Rishtonga “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomi berildi

10:34 22 Sentyabr 2025 Jamiyat
90 0

Avval xabar qilinganidek, 19-21-sentyabr kunlari Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida III xalqaro hunarmandlar festivali hamda Rishton tumanida II xalqaro kulollar forumi boʻlib oʻtdi.

Qoʻqon shahridagi tadbirlarda dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan qariyb 300 nafar hunarmandlar, olimlar, soha mutaxassislari ishtirok etgan boʻlsa, Rishtondagi forumda 26 ta davlatdan kelgan 100 nafardan ziyod kulollar hamda mahalliy ustalar oʻz mahsulotlarini namoyish etdi.

Har ikki tadbir ham turli maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy, badiiy dasturlarga boy tarzda oʻtkazilib, ishtirokchilarga olam-olam zavq, unutilmas taassurotlar ulashdi.

Shuningdek, nafaqat mamlakatimiz, Markaziy Osiyo, butun dunyoda kulolchilik markazi sifatida mashhur boʻlgan Rishtonga “Butunjahon hunarmandlar shahri” degan maqom berilgani forumning muhim voqealaridan biri boʻldi, deyish mumkin.

Butunjahon hunarmandlar kengashi qaroriga koʻra, oʻtgan yillarda viloyatning Qoʻqon, Margʻilon kabi koʻhna shaharlariga hunarmandlar shahri maqomi berilgan edi. Rishton tumaniga ham shunday maqom berilishi asrlar mobaynida avloddan-avlodga bezavol oʻtib kelayotgan boqiy anʼana va qadriyatlarimizning yuksak eʼtirofidir.

Yaqin yillarda Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik markazi barpo etildi. Hozirgi kunda tumanda 40 mingga yaqin yoshlar kulolchilik hunarini oʻrganib kelmoqda. Oʻzbekiston xalq rassomi va Oʻzbekiston xalq ustasi unvoniga ega boʻlgan Ibrohimjon Komilov, Oʻzbekiston xalq rassomi Bobojon Nishonov, Oʻzbekiston sanʼat arbobi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi aʼzosi Sharofiddin Yusupov kabi mohir kulollarning izdoshlari Rishton va uning atrofidagi qishloqlarda anʼanaviy kulolchilik rivoji uchun samarali mehnat qilmoqda.

Rustam Usmonov, Alisher Nazirov, Shokirjon Ahmadjonov, Ravshanjon Tojiddinov, Tohir Haydarov kabi kulollar mahsulotlari dunyoning oʻnlab davlatlarida koʻrgazma peshtaxtalarida rangin jilolari, betakror bezaklari bilan barchani oʻziga mahliyo etmoqda. Dunyoning kulolchilik yaxshi rivojlangan Italiya, Turkiya, Yaponiya, Ozarbayjon kabi 10 ga yaqin davlatlari bilan Rishton tumani oʻrtasida faol hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.

Har ikki tadbir yakunida taqdirlash marosimi, konsert dasturi tashkil etilib, gʻoliblar va faol qatnashchilar munosib ragʻbatlantirildi.

— Prezidentimizning tadbir qatnashchilariga yoʻllagan tabrigi barchamizga oʻzgacha quvonch baxsh etdi, — deydi “Eng yaxshi kulol” nominatsiyasi gʻolibi Ismoiljon Komilov. — Bundan buyon ham yanada gʻayrat-shijoat bilan mehnat qilib, avlodlardan meros hunarni butun dunyoga keng targʻib etishda davom etamiz.

Aytish joiz, bayram kunlari Qoʻqon shahridagi “Buyuk allomalar” muzeyining koʻrgazmalar zali hamda Rishton anʼanaviy kulolchilik tarixi muzeyi tantanali ravishda oʻz faoliyatini boshladi.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер