Qoʻli tekkan nihol oʻsadi

15:37 12 Iyun 2025 Jamiyat
96 0

Toʻraqoʻrgʻonlik Usmonjon Fozilov shunday bogʻbonki, uni qoʻli tekkan nihol oʻsadi, azim daraxtga aylanib meva beradi. Sevgan mashgʻuloti yer bilan tillashish, qalbi tabiatga oshufta. Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Shohidon nurli diyor massividagi chuqurlig-u adirliklarni tekislab yaratgan bogʻlari hosilining koʻpligidan qaddini koʻtarolmaydi.

— Chinakam moʻjiza boʻlib koʻringan bu ovloq yerlar ilgari qoʻrqinchli, hatto vahimali, tashlandiq edi. Maxsus texnikalar yordamida tekislab, mevali daraxtlar ekdik, — deydi usta bogʻbon. — 2020-yilda 10 gektar yerda ekilgan 2500 tup oʻrik, shaftoli koʻchatlari azim daraxtlarga aylandi. Toʻraqoʻrgʻon iqlimi, tabiati betakror. Ozgina mehr berib imkoniyatlarni ishga solsa, kutilgan natijadan koʻproq baraka beradi. Avvalida oʻz mablagʻimizdan bu bogʻlarni yaratish uchun 2 milliard 500 million soʻm mablagʻ sarfladik. Hozirda 230 gektarning 119 gektari foydalanishga tayyor. Toʻgʻri, suv muammosi bor edi, ammo buning ham qalovini topdik. Yaqin atrofdagi kanaldan nasoslar yordamida bir kilometr masofaga 60 metr balandlikda suv tarmogʻini tortdik. Mazkur sugʻorish tizimi oʻta tejamkor. Oʻtgan yildan boshlab hosil olishni boshladik. Mahallamizdagi oʻn nafar kishining doimiy bandligini taʼminlandi. Oʻttiz nafari mavsumiy ishlarga jalb qilindi.

Yetarli bilim va tajriba ega bogʻbon toʻrt faslda ham tinmaydi. Ayni paytda oʻrik, gilos, olxoʻri va shaftolizorlarining maydoni 60 gektardan ortdi. Olti gektar uzumzorida “roʻzimat”, “shohona”, “husayni”, “damskiy palochka” navlarni parvarishlamoqda. Turkiyadan keltirilgan “vanderkot”, “yuna”, “svet arena”, “fantaziya” va “maygres” kabi serhosil navlar ham hosilga kirish arafasida. Mahsulotlari xorijga eksport qilinmoqda.

— Mahsulotlarimiz xalqaro talablarga javob bergani uchun xaridorgir, — dedi Usmonjon ota. — Oʻtgan yildan ilk hosil olgan boʻlsak-da, bu yil 12,5 tonna oʻrikni eksport qildik. Bu 30 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Talab va zaruriyatdan kelib chiqib mahsulot eksportini yanada rivojlantirish maqsadida 6 gektar maydonda barcha servis turlarini oʻzida jamlagan 5 million dollarlik Namangan viloyati miqyosidagi logistika markazini qurish loyihasini tayyorlayapmiz. Mazkur zamonaviy majmuaning elektr energiyasi toʻliq quyosh panellari hisobiga qoplanadi.

Usmon ota qoʻshni qishloqdagilar uchun ham ibratli ishlarni qilmoqda. Xilvat yerlarni oʻzlashtirib ularga yordam berishni yaxshi koʻradi. Bogʻlaridan ishbilarmonlarning qadami uzilmaydi. Bogʻbon har kimning uyida moʻjazgina bogʻi boʻlishini orzu qiladi. Koʻplab koʻchatlarni savob uchun qoʻshnilariga tarqatadi.

Muhiddin MAGʻZUMOV,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер