Samarqand shahrida tadbirkor maktab qurib berdi

14:58 02 Sentyabr 2025 Jamiyat
106 0

Mustaqillik bayrami kunlarida yangi obyektlarning foydalanishga topshirilishi anʼanaga aylangan. Bu yil ham shunday boʻldi. Samarqand viloyatida yangi oʻquv yili boshlanishi arafasida 11 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari, 7 ta maktabda qoʻshimcha binolar qurilishi natijasida 4170 ta qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni yaratildi.

Zamonaviy maktablarni qurish va taʼmirlashda tadbirkorlar ham tashabbuskorlik koʻrsatmoqda. Jumladan, Samarqand shahridagi 52-maktabda tadbirkor Ilhom Rustamov tomonidan 15 milliard soʻm mablagʻ sarflanib, yangi 540 oʻrinli oʻquv binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, tadbirkor tomonidan maktabning 960 oʻrinli eski binosida ham mukammal taʼmirlash ishlari olib borildi. Yangi 4 qavatli bino oʻquv va kasb-hunarga oʻrgatish, axborot texnologiyalari xonasi, chet tillarini chuqur oʻqitish xonalari, kutubxona va oshxona hamda sport maydonlaridan iborat.

Yangi binoning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, shahar faollari, maktab oʻqituvchilari, mahalla nuroniylari hamda ota-onalar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olganlar mahalla ahli va maktab pedagogik jamoasini mamlakatimiz mustaqilligining 34-yilligi hamda yangi maktab binosining foydalanishga topshirilishi bilan samimiy tabrikladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер