“Rovatak”ka ham toza suv yetib keldi

13:43 26 Fevral 2026 Jamiyat
194 0

Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Rovatak” mahallasida ahamiyati jihatidan juda dolzarb loyiha foydalanishga topshirildi.

Aslida bu hududda ilgari ham ichimlik suvi boʻlgan, lekin vaqt oʻtishi bilan suv tortish nasoslarining va quvurlarining eskirishi, ishdan chiqishi, suv minorasi metallarining chirishi oqibatida ancha vaqtdan beri aholi toza ichimlik suvi taʼminotidan bebahra edi.

Oʻtgan vaqt mobaynida tumandagi bir qancha mahallalarga suv quvurlari tortilib, aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Joriy yilda ham bu ishlar tizimli davom ettirilmoqda. Botartib amalga oshirilayotgan bu jarayonda “Rovatak” mahallasiga ham toza ichimlik suvi quvurlarini tortish koʻzda tutilgan edi. Biroq, mavjud barcha imkoniyatdan foydalanish lozim.

2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan grand tanlovi mana shunday imkoniyatni yaratdi. Unda Xalqaro “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi Toshkent viloyati boʻlimi “Rovatak” mahallasini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash» loyihasi bilan qatnashdi va 150 million soʻm mablagʻni yutib oldi.

– Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda fuqarolik jamiyatining barcha institutlari faol ishtirok etmoqda. Buning uchun davlatimiz tomonidan yetarlicha qulaylik va imkoniyatlar yaratilgan. Xalqaro “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi Toshkent viloyati boʻlimi tomonidan grand mablagʻlari hisobidan mahallaga toza ichimlik suvining yetib kelgani misolida ham buning amaliy tasdigʻini koʻrishimiz mumkin, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy boʻlinmasi yetakchi mutaxassisi Shoira Oxunjonova.

Xalqaro “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi Toshkent viloyati boʻlimi rahbari Sayyora Toshmatova hamda uning oʻrinbosari Bashorat Nurullayevaning saʼy-harakati, loyihani amalga oshirishga jalb etilgan “SABITJAN NUMBER ONE” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishchilarining mehnati natijasidirki, hududdagi suv chiqarish minorasi yangilandi, suv tortish nasosi hamda elektr energiyasi hisoblagichlari oʻrnatildi, kerak boʻlganda, baʼzi koʻchalardagi zanglab, yaroqsiz holga kelgan quvurlar almashtirildi. Eng muhimi, ushbu loyihaga ajratilgan 150 million soʻmlik grant mablagʻining 132 million soʻmi ushbu ishlarni amalga oshirish, toza ichimlik suvini chiqarish uchun yetarli boʻldi. “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi esa loyihadan ortib qolgan 18 million soʻm mablagʻni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga qaytarib berdi.

Mazkur loyiha mahalladagi 1150 xonadonning 750 tasini, taxminan 3,5 ming kishining toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini qondirishi kutilmoqda.

Loyihani foydalanishga topshirish marosimida Xalq deputatlari Oʻrta Chirchiq tumani Kengashi Kotibiyati mudiri Baxtiyor Baxovutdinov va tuman Kengashi deputati Yoqubjon Musayev ishtirok etdi.

Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер