Robototexnika — xizmatingizda
Illyustrativ foto
Hayot shiddat bilan oʻtib boryapti. Kompyuter va robototexnikalar tufayli har kuni kashfiyotlar amalga oshirilib, oʻzgarishlar yuz berayotir. Yoshlarning mazkur jarayonga muvaffaqiyatli kirib borishi va faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb talablaridan biridir. Ushbu taraqqiyot yoʻli esa taʼlim muassasalaridan boshlanadi.
Mamlakatimizda kompyuter texnologiyasini oʻrganishga oid darslik va qoʻllanmalar istagancha topiladi. Biroq robototexnika fanini oʻrgatish hali yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan. Holbuki, robototexnikani oʻzlashtirmasdan dunyo taraqqiyotiga integratsiyalashib, zamonaviy yutuqlarga erishib boʻlmaydi. Shu boisdan ham umumiy oʻrta taʼlim hamda oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalarida robototexnika alohida dars sifatida oʻqitilishi davr talabiga aylanib ulgurdi.
Robototexnika darsi qiziqarli boʻlishi bilan birga, maktablarda fizika, matematika, informatika darslarini chuqurroq oʻrganish, yoshlarning teran fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, jamiyat hayotida oʻz oʻrinlarini topishlarida juda katta ahamiyatga ega. Bu esa oʻquvchilarda ushbu darslarga mehrni kuchaytiradi, qiziqishini orttiradi, nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etishda samarali natijalar beradi va eng asosiysi, xalqaro taʼlim tizimi “STEM” — (Science, Technology, Engineering and Mathematics)ning joriy qilinishida oʻz hissasini qoʻshadi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi tomonidan bu borada bir qator muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Xususan, poytaxtimizda “International Robotics Challenge” — xalqaro robototexnika musobaqasi uyushtirildi. Yurtimiz yoshlari Qozogʻistonning Petropavlovsk shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro musobaqada “Original robot” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib chiqdi. Ayniqsa, Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi bilan Xalqaro robototexnika olimpiadasi qoʻmitasi (“International Robot Olympiad Committee”) oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumining imzolangani ulkan tarixiy voqeaga aylandi.
Ochigʻi, yurtimizda avtomatlashtirilgan texnologiya bozori hali rivojlanish bosqichida turibdi. Ayni paytda sanoat robotlariga talab kundan-kun oshib bormoqda. Shu maʼnoda, vazirligimiz bir qator davlatlarning bu boradagi tajribasini chuqur oʻrganib, yurtimiz sanoat robototexnikasi sohasiga keng tatbiq etib kelmoqda. Masalan, Janubiy Koreyaning TEGU sanoat robototexnikasini avtomatlashtirish markazi bilan samarali hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Hozirgi paytda Janubiy koreyalik doʻstlarimiz Oʻzbekistonda texnopark tashkil qilish qiziqishini bildirishmoqda.
Shuni qayd etish lozimki, robototexnika fanini taʼlim tizimiga izchillik bilan joriy etish kelajakda yoshlarning zamon talablariga mos fikrlash doirasining shakllanishiga zamin yaratadi. Qolaversa, nafaqat robototexnika sohasi, balki iqtisodiyotning boshqa turli tizimlari rivojlanishiga ham kuchli turtki beradi.
Akbarxon SOBIRXONOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori oʻrinbosari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring