Said Ahmad Buxoriy: O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari butun islom olamida quvonch, g‘urur-iftixor uyg‘otdi

Mamlakatimizga Hindistonning Dehli shahri jome masjidi bosh imomi, Hindistondagi naqshbandiya tariqati yetakchisi Said Ahmad Buxoriy boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlar yurtimizda islom dini rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish, tabarruk qadamjolarni ziyorat etish, qadimiy obidalar, tarixiy yodgorliklarni ko‘zdan kechirishni maqsad qilganlar.
Delegatsiya a’zolari dastlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetida bo‘lib, bu yerda o‘qituvchi va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda inson manfaatlari hamda erkinliklarini ta’minlashga, milliy va diniy qadriyatlarni yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yo‘lga qo‘yilgan diniy ta’lim tizimi zamonaviy talablarga javob beradi. Toshkent islom universitetida yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tarbiyalangan mutaxassislar yetishib chiqmoqda.
Ayni paytda mazkur o‘quv dargohida diniy hamda dunyoviy fanlar o‘zaro uyg‘unlikda o‘rganilib, ilmiy tadqiqotlar olib borilayotir. Jumladan, universitet qoshida ta’sis etilgan Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi Qur’oni karim va hadislarning diniy aqidaparastlik hamda mutaassiblikka qarshi kurashdagi o‘rnini ochib berish, islom madaniyatining umuminsoniy madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasini tizimli o‘rganish va boshqa yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritmoqda.
— Qutlug‘ zaminingizga qadam qo‘yishimiz bilan qalbimizni cheksiz quvonch, surur egallab oldi, — deydi Said Ahmad Buxoriy janoblari. — Zero, bu tuproq ne-ne muborak zotlarni kamolga yetkazgan. Ularning qilgan ishlari, ilmu amalidan taralgan yog‘du bugun ham insonlar qalbini yoritib, yurtingizda ezgulik sog‘inib yashash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik muhitini mustahkamlab turibdi.
O‘zbekistonda islom dinini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan ishlar tahsinga loyiq. Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi dunyo ahli e’tiborini yana bir bor mamlakatingizga qaratdi. O‘zbekistonda “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar, ilmning hamma uchun ochiqligi ta’minlanayotgani bugun tobora dolzarblashib borayotgan din masalasidagi jaholatga barham berishda muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston rahbarining BMT Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi butun dunyoda, jumladan, Hindistonda katta qiziqish bilan kutib olindi. Prezidentingiz islom dini ezgulik hamda tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etishini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida, muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. Xususan, Shavkat Mirziyoyevning BMTning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi butun islom olamida quvonch, g‘urur-iftixor uyg‘otdi. Bu takliflar hozirgi murakkab davr uchun g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega. Ekstremizm, radikalizmga qarshi kurashishda islomning asl manbalari — Imom Buxoriy, Hakim at-Termiziy hadislari, Nasafiy tafsirlariga murojaat qilish kerak. O‘ylaymanki, islom madaniyatini tushunmoqchi bo‘lganlar, albatta, O‘zbekistonga kelishlari zarur. Bu ham ilm, ham ziyorat bo‘lar edi.
O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, yurtingizdagi tabarruk manzillarda sayyohlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar bu borada muhim o‘rin tutadi.
Tadbir davomida mehmonlar Toshkent islom universitetida saqlanayotgan xalifa Usmon Mushafi nusxasi, Burhoniddin Marg‘inoniy o‘z qo‘li bilan yozgan “Al-Hidoya” asari, ta’lim dargohida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar bilan tanishtirildi.
— O‘zbekiston — islom dini va madaniyati taraqqiyotiga poydevor qo‘ygan allomalar yurti, — deydi Dehli shahri jome masjidi bosh imomining Uttarakand shtati shariat ishlari bo‘yicha bosh maslahatchisi Mavlono Zohid Raza Rizvi. — Toshkent islom universitetida yo‘lga qo‘yilgan ta’lim jarayoni, bu yerda talabalar uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishib, qutlug‘ zaminingizda ulug‘ ajdodlariga munosib vorislar ulg‘ayayotganiga yana bir bor ishonch hosil qildik.
Tashrif dasturiga muvofiq, mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi faoliyati bilan tanishadi. Shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz hamda Andijon shaharlarida bo‘lishadi.
Dilshod KARIMOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.
Ma’lumot o‘rnida:
Dehli shahri jome masjidi yoki Juma-Masjid kattaligi jihatidan dunyoda sakkizinchi o‘rinda turadi. Uning qurilishi boburiylar sulolasi vakili Shohjahon (“Tojmahal” bunyodkori) tomonidan boshlanib, olti yil davom etgan. Masjidda bir vaqtning o‘zida 25 ming kishi ibodat qilishi mumkin. Bu yerda 400 yildan buyon asli Markaziy Osiyodan bo‘lgan buxoriylarning o‘n uch avlodi xizmat qilib kelmoqda. Said Ahmad Buxoriy ham ushbu silsilaning davomchisidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring