Raqamlashtirish davrida notariatning oʻrni
Foto: “Xalq soʻzi”
Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan notariat sohasiga bagʻishlangan ikki bosqichdan iborat xalqaro konferensiyaning ikkinchi kunida “Raqamlashtirish davrida notariatning oʻrni” mavzusi muhokama qilindi.

Tadbirda 5 ta qitʼadan 40 ga yaqin mamlakatlarning notariat tizimlaridan tashrif buyurgan 150 nafarga yaqin soha vakillari, ekspertlar ishtirok etmoqda.
Tadbirni Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov ochib berdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda bugungi kunda sohada katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida koʻchmas mulk ijara va tekin foydalanish shartnomalarini, mulkdorning yaqin qarindoshlariga beriladigan avtotransport vositasini boshqarish uchun ishonchnomalarni, birlamchi bozordagi garov va ipoteka shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi. Bitimlarni tasdiqlashda eksterritoriallik prinsipi joriy etildi.

“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga huquqiy maqom berildi va barcha notarial harakatlar ushbu tizimda roʻyxatga olinmoqda. Notarial harakat rasmiylashtirish uchun fuqarolardan talab qilinadigan hujjatlar idoralararo elektron hamkorlik orqali notarius tomonidan olinishi yoʻlga qoʻyildi. Fuqarolardan talab etiladigan hujjatlar va maʼlumotlar hajmi 87 foizga qisqartirildi. “E-notarius.uz” portalining ishga tushirilishi nafaqat notariuslarning ishini yengillashtirdi, balki fuqarolar uchun qator qulayliklar yaratdi, elektron tizim ishga tushishi munosabati bilan tashkilotlarga yurib hujjat yigʻish, reyestr kitoblarini yuritish bekor boʻldi. Ayrim notarial harakatlar dunyoning istalgan joyidan videokonferensaloqa orqali onlayn ravishda amalga oshirilmoqda.

Xususiy notarial faoliyatni litsenziyalash “Litsenziya” axborot tizimi orqali toʻliq elektron shaklda amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi. Shaffoflikni taʼminlash maqsadida xususiy notariuslarga litsenziya berish boʻyicha imtihonlar onlayn translyatsiya qilinmoqda.
Ayrim turdagi notarial harakatlar uchun davlat boji stavkalari miqdorlari optimallashtirildi, shaffoflashtirildi hamda kamaytirildi.

— Jismoniy va yuridik shaxslarga notarial xizmat koʻrsatish vakolati notariuslar va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga yuklatilgan, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakili Ayubxon Yunusov. — Oʻzbekiston Respublikasi konsullari 15 turdagi notarial harakatlarni amalga oshiradilar. 2022-yilning oʻzida 12,5 mingdan ziyod notarial harakatlar amalga oshirilgan. Joriy yilning birinchi yarmida 6700 dan ziyod notarial xizmat koʻrsatilgan. Oʻzbekistonda notariat sohasining isloh qilinishi TIV konsullik tizimini ham isloh qilishga turtki boʻldi. Notarial palata tashkil topganining ilk kunlaridan Oʻzbekiston Respublikasi TIV bilan Notarial palata oʻrtasida memorandum imzolandi. Maqsad — konsullar tomonidan xorijda vaqtincha yashayotgan hamyurtlarimizga koʻrsatilayotgan notarial xizmatlarning sifatini oshirishdan iborat. 39 ta xorijiy davlatlardagi konsullar uchun videokonferensaloqa orqali seminarlar tashkil etildi va notarial harakatlar boʻyicha malakalari oshirildi.
Konferensiyada Germaniya, Yaponiya, Ozarbayjon, Belorussiya, Fransiya, Rossiya, Litva, Vengriya, Oʻzbekiston va boshqa davlatlar vakillari oʻz mamlakatlari notariat sohasida raqamlashtirishning ahamiyati haqida, joriy etilgan ilgʻor amaliyot va uslublar haqida batafsil maʼlumot berdilar.

— Yaponiya aholisi 125 million nafardan ziyod, notariuslar soni 500 nafar, notarius ayollar 15 nafar, 286 ta notarial idora bor, — deydi yaponiyalik mutaxasis Terutoshi Yamashita. — Yaponiyada ham notariatning elektron tizimi yaratilgan. Yaponiyada ham notariusni Adliya vazirligi tayinlaydi. Maqomiga koʻra davlat notariusi, lekin davlatdan maosh olmaydi. Yaponiyada 30 yil prokuror yoki sudya boʻlib ishlagandan soʻnggina notarius boʻlishi mumkin. Men notarius lavozimiga tayinlanishimdan oldin 30 yil prokuror boʻlib ishlaganman. Yaponiyada avtomatlashtirilgan axborot tizimi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqarilgan va faqat yapon tilida. Dastlab 2018-yilda elektron tizimga oʻtish davrida tizim notariuslar uchun anchagina muammo tugʻdirgan edi. Elektron tizim ishlayotganiga qaramasdan, mijozlar notarial idoraga kelishadi, fuqarolarning ID — kartasida ularning elektron imzosi bor. Hukumat fuqarolar uchun koʻplab qulayliklar yaratmoqda, lekin fuqarolar baʼzan ushbu imtiyozlardan foydalana bilmaydilar. Shu yil iyun oyida bizda “Notariat toʻgʻrisida»gi qonun oʻzgardi, endi hujjatlar elektron shaklda tasdiqlanishi lozim boʻladi. Yaponiya notariuslari assotsiatsiyasi bunga tayyor turishi kerak. Biz faqatgina tomonlar soʻroviga koʻra qogʻoz shaklida hujjatni berishimiz mumkin.
Aytish joizki, konferensiya doʻstona ruhda oʻtdi, lotin tipidagi notariat vakillari oʻzining notariat sohasini takomillashtirish va fuqarolarga har tomonlama qulay va sifatli huquqiy xizmat koʻrsatish boʻyicha tajribalari va erishgan muvaffaqiyatlar bilan ham boʻlishdilar.
Abdulaziz Yoʻldoshev, Xalq soʻzi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring