“Salar” oqova suv tozalash inshooti faoliyati oʻrganildi

20:25 11 Mart 2026 Siyosat
230 0

Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan “Salar” oqova suv tozalash inshooti faoliyati joyida oʻrganildi.

Hozirgi kunda poytaxt aholisining 94 foizi markazlashgan kanalizatsiya tizimi bilan qamrab olingan boʻlib, shaharda 3 ta asosiy tozalash inshooti mavjud. Ularning umumiy quvvati 1 715 ming m³/sutkani tashkil etadi.

“Salar” inshooti poytaxt kanalizatsiya tizimining eng muhim obyektlaridan biri boʻlib, uning loyiha quvvati 960 ming m³/sutka boʻlib, amaldagi ish yuklamasi 860-900 ming m³/sutkani tashkil etadi. Inshootning tozalash samaradorligi hozirgi kunda 72 foizni tashkil etmoqda.

Inshootda oqova suvlar mexanik, biologik va dezinfeksiya bosqichlari orqali tozalanadi. Tozalash bosqichlari oqova suvlar kirishidan boshlab soʻngi chiqish qismigacha tozalash sifati doimiy ravishda maxsus laboratoriyada nazorat qilinadi va amaldagi standartlar asosida taʼminlanadi. Bugungi kunda natriy gipoxloriti bilan zararsizlantirish uchun 62 ta maxsus uskuna faoliyat koʻrsatmoqda.

Tozalash jarayonida hosil boʻlgan quyqalar inshoot hududidagi 35 ta maydonda qayta ishlanadi.

Bundan tashqari, inshoot hududi “Yashil makon” loyihasi doirasida koʻkalamzorlashtirilgan.

2026–2028-yillarga moʻljallangan modernizatsiya dasturi doirasida inshootning qum tutgichlari rekonstruksiya qilinishi, mexanik taroqlar va nasos agregatlari yangilanishi, qabul qilish boʻlmasida havo tozalash uskunalari oʻrnatilishi hamda quyqani qayta ishlovchi “Biorganik” uskunasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Taʼkidlanganidek,2026-2028-yillarga moʻljallangan modernizatsiya rejasiga koʻra oqova suv qabul kirish kamerasiga havo tozalash uskunasini oʻrnatish ham rejalashtirilgan boʻlib, bu inshootdan chiqayotgan badboʻy hidlarni kamaytirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Inshoot faoliyatida ayrim muammolar ham saqlanib qolmoqda. Xususan, kanalizatsiya tizimiga ishlab chiqarish korxonalari turli kimyoviy boʻyoqlar va chiqindilar tashlanishi uskunalar faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Oʻrganish davomida mazkur kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер