Qoʻshtepada koʻprik qurayotgan “Tolibon” va Bangladeshni boshqarayotgan Nobel sovrindori (+video)

19:42 07 Avgust 2024 Dunyo
246 0

HAMASning yangi siyosiy lideri Yahyo Sinvar kim?

HAMAS oʻzining Gʻazo rahbari Yahyo Sinvarni oʻtgan hafta Tehronda Isroil hujumida gumon qilinib oʻldirilgan Ismoil Haniyaning oʻrniga guruhning siyosiy rahbari etib tayinladi.

Falastin guruhining bayonoti seshanba kuni Yaqin Sharq boʻylab keskinlik avjiga chiqqan va Eron Haniyani oʻz hududida oʻldirgani uchun Isroildan qasos olishga vaʼda bergan paytda eʼlon qilindi.

Sinvar 7-oktyabr kuni Isroilga qarshi hujumga boshchilik qilgan. U endi harakatga Gʻazoning nomaʼlum joyidan turib boshchilik qiladi. Ammo Yahyo Sinvar yashiringan holda qanday qilib HAMAS xodimlari bilan muloqot qila olishi, harakatning siyosiy operatsiyalarini boshqarishi va oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha muzokaralarni nazorat qilishi nomaʼlumligicha qolmoqda. Isroil rasmiylari uni oʻldirish istagini yashirmadi.

1962-yilda Xon Yunisda tugʻilgan Sinvar koʻpincha HAMASning eng murosasiz yuqori lavozimli amaldorlaridan biri sifatida tasvirlanadi. U 1980-yillar boshida Gʻazodagi Islom universitetida ishgʻolga qarshi faollikdagi ishtiroki uchun Isroil tomonidan bir necha bor hibsga olingan. Oʻqishni tamomlagandan soʻng, u Isroilga qarshi qurolli qarshilik koʻrsatish uchun jangchilar tarmogʻini yaratishga yordam bergan. Guruh keyinchalik HAMASning harbiy qanoti boʻlgan Qassam brigadalariga aylanadi.

Sinvar Isroil askarlari tomonidan hibsga olinib, toʻrtta umrbod qamoq jazosiga tayinlangan. Bu taxminan 426-yillik jazoga tengdir. Sinvar 23-yilni Isroil qamoqxonasida oʻtkazib, u yerda ibroniy tilini, Isroil ishlari va ichki siyosatini oʻrgandi. U 2011-yilda HAMAS tomonidan asirga olingan isroillik askar Gilad Shalitning ozod etilishini koʻzda tutgan mahbuslar almashinuvi bitimi doirasida ozod qilingan edi.

Ozodlikka chiqqandan soʻng Sinvar tez orada HAMAS siyosiy elitasida yanada koʻtariladi. 2012-yilda u guruhning siyosiy byurosiga saylangan va unga Qassam brigadalari bilan muvofiqlashtirish vazifasi yuklangan.

U 2014-yilda Isroilning Gʻazoga qarshi yetti haftalik hujumi chogʻida yetakchi siyosiy va harbiy rol sifatida gavdalandi. Qoʻshma Shtatlar uni global terrorchi deb atagan. 2017-yilda Sinvar guruh siyosiy byurosi raisi etib saylangan Haniyaning oʻrniga Gʻazodagi HAMAS guruhining rahbarligiga keldi.

“Butun dunyo, xalqaro tashkilotlar xalqimiz yonida boʻlib, ishgʻolni jinoyat deb hisoblashgan, xalqimizni qirgʻin qilishdan toʻxtatishini kutgandik. Afsuski, dunyo buni kuzatib turdi”, — degan Isroilning qirgʻinlariga qattiq javob qaytaradigan Sinvar.

Qoʻshtepa kanalining ikkinchi bosqichida oltita yirik koʻprik quriladi

Afgʻoniston rasmiylari Qoʻshtepa kanali loyihasining ikkinchi bosqichi boʻylab oltita yirik koʻprik qurilishini maʼlum qildi. Ularning aytishicha, bu koʻpriklar kanal orqali oʻtadigan tuman va qishloqlarni bogʻlash uchun xizmat qiladi. Qoʻshtepa kanali loyihasi rahbariga koʻra, koʻpriklar Shoʻrtepa, Qarqin, Xamaab kabi tuman va shaharlarni bogʻlaydi. Shuningdek, loyiha har ikki tomondagi odamlarning ijtimoiy, iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashi kutilmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, Balx tumanidagi ushbu kanal boʻylab uchinchi koʻprik qurilishi davom etmoqda.

Ayni paytda Milliy taraqqiyot kompaniyasi tomonidan Qoʻshtepa kanalining birinchi bosqichi boʻylab ikkita yirik koʻprik foydalanishga topshirilgan.

Kanal qurilishi 2022-yil mart oyidan boshlangani aytiladi. 285 kilometrli kanal Amudaryo suvlarini burish orqali hosil boʻlmoqda. Tolibon bu orqali 550 ming gektar choʻlni qishloq xoʻjaligi uchun yaroqli yerlarga aylantirishni koʻzlagan. Tashabbus yiliga oʻrtacha 500 million dollar daromad keltirilishi aytilgan.

Harrisga oʻlim bilan tahdid qilishdi

AQSHdagi boʻlajak prezidentlik saylovlarida oʻz nomzodi bilan qatnashadigan demokrat Kamala Harrisga Virjiniyada oʻlim bilan tahdid qilishdi.

Virjiniyada yashovchi Frank Lusio Karillo vitse-prezident Kamala Harrisga nisbatan tahdid va poʻpisa qilganlikda ayblanmoqda. Karillo hozirda hibsga olingan va federal sudda koʻrsatma berishi kutilmoqda. Maʼlum boʻlishicha, u ijtimoiy platformada Harris va boshqa davlat amaldorlariga qarshi koʻplab tahdidlarni eʼlon qilib kelgan.

Sud maʼlumotlariga koʻra, Karillo turli amaldorlarga, jumladan, prezident Jo Bayden va FQB direktori Kristofer Reyga qarshi 4359 ta tahdidni eʼlon qilgan. Karillo oʻz postlarida tasviriy va zoʻravonlik soʻzlaridan foydalangan, ayniqsa, Harrisning koʻzlarini oʻyib olishi bilan tahdid qilgan.

Karilloning tahdidlari faqatgina siyosiy liderlargagina emas, balki islom dinidagi insonlarga ham qaratilgan boʻlib, u oʻzining islomofobik sharhlari va musulmonlarga qarshi zoʻravonlikka chaqiriqlari bilan ham tanilgan.

Muhammad Yunus Bangladesh muvaqqat hukumati rahbari etib tayinlandi

Sobiq bosh vazir Shayx Hasina isteʼfoga chiqib, chet elga qochib ketganidan keyin isyonchilar 84 yoshli Muhammad Yunusdan muvaqqat hukumatni boshqarishni soʻrashgan.

Muhammad Yunus 2006-yilda Nobel tinchlik mukofotini qoʻlga kiritdi. U asos solgan Grameen Bank Bangladeshning “iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti yoʻlidagi saʼy-harakatlari uchun” mukofotga loyiq topilgan. Yunus bank orqali qashshoq aholiga mikrokreditlar berishni yoʻlga qoʻygan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер