Qonuniylik ustuvorligi va Konstitutsiyaviy sud masʼuliyati

16:54 30 Dekabr 2025 Jamiyat
290 0

Konstitutsiyaviy sud — bu davlat hokimiyati tizimida Konstitutsiyaning soʻzsiz ustuvorligini taʼminlaydigan, qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyotiga yoʻnalish beradigan, jamiyat taraqqiyotini huquqiy mezonlar asosida barqarorlashtiruvchi strategik institutdir. Shu maʼnoda oʻtkazilgan joriy yilning 30-dekabrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi majlisi mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikning holatiga xolis va tizimli baho bergan, davlat va jamiyat hayotida Konstitutsiya ustuvorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilgan muhim siyosiy-huquqiy voqea sifatida yuksak ahamiyat kasb etdi. Uni Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo Ulugʻbek Abdusalomov ochib, asosiy Qonunimizning hayotdagi amaliy taʼsiri va davlat islohotlaridagi oʻrni haqida fikrlarni ilgari surdi.

Yigʻilishda Oliy Majlis palatalari, Hukumat, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ombudsman va Bolalar ombudsmani, Adliya vazirligi hamda fuqarolik jamiyati va ilmiy doiralar vakillarining ishtirok etgani Konstitutsiyaviy sud qaror va xulosalarining umumdavlat ahamiyatiga ega ekanini yaqqol namoyon etdi.

Boʻlib oʻtgan majlisda 2025-yil davomida mamlakatimizda Konstitutsiya normalari va prinsiplarini hayotga tatbiq etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Konstitutsiyaviy sud axborotida qayd etilgan 20 ta ustuvor yoʻnalish davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, inson huquqlari, iqtisodiy erkinlik va ijtimoiy himoya sohalarini qamrab olgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

— Sud-huquq sohasidagi oʻzgarishlar konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi. Sud organlari faoliyatining yangi konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarga moslashtirilishi, tergov sudyalari institutining qonuniy asosda joriy etilishi odil sudlov kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qildi. Vakillik organlari maqomining mustahkamlanishi esa xalq irodasining davlat qarorlaridagi taʼsirini oshirishga qaratildi, — deya taʼkidladi rais Mirzo Ulugʻbek Abdusalomov yigʻilishdagi oʻz nutqida.

Fuqarolarning erkin harakatlanish, taʼlim olish, mehnat qilish huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilgan choralar Konstitutsiyada belgilangan inson qadri ustuvorligi prinsipining amaliy ifodasiga aylandi. Davlat xizmatiga kirishda teng huquqlilikni taʼminlash boʻyicha joriy etilgan standartlar adolat va ochiqlikka asoslangan boshqaruv tizimini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Maʼmuriy va jinoyat-protsessual sohadagi islohotlar insonparvarlik gʻoyalari bilan uygʻun holda amalga oshirildi. Ayrim maʼmuriy jazo choralarining qayta koʻrib chiqilishi, xususiy ayblov institutining joriy etilishi, gumon qilinuvchilarni tergov hibsxonasiga joylashtirishdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibining belgilanishi inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan konstitutsiyaviy yondashuvni aks ettirishini ham alohida aytib oʻtildi yigʻilishda.

— Dunyoviy davlat prinsipini roʻyobga chiqarish va vijdon erkinligi kafolatlarini taʼminlash yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar ham Konstitutsiya talablariga tayanadi, — deydi Konstitutsiyaviy sudning sudyasi Akmal Rahmanov. — Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining qabul qilinishi va uning ijrosi ustidan parlament nazoratining oʻrnatilishi huquq va erkinliklar muvozanatini saqlashga xizmat qilmoqda.

Iqtisodiy sohada bozor munosabatlarini rivojlantirish, tadbirkorlik erkinligini kafolatlash, uy-joy va ipoteka tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarorlar fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilishda muhim qadam boʻldi. “Yashil iqtisodiyot” tamoyillarining joriy etilishi esa ekologik xavfsizlik va barqaror taraqqiyot gʻoyalarini huquqiy asosda mustahkamladi.

Ijtimoiy himoya sohasida keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, yoshlar huquqlarini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar davlatning Konstitutsiyada belgilab olingan ijtimoiy majburiyatlariga sodiq ekanini koʻrsatdi. Bu jarayon inson manfaatlari davlat siyosatining markazida turganini anglatadi.

Konstitutsiyaviy sud tomonidan 2025-yilda 81 ta qonun va 386 ta normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi oʻrganilgani konstitutsiyaviy nazoratning samarali amalga oshirilayotganini tasdiqlaydi. Bu holat qonun ijodkorligi jarayonida asosiy Qonunimiz talablariga tayanish madaniyatini yanada mustahkamlaydi.

Axborotda ilgari surilgan takliflar kelgusi islohotlarning huquqiy yoʻnalishini belgilab berdi. Korrupsiyaga qarshi standartlarni kuchaytirish, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunlar qabul qilish amaliyotini jadallashtirish, inson huquqlarini cheklovchi normalar yuzasidan jamoatchilik nazoratini kengaytirishga oid tashabbuslar huquqiy davlat qurish maqsadiga xizmat qiladi.

Shuningdek, yigʻilishda Adliya vaziri Akbar Toshqulov, Oliy Sud raisi Baxtiyor Ismailov, Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev hamda milliy parlament aʼzolari oʻz chiqishlari bilan ishtirok etib, qonun ijodkorligi, sud-huquq amaliyoti va prokurorlik nazoratini Konstitutsiya talablari asosida takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ularning maʼruzalarida konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlashda davlat hokimiyati tarmoqlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini yanada samarali olib borish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi.

Yakunda Konstitutsiyaviy sud tomonidan mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axborot tasdiqlanib, Oliy Majlis palatalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilishi davlat hokimiyati tarmoqlari oʻrtasidagi huquqiy hamjihatlikni ifodalaydi. Bu qaror Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega hujjat sifatida davlat va jamiyat taraqqiyotini belgilab beruvchi asosiy mezon ekanini yana bir bor mustahkamladi.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?