Rassomning tuygʻular olami

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻonalik taniqli rassom, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Otabek Shokirov rangtasvir uslubida tabiat manzaralarining mohir tasvirchisi sifatida koʻp yillardan buyon samarali ijod qilib kelmoqda. Rassomning asarlari bugungi kunda Fransiya, Germaniya, Angliya, AQSH, BAA, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, Rossiya, Qozogʻiston va Tojikiston singari davlatlardagi muzeylar hamda sanʼat koʻrgazmalaridan joy olgan.
Yaqin yillargacha rassom rangtasvir uslubida anʼanaviy mavzu – tabiat manzaralarini aks ettiruvchi asarlar yaratib kelgan boʻlsa endilikda uning ijodida insonning tuygʻular olami, ruhiy dunyosi bilan bogʻliq yangi uslubdagi asarlar salmogʻi oshib borayotir.
Shu kunlarda Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati muzeyida ijodkorning “Oʻtish...” deb nomlangan shaxsiy koʻrgazmasi tashkil etildi. Koʻrgazmada rassomning asosan yangi uslub va mavzularda yaratilgan asarlari namoyish qilinib, ijod uslubidagi yangilanish va oʻzgarishlar orqali tomoshabin imtihonidan oʻtishga jazm etgani eʼtiborga loyiq.
— Ijod jarayonida baʼzan ana shunday tajribalarga ham ehtiyoj sezilishi tabiiy jarayondir, — deydi isteʼdodli rassom. — Yaqin yillargacha goʻzal tabiat manzaralarini aks ettirish, Fargʻona vodiysi, yurtimizning dilbar tabiati, qadimiy qishloqlari, koʻhna tabiat yodgorliklari rasmlarini chizish ijodiy faoliyatimning asosiy oʻzagini tashkil qilar edi.
Hayotiy tajriba va dunyoqarashimiz yuksalib, falsafiy qarashlarimiz kengayib, inson ruhiyati, orzu-umidlari, tuygʻular tarbiyasi bilan bogʻliq ijodiy mahsulotlar koʻlamini oshirish asosiy maqsadga aylandi. Qahramonlarim ham tanish va qadrdon insonlar, chunki ijodkor oʻzi koʻrgan va yaqindan bilgan voqealarni tasvirlashda oʻzi uchun haqiqatni ustuvor mezon sifatida belgilab oladi.
Otabek Shokirov 2017-yildan buyon Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Fargʻona viloyat boʻlimi raisi oʻrinbosari sifatida viloyatda turli koʻrgazma va tanlovlarni oʻtkazishda faol. Shuningdek, viloyat boʻlimi tasarrufidagi “Yosh rassom“ bolalar studiyasi ishiga bosh-qosh boʻlib, yosh isteʼdodlarni kashf etishda jonbozlik koʻrsatib kelmoqda.
Mamlakat miqyosidagi loyihalar, bayram va festivallarda, xususan, Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Navroʻz – umumxalq sayli, Shahrisabz, Margʻilon, Termiz, Qoʻqon shahridagi milliy qadriyat va anʼanalarimizni targʻib etuvchi tadbirlarda hududni badiiy bezash ishlarida rassom sifatida faol qatnashib keladi.
Birgina Margʻilon shahridagi Nuroniylar, shahar hokimligi, Margʻilon shahar drama teatri, Hunarmandlar markazi binolari hamda Yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi binosini bezash ishlarida moʻyqalam sehrini namoyon etgan.
Tajribali rassom 2017-yildan Fargʻona ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabida dastgohli rangtasvir fanidan oʻquvchilarga dars berib kelmoqda. Maktabda oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun muntazam ravishda mahorat darslari oʻtkazib, yangi avlod vakillarining bu boradagi nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashda katta yordam koʻrsatadi.
Otabek Shokirov 20 yillik ijodiy faoliyati mobaynida turli mavzularda 800 dan ortiq asarlar yaratdi. Bugungi kunda uning asarlari AQSH, Germaniya, Turkiya, Italiya, Gretsiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Isroil, Rossiya davlatlardagi shaxsiy kolleksiyalarida saqlanmoqda.
— “Oʻtish...” deb nomlangan shaxsiy koʻrgazmaga soʻnggi yillarda yaratilgan 70 dan ziyod asarlarim qoʻyildi, — deydi u. — Koʻrgazmadan joy olgan asarlar mavzu va uslub jihatdan ikkiga boʻlingan: birinchisi anʼanaviy tabiat tasviri mavzusidagi manzara va natyurmortlar, ikkinchisi esa yangi – ruhiy olam tasvirlariga bagʻishlangan rasmlardan tashkil topgan.
Ayni kunlarda qardoshlarimizning amaliy takliflariga muvofiq, Turkiya, Qirgʻiziston, Tojikiston va Rossiyada shaxsiy koʻrgazmamni tashkil etishga hozirlik koʻrmoqdaman.
Rassom mudom izlanishda va bu borada yangiliklarga qoʻl urishdan aslo choʻchimaydi. Uning fikricha, ijodkorlik – yangilikka intilish va hech qachon bir joyda depsinib, toʻxtab qolmaslik deganidir. Shu maʼnoda, yildan-yilga ijodiy salohiyati sayqallanib borayotgan rassom Otabek Shokirovdan yangi-yangi yutuqlar kutishga haqlimiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring