Qonun ustuvorligi — oliy mezon

12:23 20 Iyun 2025 Jamiyat
253 0

Sudga odamlar adolat izlab keladi. Adolatli hukm chiqarilsa, fuqarolarning sudga boʻlgan ishonchi ortadi. Aksincha boʻlsa...

Darhaqiqat, jamiyatda adolat qaror topishida sud faqat qonunga suyanishi kerak. Ana shunda odamlar adolat deganda sudni, sud deganda adolatni tushunishadi. Oxirgi paytlarda sudlarga haqiqatni tiklash uchun keng imkoniyatlar yaratib berildi. Davlatimiz rahbari sud tizimiga aholining ishonchini oshirish vazifasini qoʻydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari — jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi Ikrom MUSLIMOV bilan mamlakat sud-huquq sohasidagi, jumladan, sudlarning mustaqilligi, odil sudlovga erishish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan suhbatlashdik.

— Ikrom Toʻxtamurodovich, Oʻzbekiston Oliy sudi yaqin oʻtmishda qatagʻonga uchragan, millat ravnaqi uchun xizmat qilgan yuzlab ajdodlarimizni oqladi. Ular orasida taniqli adib Abdulla Qodiriyning ham oqlangani tahsinga sazovor. Biz sudlov tizimining bunday zafarli va odil qarorini olqishlaymiz, albatta. Shu hukmni oʻqiyotganingizda qalbingizdan nimalar kechdi?

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yilning 8-oktyabrida “Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoyishidan keyin Oliy sud tomonidan qoʻzgʻolonchilik va aksilinqilobiy bosmachilik qilishda ayblanib, surgun etilgan, otilgan va mol-mulki musodara qilingan 1236 nafar qatagʻon qurbonlarining nomi oqlandi. Ularning aksariyati Surxondaryo, Buxoro, Samarqand va Fargʻona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpogʻistonda yashab faoliyat yuritgan. Oqlanganlar orasida Abdulla Qodiriy bilan birga 1925 — 1929-yillarda Oliy sud raisi lavozimida ishlagan Sagʻdulla Qosimov, “Osiyo Bonaparti” degan nom bilan mashhur boʻlgan Ibrohimbek Laqay kabi millatimiz oydinlari ham bor. Mazkur sud majlisida Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy tomonidan bobosining hukmi ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati koʻrib chiqildi. Adib 1926-yilda hukumat rahbarlarini obroʻsizlantirishda ayblangan va tergov jarayonlari oʻtkazilgan. Bunga “Mushtum” jurnalida chop etilgan “Yigʻindi gaplar” maqolasi sabab boʻlgan. Sud jarayonida Abdulla Qodiriy nohaq jinoiy javobgarlikka tortilgani isbotlanib, yozuvchi oqlandi.

Hukmni oʻqiyotganimda qalbimda qanday hissiyotlar oʻtganiga kelsak, u oqlov hukmi boʻladimi, ayblovmi, avvalambor bu mening vazifam ekanligini unutmasligim zarur. Albatta, aybsiz ayblangan shaxsga nisbatan oqlov hukmi eʼlon qilishda nafaqat men, balki har bir sudya adolat oʻrnatganidan faxrlanadi. Kasbi qanchalik sharafli, shu bilan bir qatorda, masʼuliyatli ekanini his qiladi.

— Professional sudlarda oqlovlar kam boʻladi. Siz uchun oqlov hukmlarining koʻpligi nimani anglatadi?

— Umuman, hozir ham oqlov hukmlari kamaymagan, 2024-yilda 402 ta jinoyat ishi doirasida 723 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi. Yana 1899 nafar shaxs qisman oqlanib, 4372 nafar shaxsning ayblovidan ortiqcha moddalar chiqarib tashlandi. Buyam qisman oqlov hisoblanadi. Bu yerda biz adolatning ajralmas boʻlagi, sud jarayonining bir qismi boʻlgan sud qarorlari boʻyicha protsessual shikoyatlar mavjudligini tushunishimiz kerak. Yaʼni fuqarolardan kelib tushgan shikoyatlar yuqori sudlar tomonidan koʻrib chiqiladi va shikoyat asosli boʻlsa, sud qarorlari oʻzgartiriladi. Nazarimda, oqlov hukmi ortishi bilan faxrlanish toʻgʻri emas. Aybsizlik prezumpsiyasi shunchaki deklarativ norma boʻlib qolmasdan amaliyotda ishlashi lozim. Qonunlar ishlamasa, bir parcha qogʻoz boʻlib qolaveradi. Sud muhokamasi chogʻida bir necha yodlangan qonun bandlarini oʻqib chiqishning oʻzi kifoya qilmaydi. Menga qolsa, birorta ham oqlov hukmi boʻlishi kerak emas. Chunki har bir oqlov hukmning ortida asossiz ayblov, adolatsiz qarorlar yotadi. Shaxs oqlangunicha uning yaqinlari boshidan oʻtkazgan ruhiy iztiroblarini aytmasak ham boʻladi. Shu nuqtayi nazardan, shaxs sodir etmagan jinoyati uchun asossiz ravishda ayblanmasligini taʼminlash maqsadida dastlabki tergov sifatini oshirishga katta ahamiyat qaratish lozim, deb hisoblayman.

— Siz “Sudlar tomonidan jazoni yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olgan holda jazo tayinlash muammolari” mavzuida huquq boʻyicha falsafa doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgansiz. Ham olim, ham sudya sifatida qanday qarorlarni qabul qilish qiyin kechadi?

— Umrbod ozodlikdan mahrum etish favqulodda jazo chorasi hisoblanib, ushbu jazoning Jinoyat kodeksida faqatgina javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (97-modda 2-qismi) hamda terrorizm (155-modda) jinoyatlari uchun qoʻllanishi mumkinligi nazarda tutilgan. Shu sababli ham nafaqat umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini qoʻllash, balki ushbu jazoga loyiq jinoyat ishlarini koʻrish har bir sudyadan yuksak masʼuliyat talab etadi. Lekin umumlashtirib aytganda, sudya uchun ishning ogʻir va yengili boʻlishi mumkin emas. Agar sudlar ishni toifalarga ajratsa, unga qarab ishni koʻrishga boʻlgan munosabati oʻzgaradi, pirovardida sudyaning ishga boʻlgan yondashuvi toifalanib adolat mezoni yoʻqolishiga olib keladi.

Shu bois har bir sudya ishni koʻrishga puxta tayyorlanishi, qonunlarni qoʻllashda adashmasligi lozim. Buning uchun esa sudya oʻz ustida tinimsiz ishlashi, jumladan, sud amaliyotini tahlil qilish orqali tajribasini oshirib borishi lozim.

— Keyingi yillarda mustaqil sud tizimini taʼminlaydigan, har birining zamirida xolislik, adolat va insonparvarlik tamoyillari mujassam koʻplab qonun hujjatlari qabul qilindi. Endi bunga amalda qanday erishish va uni saqlab qolish mumkin?

— Oʻtgan davrda qonun ustuvorligi bilan boshqariladigan demokratik davlatni yaratishning muhim tarkibiy qismi boʻlgan sud-huquq tizimini shakllantirish uchun yetmishga yaqin qonun, Farmon va qarorlar qabul qilindi. Sudlarga qoʻshimcha shtatlar ajratilib, tergov sudyasi lavozimi joriy etildi. Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi, Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslari, “Sudlar toʻgʻrisida”gi, “Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi, “Konstitutsiyaviy sud toʻgʻrisida”gi qonunlar yangi tahrirda imzolandi. Sudlarning jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy ishlar boʻyicha ixtisoslashuvi amalga oshirildi. Sud ishlarini apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida qayta koʻrib chiqish institutlari amaliyotga kiritildi. Tergov va surishtiruv, odamlarni hibsga olish va ishlarni sudlarda koʻrib chiqish muddatlari sezilarli darajada qisqartirildi. Oʻlim jazosi jazo tizimidan chiqarilib, hibsga olish uchun sanksiya berish, qolaversa, inson huquqini cheklash va majburlov choralarini qoʻllash masalalari sudlarga oʻtkazildi. Endi sud va sudyalar zimmasida faqat adolatni yuzaga chiqarishdek ulkan vazifa qoldi.

Oʻz tajribamdan kelib chiqib, ishonch bilan ayta olamanki, bugungi kunda xolis, adolatli qarorlar qabul qilishda biz, sudyalar uchun biror-bir huquqiy yoki boshqa toʻsiqlar qolmadi. Bizning sohamizda yetti oʻlchab bir kesish emas, kerak boʻlsa, yetmish oʻlchab bir kesish zarur. Odamlarning sud tizimiga ishonchi sudya chiqargan qarorning qonuniy va adolatliligiga koʻp jihatdan bogʻliq. Agar juzʼiy qonunbuzarlikka yoʻl qoʻyilsa, bu ommaviy tus olishi mumkin. Shu bois ham sudyalarning faqat bitta xoʻjayini boʻlishi mumkin — u ham boʻlsa qonun.

“Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasida sudyalar mustaqil ekanligi, ular faqat qonunga boʻysunishi, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi, bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi belgilab qoʻyilganligi ham bejiz emas. Barcha sudlarda ishlar ochiq koʻriladi. Ishlarni yopiq majlisda koʻrib chiqish ham faqat qonunda belgilangan hollarda yoʻl qoʻyilishi mumkin. Bugun nafaqat yurtdoshlarimiz, chet ellik fuqarolar yo fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham hayoti, shaʼni va qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi, mol-mulki, huquq va manfaatlarini sudda samarali himoya qilish imkoniyatiga ega. Buni har yili sudga kelib tushgan murojaatlar sonidan ham bilish mumkin. Fuqarolarning sudga tez-tez murojaat qilayotgani ularning sud tizimiga ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi. Bu ishonchni oshirish Oliy sudning va mamlakatimizdagi butun sud tizimining asosiy vazifasi hisoblanadi.

Eʼtiborlisi, sudlarning mustaqilligi, ular faoliyatining shaffofligi va qabul qilingan qarorlarning qonuniy, asosli hamda adolatli boʻlishi davlatimizning dunyo hamjamiyatidagi nufuzi hamda investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini unutmasligimiz zarur.

— Yiliga oʻrtacha qancha sud ishlari koʻrib chiqiladi? Siz uchun eng qiyin jarayon qaysi biri?..

— Respublika boʻyicha yiliga oʻrtacha 50 — 60 mingta jinoyat ishi, 120 ming atrofida sanksiya va materiallar hamda 600 mingdan ortiq maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib tamomlanadi. Eng qiyin jarayonga kelsak, jinoyat ishini oʻrganishdan tortib, qaror qabul qilguncha boʻlgan har bir jarayonning oʻz qiyinchiliklari bor. Ayrim hollarda sudyalar yuzlab jild jinoyat ishlarini oʻrganib, mingdan ortiq taraflarni sud majlisiga chaqirishiga toʻgʻri keladi. Sud majlisiga kelgan har bir taraf va guvohlarning koʻrsatmalarini eshitish, ularni sud majlisi bayonnomasiga qayd qilib borish bilan bir qatorda, ularga ichki ishonchidan kelib chiqqan holda baho berishning mashaqqatini tasavvur etavering. Shunga qaramay baribir qaror qabul qilish jarayoni eng mashaqqatlisi. Chunki unda inson taqdiriga aloqador ulkan masʼuliyat yotibdi.

— Sudyalar ishini yengillashtirish uchun qanday texnik yangiliklardan foydalanilmoqda?

— Sud tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida olib borilayotgan islohotlarni alohida aytsak arziydi. Sud tizimining raqamlashtirilishi natijasida fuqarolarga sudlarga masofadan turib murojaat yoʻllash, kerakli maʼlumotlarning fuqaroni ovora qilmasdan sudya tomonidan tegishli idoralardan elektron shaklda olinishi, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimi orqali ishtirok etish kabi qulayliklar yaratildi. Shuningdek, jarayon ishtirokchilari SMS — xabarnomalardan foydalanadi. Hatto sud chaqiruv qogʻozlari ham asta-sekin oʻtmishga aylanib bormoqda. Fuqarolar sudga hujjatlarini eski uslubda yoki onlayn tarzda topshirishi mumkin. Fuqarolik ishlari boʻyicha sud majlislarining yozma bayonnomalari oʻrnini audioyozuvlar egallamoqda. Audioyozuv sud jarayonida yozib olishning asosiy vositasi boʻlib, yozma bayonnoma faqat qoʻshimcha hisoblanadi. Bularning barchasi bizni besamar tartiblardan, sudlar vaqtining katta qismini egallaydigan, lekin amalda har doim ham talab qilinavermaydigan hujjatlar oqimi — qogʻozbozlikdan xalos etdi.

Prezidentimiz tomonidan sud tizimiga sunʼiy intellektni joriy qilish toʻgʻrisida belgilab berilgan vazifalar odil sudlov sifatini yangi bosqichga olib chiqadi. Ayniqsa, sunʼiy intellekt yordamida fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatilishi, sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlari aniqlab berilishi va shu kabi boshqa bir qator qulayliklarning yaratilishi, sud sohasidagi barcha kutgan oʻzgarishlardan biri deb hisoblayman. Bu islohotlar orqali sudlar faoliyatining xalqaro standartlar va rivojlangan davlatlar ilgʻor yutuqlari darajasida yanada ochiq hamda shaffof boʻlishi taʼminlanadi.

— Nima deb oʻylaysiz, boshqa mamlakatlarga qaraganda, bizda sudga berish arzonmi? Deylik, odamlar yillab sudga qatnaydi va umuman, hamma masalalarni sud orqali hal etishi toʻgʻrimi? Bu oʻzining ham, oʻzganing ham vaqtini olish degani emasmi?

— Sud xarajatlari sudga boʻlar-boʻlmas murojaatlarni tiyib turuvchi omil. Maqsad fuqarolarning pulini olish emas. Koʻtarilgan masala sud faoliyatiga doir dolzarb masalalardan hisoblanadi. Buning negizida sudyalarning yildan-yilga ortib borayotgan ish hajmi boʻlib, uning oʻsib borish sabablarini oʻrganish, ish hajmini kamaytirish, masalaga doir qonunchilik asoslarini takomillashtirish yuzasidan Oliy sud tomonidan tizimli tahliliy ishlar olib borilmoqda.

Bu borada, albatta, savolingizdagi sud xarajatlari masalasi ham alohida oʻrin olgan. Huquq nazariyasida sudga murojaat qilish chogʻida davlat boji toʻlanishi zaruriy shartlardan biri hisoblanadi. Uning miqdori, oddiy qilib aytganda, qiymati koʻtarilgan masalaga qarab, ayrim daʼvo turlari boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining baravariga, ayrim turlar boʻyicha esa undirilishi soʻralayotgan miqdorning foiziga nisbatan belgilanadi. Lekin davlat bojiga nisbatan oʻrnatilgan bunday tartib oʻzining haq-huquqini talab etadigan shaxs uchun sudlarga murojaat qilish uchun hech qachon toʻsqinlik hisoblanmagan. Ayniqsa, fuqarolik va iqtisodiy ishlar boʻyicha toʻlanayotgan davlat bojlarini, shu jumladan, chet el valyutada kam, yaʼni aytganingizdek, arzon deb boʻlmaydi.

Sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan amalga oshirilishi Konstitutsiyamizning 140-moddasida mustahkamlangan. Bunday holat Davlat byudjeti shakllanishiga, yaʼni undirilayotgan davlat bojining miqdoriga va tushumiga doir masalalar sudlarni qiziqtirmasligidan dalolat beradi.

Amalga oshirilayotgan tahlillar, mamlakatimizda izchillik bilan yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida olib borilayotgan sud-huquq islohotlari davomida, jumladan, aholining huquqiy savodxonligini oshirish borasida keng koʻlamli ishlar uddalanmoqda. Xususan, odil sudlovga erishish imkoniyatlari yanada kengaytirilmoqda. Ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib, sudlarga murojaat qilish holatlari koʻpayishi boshqa rivojlangan mamlakatlar singari aholining sudlarga boʻlgan ishonchi tobora ortayotganligidan dalolat.

Fikrimizcha, Gʻarb davlatlari singari odil sudlovni qimmatlashtirish oʻrniga davlat rahbarining tashabbusiga muvofiq, odil sudlovga “sunʼiy intellekt”ni keng joriy qilish yoʻli bilan sudyalarning ish hajmini kamaytirsa boʻladi. Hozirda bu borada Oliy sudda qizgʻin ishlar bajarilyapti, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda.

— Suhbatimiz yakunida tajribangizdan kelib chiqib, yosh sudyalarga nimalarni maslahat berasiz? Oʻqish davomida ular koʻproq nimalarga eʼtibor qaratishlari kerak?

— Yosh sudyalar, avvalo, tanlagan kasbining masʼuliyatini anglab yetishlari lozim. Sud qarorlariga qoʻyiladigan uchta talab bor. Bu — qonuniy, asosli va adolatli boʻlish. Har qanday qarorni qabul qilishda sudyalar ushbu uchta tamoyilga mos yoki yoʻqligini chuqur oʻlchab koʻrishlari kerak, deb oʻylayman.

Yosh sudyalarga yana bir tavsiyam: yuridik adabiyotlardan tashqari badiiy asarlarni ham oʻqib turish faqat foyda keltiradi. Badiiy asarlar, birinchidan, soʻz boyligini oshiradi, ikkinchidan, qalbni yumshatadi, dunyoqarashni kengaytiradi. Yosh sudya uchun esa eng asosiy qurollardan biri, bu — soʻz. Qolaversa, sudyalik kasbi uchun uygʻoq qalb kerak.

Suhbatdosh: Adiba UMIROVA

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер