Qoʻshqanot madaniyat fidoiylari
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Nosir Fozilov tavalludining 90 yilligi hamda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli bolalar shoiri Tursunboy Adashboyevning 80 yilligiga bagʻishlangan xotira kechasi boʻlib oʻtdi. Unda Qozogʻiston, Qirgʻizistondan bir guruh madaniyat xodimlari, yozuvchi, shoirlar, adabiyotshunoslar ishtirok etdi.
Tadbirda adibning hayoti va ijodi haqida toʻxtalib oʻtildi. Nosir Fozilov qirgʻiz, qoraqalpoq tillaridan koʻplab asarlarni tarjima qilgan. Unga 1985-yilda “Shum bolaning nabiralari” kitobi uchun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Gʻ. Gʻulom nomidagi, 1986-yilda qozoq adabiyotidan qilgan tarjimalari uchun Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasining Bayimbet Maylin nomidagi, “Ustozlar davrasida” asari uchun Hamza nomidagi Davlat mukofotlari berilgan.
Oʻzbek bolalar adabiyotining shakllanishi va taraqqiyotida Tursunboy Adashboyev ham oʻzining serqirra ijodi bilan munosib hissa qoʻshgan. Xotira kechada soʻzga chiqqanlar shoir sheʼrlarining qahramonlari quvnoq, topqir, xayolkash, mehnatkash, aqlli bolalar, kichkintoylarga qisqa va loʻnda yozish, qissadan hissa chiqarish shoir ijodining muhim fazilatlaridan biri ekani taʼkidlab oʻtishdi.
– Tursunboy Adashboyev mohir tarjimon edi, – deydi Pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yoʻldoshev. – U avvalo, jahon bolalar sheʼriyatining koʻplab yetakchi namoyondalarining sheʼriy asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi. Bolalar adabiyotini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun 2001-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi. Shuningdek, oʻzbek va qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun “Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat arbobi” unvoni va “Manas” ordeni bilan ham mukofotlangan.
Tadbir soʻngida shoirning sheʼrlaridan oʻqildi.
Adiba UMIROVA, (“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring