator tuzilmaviy muassasalari bilan rasmiy aloqalar oʻrnatdi. Bundan tashqari, Shanxay hamkorlik tashkiloti MDH, ASEAN, KXSHT, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, SVMDa, IHT va ADG bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Hozirgi vaqtda qayd etilgan aloqa va hamkorliklar kengayib, chuqurlashib bormoqda, bu esa SHHT blokli izolyatsiya tomon emas, balki oʻz taraqqiyotida tinch, bunyodkorlik maqsadlarini koʻzlaganligini tasdiqlaydi.

Samarqand nega aynan SHHT davlat rahbarlari sammitini oʻtkazish joyi etib tanlangan. Bu shaharning oʻziga xos jihatlari nimada?

Samarqand shahri azaldan tarixiy uchrashuvlar va tamaddunlar muloqoti joyi, oʻzaro madaniy-gumanitar boyish, xalqaro savdoni rivojlantirish, yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash koʻprigi boʻlib kelgan. Oxirgi yillarda Samarqand qator yirik forumlarni qabul qilganiga guvoh boʻlamiz va bu bizni judayam xursand qilmoqda. Shahar qiyofasi tubdan oʻzgardi. Uning miqyosli rekonstruksiyasi olib borilmoqda, Samarqandning sayyohlik brendi ahamiyati oshib bormoqda. Ishonamanki, bu faqat boshlanishi. Prezident Mirziyoyev qayd etganidek “Samarqand milliy davlatchiligimiz va butun jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida oʻrin tutadi. Keyingi yillarda bu zaminda shakllangan ezgu anʼanalarni davom ettirib, Samarqandning tarixiy shuhratini yanada chiroyli va shinam qilish, haqiqiy xalqaro miqyosdagi turistik markazga aylantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda”. SHHT sammitidan tashqari, yaqin oylarda Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti, kelasi yili esa Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yillik majlisi va Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi kabi nufuzli xalqaro forumlar oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?