Rossiya uzoq yillar davomida Fransiya va butun Yevropa uchun tahdidga aylandi — Emmanuel Makron

16:19 06 Mart 2025 Dunyo
164 0

Arxiv foto

Shu yilning 5-mart kuni kechqurun Fransiya prezidenti Emmanuel Makron televideniye orqali vatandoshlariga murojaat qildi.

Uning bir nechta bayonotlari darhol butun dunyo ommaviy axborot vositalarida asosiy sarlavhalarga aylandi. Xususan, Makron Rossiyaning tinchlikka tahdidi va Yevropaning Ukrainani qoʻllab-quvvatlashi haqida gapirdi. AQSH prezidenti Donald Trampning bu boradagi pozitsiyasini qoraladi. Fransuz armiyasini “Yevropadagi eng jangovar armiya” deb atadi va fransuz yadroviy soyabonini yevropalik hamkorlarga kengaytirish boʻyicha muhokamalarni eʼlon qildi.

BFMTV xabariga koʻra, Makron nutqining asosiy mavzusi Rossiya — Ukraina mojarosi va u yoki bu tarzda u natijasida yuzaga kelgan voqealar boʻldi. Fransiya rahbarining soʻzlariga koʻra, mojaro allaqachon “global miqyosga aylangan”.

“Siz bilan gaplashib turgan ayni daqiqalarda, Rossiya uzoq yillar davomida Fransiya va butun Yevropa uchun tahdidga aylandi”, — dedi Makron.

U koʻplab muammolar uchun Rossiyani aybladi. Uning soʻzlariga koʻra, Moskva “raqiblarni oʻldirish uchun chegaralarimni buzadi”, “Ruminiya va Moldovada saylovlarga taʼsir qiladi”, “kasalxonalarga raqamli hujumlar uyushtiradi” va “ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yolgʻonlar bilan fikrni manipulyatsiya qilishga urinadi”. Makronning taʼkidlashicha, Rossiya tahdidi Ukrainadan tashqarida ham mavjud.

Yadroviy soyabon

Makronning aytishicha, Fransiya Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini Fransiya yadroviy toʻxtatuvchi kuchlari himoyasi ostida qabul qilish imkoniyati boʻyicha muhokamalarni boshlaydi.

“Germaniya boʻlajak kansleri [Fridrix Mers]ning tarixiy chaqirigʻiga javoban men Yevropadagi ittifoqchilarimizni Fransiyaning toʻxtatuvchi kuchlari yordamida himoya qilish boʻyicha strategik muhokamani ochishga qaror qildim”, — deydi Fransiya yetakchisi.

U shu oʻrinda Fransiyaning yadro quroli “1964-yildan beri Yevropada tinchlik va xavfsizlikni saqlab kelayotganini” eslatib oʻtdi. Bundan tashqari, Makronning soʻzlariga koʻra, Fransiya oʻzining “maxsus maqomini” “Yevropadagi eng jangovar va samarali armiyaga ega” davlat sifatida tan olishi kerak.

“Bizga islohotlar kerak, qarorlar qabul qilish va dadil boʻlish kerak”, — dedi Makron.

Yangi davrga oʻtish

Emmanuel Makron yangi prezident maʼmuriyati davrida AQSH tashqi siyosatidagi oʻzgarishlar haqida gapirar ekan, alohida xavotir bildirdi. U Donald Trampning siyosati va tinchlik tashabbuslarini qoraladi.

“Bizning ittifoqdoshimiz AQSH bu urush boʻyicha oʻz pozitsiyasini oʻzgartirdi. Ukrainani unchalik qoʻllab-quvvatlamaydi va bundan keyin nima boʻlishi haqida shubhalar qoldiradi. Bizning xavfsizligimiz va farovonligimiz yanada noaniqlashdi va aytish kerak: biz yangi davrga oʻtayapmiz”, — deydi Makron.

Fransiya rahbarining soʻzlariga koʻra, Ukrainadagi “juda moʻrt sulh” Yevropa uchun xavfli.

“Tinchlik sari yoʻl Ukrainadan voz kechish orqali boʻlishi mumkin emas. Uni hech qanday narxda va Rossiya «istaklari” bilan qurish mumkin emas va Ukraina taslim boʻlishi ham mumkin emas», — deydi Makron.

Shu munosabat bilan u kelasi hafta Fransiya Parijda Ukrainada kelajakda tinchlik oʻrnatilishini kafolatlashga tayyor boʻlgan davlatlar shtab boshliqlarini toʻplashini maʼlum qildi. Makronning fikricha, bunga Yevropa harbiy kuchlarini joylashtirish orqaligina erishish mumkin. Biroq, Fransiya yetakchisi harbiy toʻqnashuvlarda ishtirok etish haqida hech qanday gap aytmadi.

“Ular (harbiylar — tahr.) bugun urushga bormaydilar, frontda jangga ham bormaydilar, aksincha, tinchlik imzolangandan keyin unga toʻliq rioya etilishini kafolatlash uchun u yerda boʻlishadi”, deydi Fransiya rahbari.

AQSHning bu boradagi yordami kafolatlanmaganligi sababli, Makron mudofaa sektoriga qoʻshimcha sarmoya kiritish zarurligini eʼlon qildi. Uning qayd etishicha bunga fransuzlar uchun soliqlarni oshirmasdan erishadi.

“Bu xususiy va davlat moliyalashtirishni talab qiladigan yangi investitsiyalar boʻladi. Buning uchun islohotlar, qatʼiyat va jasorat kerak boʻladi”, — deydi Makron.

Fransuzlar qarshi

Shu bilan birga, fransuzlarning aksariyati oʻz mamlakati qoʻshinlarini Ukrainaga yuborishga qarshi. “CSA” kompaniyasi tomonidan “Europe 1” radiostansiyasi uchun oʻtkazilgan soʻrov maʼlumotlari shundan dalolat beradi.

Soʻrovda fransuzlarning 65 foizi Ukrainaga harbiy qoʻshinlar yuborilmasligi kerak, deb hisoblagan, 35 foizi esa bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan.

Radiostansiyaning taʼkidlashicha, oʻtgan yilga nisbatan fransuz qoʻshinlarini Ukrainaga yuborishga qarshilar soni birmuncha kamaygan: 2024-yil fevralida mamlakat fuqarolarining 76 foizi askar yuborishga qatʼiy “yoʻq” degan. Joriy yilda ham xuddi shunday koʻrsatkich (xuddi shu 76 foiz) 18 yoshdan 24 yoshgacha boʻlgan, yaʼni xorijdagi harbiy missiyaga safarbar etilishi mumkin boʻlgan fuqarolar orasida saqlanib qolmoqda.

Kreml murojaatga qanday baho berdi?

Kreml Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning fransuz xalqiga murojaatini qarama-qarshilik sifatida baholadi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning soʻzlariga koʻra, bu Parij mojaro davom etishini xohlayotgani hissini yaratadi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Moskva Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning yadroviy ritorikasini Rossiyaga tahdid deb hisoblaydi.

“Albatta, bu Rossiya uchun tahdid. Agar u bizni tahdid deb hisoblasa, Yevropa davlatlari va Buyuk Britaniya bosh shtab boshliqlarini yigʻilishga chaqirsa, yadro qurolini qoʻllash zarurligini aytsa, Rossiyaga qarshi yadro qurolini qoʻllashga tayyorlansa, bu, albatta, tahdiddir”, — deydi Lavrov .

U, shuningdek, Makronning Ukrainaning taslim boʻlishiga yoʻl qoʻyilmasligi haqidagi bayonotini noaniq va asabiy deb atadi.

Bundan tashqari, Lavrov Fransiya prezidenti oʻz xavotirlarini rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan muhokama qilish imkoniga ega ekanligini, biroq buni amalga oshirmayotganini taʼkidladi.

“Makron vaqti-vaqti bilan Putinga albatta qoʻngʻiroq qilishini va u bilan gaplashishini gʻurur bilan eʼlon qiladi. Uning bunday imkoniyatlari bor. Hech kim buni taqiqlamaydi. Aksincha, Prezident barcha hamkasblari bilan muloqotga ochiqligini doimo taʼkidlab keladi. Va bularga nisbatan, toʻgʻrisini aytsak, Putin Rossiyaning Yevropa va Fransiyaga qarshi urush tayyorlaganlik haqidagi ahmoqona ayblovlariga bir necha bor qarshi chiqib, bunday fikrlarni bemaʼnilik deb atadi”, deya taʼkidladi Lavrov.

Shu bilan birga, u har qanday aqli raso odam Moskvaga Yevropa bilan qurolli toʻqnashuv kerak emasligini tushunishi kerakligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер