Qonli oktabrning mudhish varaqlarida oʻzbek jadidlarining sochilgan tanasi yoxud Stalinning qatagʻon mashinasi qancha oʻzbekning yostigʻini quritgan

21:01 04 Oktyabr 2021 Madaniyat
1697 0

1938-yil 4 oktabr – Oʻzbekiston tarixidagi eng ayanchli yoʻqotishlardan biri hisoblanadi. Aynan shu kuni xalqning eng buyuk shaxslari, ziyoli olimlari hamda davlat arboblaridan bir guruhi Stalin qatagʻon mashinasining qurboniga aylangan.

Oʻzbekistonda mudhish “katta terror” operatsiyasi 1937-yil 10-avgustdan boshlangan. 1937-yil 2-iyulda VKP(b) Markaziy Komiteti Siyosiy byurosining “Sovetlarga qarshi unsurlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Bu hujjat “katta terror” davridagi keng qamrovli qatagʻon operatsiyalarini oʻtkazish uchun yoʻl ochib berdi. Ushbu qaror asosida NKVDning 00447 sonli “Kuloqlar toʻgʻrisida”gi buyrugʻi tayyorlangan. 1937-yilning avgustida NKVDning milliy operatsiyalar oʻtkazish boʻyicha yana bir qancha buyruqlari qabul qilindi. Ana shu qarorlarda 1937-1938-yillardagi qatagʻon qilinadiganlar soni deyarli 350 ming kishiga koʻpaytirilishi koʻzda tutilgan. 1937-yil 10-avgustdan 1938-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston boʻyicha faqat sobiq “quloqlar”dan 5 ming 925 kishi, jinoyatchilardan 1 ming 679 kishi, “sovetlarga qarshi unsurlar”dan 3 ming 97 kishi, jami 10 ming 700 kishi qamoqqa olingan. Ulardan 3 ming 613 kishi (1-toifa) otuvga, 7 ming 87 kishi (2-toifa) 8-10 yil muddat bilan qamoq jazosiga, GULAG, mehnat, tuzatuv lagerlariga surgun qilingan.

1938-yil 4-14-oktabr kunlari Toshkentda SSSR Oliy sudi Harbiy Kollegiyasining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Unda Oʻzbekistonning taniqli davlat, hukumat, vazirliklar xodimlari, partiya va sovet organlari rahbarlari, olimlar, yozuvchilar, shoirlar, jurnalistlar va boshqa sohadagi rahbar xodimlardan 500 ga yaqini oʻlim hamda 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Qatagʻon qilinganlarning shaxsiy ishlari Oʻzbekiston Ishchi ishlar xalq komissarligi va Davlat xavfsizlik boʻlimida qoldirilgan. Ana shu 500 oʻzbekistonlik haqidagi hukm bayonnomalari hozirda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati arxivida saqlanmoqda.

SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi qarori bilan ushbu kun otuvga hukm qilinganlar orasida Abdurauf Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Gʻozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Xudoybergan Devonov, Rahim Inogʻomov, Usmon Eshonxoʻjayev, Rustam Islomov, Fayzulla Rahimboyev, Akbar Islomov, Saʼdullaxoʻja Tursunxoʻjayev kabi shaxslar boʻlgan.

Stalin vafotidan keyin, 1956-yili KPSS Markaziy Komiteti Siyosiy byurosi huzurida 1937–1938-yillardagi “katta terror”da qatagʻon qilinganlarni qayta tekshirish boʻyicha komissiya tuzilgan. Komissiya aʼzoligiga Oʻzbekistondan 2 kishi – N.A.Muhitdinov hamda akademik, yurist Xadicha Sulaymonova kiritilgan. Ular Oʻzbekiston boʻyicha qatagʻon qilinganlarning oqlanishida ulkan xizmatlar koʻrsatgan. Bu ikki yurtdoshimizning qilgan saʼy-harakatlari hali tarixchilarimiz oldida turgan ulkan vazifalardan biridir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?