Retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxati yangilanmoqda — SSV

09:58 26 Noyabr 2021 Jamiyat
332 0

Shunday dori vositalari borki, agar ular shifokor tavsiyasisiz isteʼmol qilinsa, inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin. Ammo yana shunday preparatlar mavjudki, ularni dorixonalardan hech qanday cheklovlarsiz, yaʼni retseptsiz xarid qilsa boʻladi.

Ammo shu yilning iyul oyidan Sogʻliqni saqlash vazirligi buyrugʻi asosida Retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxati keskin kamaytirilgach, isteʼmolchilarning tashvishiga tashvish qoʻshildi. Yaʼni monopreparatlar pozitsiyasi 105 taga, majmuaviy preparatlar roʻyxati esa 118 taga qisqarib ketdi.

Oqibatda retseptsiz ham berilishi mumkin boʻlgan dorilarni xarid qilish uchun bemor yoʻl bosib, vaqt yoʻqotib, navbat kutib shifokor qabuliga kirishga majbur boʻlmoqda. Bordiyu, qoʻshimcha tekshiruvlar talab etilsa, yana navbat asosida tibbiy xulosani olgach, vrach huzuriga takror kirib retsept yozdirib olishiga toʻgʻri kelyapti.

Bunday ovoragarchilik va byurokratik toʻsiqlar aholining tibbiyot tizimiga nisbatan ishonchi kamayishiga, qolaversa, farmatsevtika kompaniyalarining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlyapti. Negaki, qonunchilik talablariga koʻra, retsept asosida beriladigan preparatlarni targʻibot qilish taqiqlangan. Bu esa aholining zarur dori vositalari haqidagi maʼlumotlardan xabardorligini cheklamoqda.

Masalan, tempalgin, mukomilt, deksaflyu, tabeks kabi qator preparatlarni chet el dorixonalaridan hech qanday cheklovlarsiz xarid qilsa boʻladi. Bizda esa buning uchun retsept soʻralyapti.

Sogʻliqni saqlash vazirligi ana shu muammolarga yechim topish uchun kelib tushayotgan eʼtiroz va murojaatlar, qolaversa, xalqaro amaliyot hamda xorijiy tajribani chuqur oʻrgangan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda amalda boʻlgan Retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxatini bekor qilib, uni yangilash boʻyicha buyruq loyihasini ishlab chiqdi. Unga muvofiq, retseptsiz beriladigan preparatlar roʻyxati kengaytirilmoqda.

Yangi buyruq yaqin kunlarda regulation.gov.uz portalida muhokamaga qoʻyiladi va Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olingach, kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?