Qozogʻistondan sensatsiya, Ispaniyadan yirik gʻalaba

12:28 16 Noyabr 2025 Sport
507 0

Kecha, 15-noyabr kuni Yevropa mintaqasida Jahon chempionati saralashining navbatdagi tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi.

Qozogʻiston kuchli raqibga munosib qarshilik koʻrsatdi

Kun doirasida oʻrin olgan bahsda Qozogʻiston terma jamoasi oʻz maydonida “J” guruhida yetakchi boʻlib turgan Belgiya terma jamoasi bilan kuch sinashdi.

Guruhlarda jamoalar soni 5 ta boʻlgani sababli har turni 1 tadan jamoa oʻtkazib yubormoqda. Shu sabab Qozogʻiston terma jamoasi ushbu oʻyinda saralashdagi soʻnggi oʻyinini oʻtkazdi va kuchli raqibga munosib qarshilik koʻrsatdi.

Oʻz navbatida mazkur oʻyinda qoʻlga kiritilajak gʻalaba Belgiya terma jamoasini muddatidan avval mundialga olib chiqishi ham mumkin edi. Ammo amalda bunday boʻlmadi.

Uchrashuvda hisob 9-daqiqada Doston Satpayev tomonidan ochildi. Ushbu goli orqali Doston Qozogʻiston terma jamoasi tarixida gol kiritgan eng yosh futbolchiga aylandi. Satpayev ushbu golni kiritganda 17 yosh 3 oy-u 2 kunlik edi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 48-daqiqasida “Bryugge” futbolchisi Hans Vanaken hisobni tenglashtirdi. 1:1 hisobi oʻyin yakuniga qadar saqlanib qoldi. Shu tariqa Qozogʻiston terma jamoasi FIFA reytingida oʻzida 107 pogʻona oldinda borayotgan terma jamoadan 1 ochko olishni uddaladi.

Qozogʻiston — Belgiya 1:1

Gollar: Satpayev (9) — Vanaken (48).

Qozogʻiston — Anarbekov, Kairov, Qasim, Alip, Vorgovskiy, Orazov, Tapalov, Chesnokov, Samorodov (Karaman, 80), Kenjabek (Ashurbek, 56), Satpayev (Sviridov, 56).

Belgiya — Zels, Kastan, Teate, De Vinter, Seys (De Kuyper, 81), Raskin, Onana (Tilemans, 71), Doku, Vanaken, De Ketelare (Openda, 71), Trossar (Salemakers, 71).

Ispaniya terma jamoasidan yirik gʻalaba

“E” guruhida yetakchi boʻlib turgan Ispaniya terma jamoasi ushbu tur Tbilisi shahrida mehmon boʻldi. Luis de la Fuente shogirdlari bu gal Gruziya terma jamoasini yirik hisobda magʻlubiyatga uchratdi.

Uchrashuvda hisob 11-daqiqadayoq ochildi. “Real Sosyedad” hujumchisi Mikel Oyarsabal penaltidan unumli foydalandi.

22-daqiqa “Arsenal” futbolchisi Martin Subimendi hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Taym soʻngida “Barselona” futbolchisi Ferran Torres ispanlarning uchinchi golini kiritdi. Birinchi boʻlim 3:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlim ham “qizil furiya”ning toʻliq ustunligi ostida oʻtdi. 63-daqiqada Mikel Oyarsabal oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Yakuniy hisob 4:0, Ispaniya foydasiga.

Ushbu gʻalaba evaziga Ispaniya terma jamoasi deyarli mundial yoʻllanmasi masalasini ijobiy hal etishni uddaladi. Jamoa soʻnggi turda oʻz maydonida Turkiyaga 7 ta toʻp farqi bilan yutqazmasa, Jahon chempionatiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanma oladi.

Gruziya — Ispaniya 0:4

Gollar: Oyarsabal (11 pen., 63), Subimendi (22), Torres (34).

Gruziya — Gocholeyshvili, Lochoshvili, Goglichidze (Kashia, 46), Mamuchashvili, Tabatadze (Kvernadze, 57), Mekvabishvili (Sitaishvili, 71), Kiteishvili, Davitashvili (Abuashvili, 71), Zivzivadze (Kvilitaya, 71), Kvarasxeliya.

Ispaniya — Simon, Porro (Lyorente, 46), Kubarsi, Laport, Kukurelya, Merino (Fermin, 62), Subimendi, Ruis (Barrios, 62), Torres (Pino, 80), Baena, Oyarsabal (Iglesias, 71).

Turkiya kurashda davom etadi

Turkiya terma jamoasining hujum chizigʻi Jahon chempionati saralashida juda yaxshi ishladi. Turklar 5 ta oʻyinda raqiblari darvozasiga 15 ta gol kiritishni uddaladilar. Ammo jamoaning mudofaasi maqtaydigan ahvolda emas. Montella boshchiligidagi jamoa saralash davomida 10 ta gol oʻtkazib yuborganidan buni tushunish mumkin.

Aynan shu holat saralash yakuniga kelib Turkiyaning zarariga ishlamoqda. Jamoa soʻnggi turda Ispaniyani 5:0 yoki 6:0 hisoblari bilan magʻlub etsa ham mundialga yoʻl ola olmaydi. Turklarni faqat 7 ta gol farqi bilan qoʻlga kiritiladigan gʻalaba qanoatlantiradi.

Aslida ushbu turning oʻzida Montella boshchiligidagi jamoa mundialga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqariluvchi yoʻllanmadan mahrum boʻlishi mumkin edi. Ammo jamoa mazkur turda gʻalaba qozonishni uddaladi.

Bolgariyaga qarshi kechgan oʻyinning 18-daqiqasida hisob ochildi. “Inter” futbolchisi Haqan Chalhonoʻgʻli penaltidan hisobni ochdi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 83-daqiqasida Bolgariya terma jamoasi himoyachisi Atanas Chernev oʻz darvozasiga gol kiritib qoʻydi. Shu tariqa oʻyin Turkiyaning 2:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.

Turkiya — Bolgariya 2:0

Gollar: Chalhonoʻgʻli (18, pen.), Chernev (83, avtogol).

Turkiya — Chaqir, Chelik (Ayxan, 61; Karazor, 81), Demiral (Aqaydin, 46), Bardakchi, Kadivogʻli (Muldur, 61), Chalhonoʻgʻli, Yuksak, Aydin, Guler (Sari, 88), Yildiz, Akturkoʻgʻli.

Bolgariya — Mitov, Georgiyev, Dimitrov, Chernev, Petrov, Krastev, Gruyev, Krayev (Chochev, 72), Dimitrov (Petkov, 72), Rusev (Nikolov, 85), Despodov (Minchev, 63).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?