Qishloq tibbiyoti qachon oʻnglanadi?

13:44 08 Iyul 2025 Jamiyat
184 0

Achchiq, ammo ochiq gaplar 

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Ayniqsa, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlardan aholi rozi emas. Tumandagi “Oʻzbekiston” poliklinikasiga 7 ta mahalla biriktirilgan. Lekin 6 nafar oilaviy shifokor 9 ta shtatni band qilib, yuklamani eplay olmayapti. Bu poliklinikada yana 6 ta vrach shtati boʻsh. Kafolatlangan paketga zarurati puxta oʻylanmasdan 90 turdagi dori kiritilgani bois poliklinikaga buning yarmi ham kelmayapti. Poliklinikadagi laboratoriya tahlilini birorta shifoxona tan olmaydi. Eng koʻp murojaat bolalar kasalliklariga toʻgʻri kelgani bois oilaviy shifokorlarda koʻnikma yetishmagani uchun ular pediatr vazifasini toʻliq bajara olmayapti. Tugʻruq yoshidagi 9 ming ayolga bor-yoʻgʻi 1,5 stavka ginekolog shtati berilgan. Aholining 35 foizi yurak-qon tomir, qandli diabet, oshqozon-ichak kabi surunkali kasalliklarga chalingan. Bunday kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilish va asoratlarini kamaytirish boʻyicha tibbiyot brigadalarining ishi koʻrinmayapti.

Mamlakatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan yigʻilishdan soʻng qishloq tibbiyoti viloyat shifoxonalariga oʻrnak boʻlishi uchun yangi tizim asosida tumandagi birlamchi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasi, tibbiy jihozlar taʼminoti, bino va inshootlar toʻliq xatlovdan oʻtkazildi. Tumandagi 62 ta mahallada yashovchi qariyb 282 ming nafar aholi xatlov qilinib, “mahalla profili” shakllantirildi. 3 — 18 yoshli oʻgʻil-qizlar onkogematologik, fertil yoshidagi ayollar perinatal va bachadon boʻyni saratoni, 40 va undan katta yoshdagi aholi kardiologik hamda qandli diabet skriningidan oʻtkazilishiga alohida eʼtibor qaratilayotir. Har bir mahallaga Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-oʻqituvchilari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari viloyat filiallari va tuman, shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari masʼul qilindi.

— Oʻttiz besh yildan beri birlamchi tizimda faoliyat koʻrsataman. Doim oilaviy shifokor tanqisligi kuzatilgan, — deydi Ishtixon tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Bahodir Abdurazzoqov. — Bunga sabab yarim stavkada ishlaydigan shifokorlar mavjudligi, oylik maoshlarning kamligi, qogʻozbozlik va ish yuklamasining koʻpligidir. Bugungi kunda 105 nafar oilaviy shifokor shtati boʻlgan tumanimizda 60 nafar umumamaliyot shifokori faoliyat koʻrsatmoqda. Qolaversa, ushbu oilaviy shifokorlarning 50 foizi nafaqa yoshidagi xodimlar sanaladi. Boshqa ilojimiz ham yoʻq, yoshlarni bu tizimda ishlashga majbur etolmaymiz. Hatto bitiruvchilar ham bir-ikki yil ishlagach, shifoxonalarga oʻtib ketadi. Birlamchi tibbiyot toʻla maʼnoda aholi salomatligiga masʼul. Shu bois tumanimizda 17 ta oilaviy shifokorlik punkti, 4 ta oilaviy poliklinika maqbullashtirilayotganini eshitib xursand boʻldik. Endilikda hududda 12 mingdan koʻp aholiga xizmat qiladigan 7 ta poliklinika faoliyat koʻrsatib, qolgan 27 tasi kichik poliklinika sifatida qaytadan tashkil etiladi. Tuman markaziy koʻp tarmoqli poliklinikasi tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika boʻlimiga aylantirilmoqda. Bu uzoq kutilgan yangilik.

Albatta, ijobiy natijalardan aholi minnatdor, ammo birlamchi tibbiy-sanitariya yordamida yangi mexanizmlar joriy etish hamon oqsayapti. Masalan, tajriba-sinov oʻtkazilayotgan Samarqand shahri, Bulungʻur va Ishtixon tumanlarida 9 turdagi axborot-kommunikatsiya jihozlari va tarmoq qurilmalari bilan taʼminlash boʻyicha biror amaliy ish boshlanmagan. Bugungi kunda Samarqand viloyatida 41 ta shifoxona, 16 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, 70 ta oilaviy poliklinika, 164 ta oilaviy shifokorlik punkti, 700 ta xususiy klinika hamda 250 ta mahalla tibbiyot punkti orqali aholiga tibbiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Sogʻliqni saqlash tizimidagi ayrim koʻrsatkichlar tahlili natijasida qator tumanlarda belgilangan vazifalar yetarli darajada ijro etilmagani bilan bogʻliq muammolar aniqlangan.

Jumladan, joriy yil yakuniga qadar viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalarining taʼmirtalab boʻlgan 262 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasida taʼmirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan boʻlib, hozirgi kunga qadar 39 tasi taʼmirlangan. Ayniqsa, Kattaqoʻrgʻon, Ishtixon, Pastdargʻom, Urgut va boshqa qator tumanlarda bu ishlarni amalga oshirishda kamchiliklar kuzatilmoqda. “Tibbiyotda 90 kunlik oʻzgarishlar vaqti” dasturi boʻyicha tuman-shaharlarda amalga oshiriladigan 6 ta yoʻnalishdagi ishlar uchun 22,7 mlrd. soʻm ajratilishi belgilangan. Bugunga qadar 3,1 mlrd. soʻm yoki 14 foiz mablagʻ ajratilgan, xolos. Albatta, bu mutasaddilardan sohada olib borilayotgan islohotlarga yanada masʼuliyat bilan yondashishni talab etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?