“Qoch, oʻrtakash kelyapti...”

15:51 07 Fevral 2025 Jamiyat
267 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Insonning orzu-havaslari chegara bilmaydi. Bitta orzusi ushalsa, ikkinchisining ortidan quvadi. Qarabsizki, hoy-u havaslar bir-biriga ulanib ketaveradi. Afsuski, bugun oʻtkazilayotgan toʻylarda yo mezbonlarning maʼnaviyati gʻovlagan, yo manmanlikka berilayotgani koʻngilni xira qiladi. Shulardan biri “qistir-qistir”lardir.

Keyingi paytlarda toʻy egalarining “bosh ogʻrigʻi”ga aylangan boshlovchilik — oʻrtakashlik xizmati maʼnaviy sayozlikning mumtozlik darajasiga chiqdi. Tabiiyki, toʻyga chaqirilgan mehmon xonadon sohibiga atagan sovgʻasi yoki toʻyonasini oldindan beradi. Ammo toʻy dasturxonida xotirjam bazm tomosha qilish, qadrdonlar davrasida ikki ogʻiz suhbatlashish imkoni yoʻq. Avvalo toʻylardagi musiqa tovushining belgilangan meʼyordan balandligi asab tizimimizga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu payt boshlovchi va raqqosalar oʻz “mahorati”, toʻgʻrirogʻi, yuzsizligini namoyon etadi. Ular uchun toʻy egalarining qarindoshlari, hamkasblari oʻziga xos pul manbai. Toʻy egalarining qarindoshlarini davraga chorlaydi. Peshona teri bilan pul topgan odam pulini shu tarzda havoga sovurgisi kelmaydi. Ammo davradagi “qistir-qistir”larni koʻrib, boshqalar ham choʻntak kovlashga majbur boʻladi. Raqqosalar dasta-dasta pulni hovuchlab, har xil maqomda xirom aylaydi. Musiqa tugashi bilan oʻrtakash imkon qadar koʻproq soʻz beradi. Keksalarni davraga chaqirib, hamkasblar jamoasini majburlab oʻyinga tushiradi Ajablanarlisi, qoʻshiq soʻzga chiqqan odamning raqsi bilan tugaydi. Boshlovchi tezda keyingi mehmonni davraga chaqiradi. Boʻyogʻi davrada oʻtirganlar uchun ham azobga aylanadi: bir piyola choyni xotirjam icholmaysiz. Chunki soʻz soʻzga ulanib, barchasiga boʻlmasa-da, davradoshlar oʻrtasida uyalib qolmaslik uchun tez-tez “qistir-qistir”larga chiqib turishga majbursiz. Shu toʻylarda qatnashayotgan madaniyat ahli ham bu holatga beparvo qarab turadi. Bunday paytda boshlovchilar va sanʼatkorlar bosar-tusarini bilmaganlarni oʻrtaga chiqarib, bor pulini shilib oladi.

Tibbiyotimizda pul eng koʻp mikrob tarqatuvchi vositaligi eʼtirof etiladi. Lekin sanʼatkorlar, boshlovchilar, raqqosalarga buning farqi yoʻq. Toʻyda ixtiyoriy-majburiy tarzda ularning manfaati uchun harakat qilishingizga toʻgʻri keladi. Qoʻldan qoʻlga oʻtib yuradigan kir pulni qistirib kelgach, yana shu qoʻl bilan ovqat yeyishadi. Toʻyxonada koʻtarilgan chang, xizmat koʻrsatish jarayonida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik hech kimni qiziqtirmaydi.

— Keyingi paytda ortiqcha asabbuzarliklar sababli toʻy bazmlariga borishga bezillab qoldim, — deydi Fargʻona davlat universiteti oʻqituvchisi Hikmatillo Doʻstmatov. — Boisi udumlarimiz bilan bogʻliq goʻzal qadriyatlarimiz unutilib bormoqda. Toʻylarimiz aksariyat hollarda behayolik, orsizlik, madaniyatsizlik, jamiyatdagi odob-axloq qoidalarini mensimaslik tadbiriga aylanib ulgurdi. Baʼzan dasturxon atrofida oʻtirganda oldindan hech bir ogohlantirishsiz boshlovchi soʻz beradi. Ikki ogʻiz iliq fikr aytib, biror musiqaga oʻynab berishingiz shart. Baʼzan kasb taqozosi yoki yosh-u keksalar oʻrtasida raqs tushish noqulay. Ammo boshlovchi va sozandalar bunga koʻnmaydi. Boshlovchi qoʻlingdan tortib, davraga olib chiqadi. Oʻzi bir chetda “qani, bir hunaringni koʻraylik-chi” degandek kuzatib turadi. Agar “qistir-qistir”lar avj olsa, sanʼatkorlarning ilhomi yanada joʻshadi. Aks holda boshlovchi yangi “oʻlja” ilinjida davra aylanadi.

Toʻgʻri, toʻylarimizni yuksak did va madaniyat bilan olib boradigan boshlovchilar kino, teatr aktyorlari, boshqa taniqli chehralar ham bor. Ammo ular barmoq bilan sanoqli. Aksariyat xizmatlar toʻy egalari tomonidan tanlangan “koʻcha” boshlovchilariga qolgan. Ularning oʻzi xon, koʻlankasi maydon...

Shubhasiz, toʻy xalqimizning maʼnaviyati, milliy qadriyat va anʼanalari koʻzgusi hisoblanadi. Toʻy va tantanalarda qatnashish orqali bir-birimizga boʻlgan oʻzaro hurmat va eʼtiborimizni namoyish etamiz. Agar tanadagi kichik bir yara vaqtida davolanmasa, u kuni kelib maddaga aylanadi. Toʻylar bilan bogʻliq bunday kichik koʻngilsizlar bilan vaqtida kurashilmasa, oqibati jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Dono xalqimiz topib aytgan: “soʻnggi pushaymon — oʻzingga dushman”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер