Qishga tayyormisiz?

Said DONISHEV/“Xalq soʻzi”. Ikki kun yoqqan yomgʻir va uning ortidan kelgan biroz past harorat koʻpchilikni sergak torttirib qoʻygani bor gap. Toʻgʻrida, oldingi yillari kuz-qish davrining ancha ogʻir kelganligi, barchamizni tashvishga solib qoʻyganligi, soha xodimlarining mavsumga oʻz vaqtida puxta hozirlik koʻrmaganliklari hali yodimizdan koʻtarilganicha yoʻq.
Xoʻsh, bu yil kuz-qish mavsumiga qanday tayyorgarlik koʻrildi, uni muammolarga duch kelmasdan oʻtkaza olamizmi? Savollarga Jizzax viloyati misolida javob izlab koʻramiz.
Viloyatda 2307 ta koʻp kvartirali uylarga 32 ta boshqaruv kompaniyalari, 141 ta uy-joylarga esa boshqa idora va tashkilotlar tomonidan xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida 145 ta uylarda mulkdorlar mablagʻi hisobidan ish turlariga koʻra qariyb 2 milliard soʻmlik mukammal va joriy taʼmirlash ishlari olib borildi.
Xususan, Jizzax shahridagi “Ittifoq” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 66 ta koʻp kvartirali uylarga xizmat koʻrsatuvchi “Ittifoq istiqlol sari” MCHJ tomonidan 30 ga yaqin uylarning kirish yoʻlaklari taʼmirdan chiqarilgan boʻlsa, “Zargarlik” mahallasidagi mavjud 53 ta turar-joyda yaroqsiz holga kelib qolgan tomlarni taʼmirlash jarayoni davom etyapti.
— Hududda elektr taʼminoti tizimini yaxshilash uchun uzatish tarmoqlari hamda transformator punktlari, kuchlanishli oʻchirgichlar mukammal taʼmirlandi, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filiali ishlab chiqarish texnika xizmati boshligʻi Ulugʻbek Begimqulov. — Filialimiz tomonidan isteʼmolchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida barcha shahar va tuman elektr tarmoqlari korxonalaridagi 500 nafardan ziyod xodimlardan iborat 100 ta tezkor brigadalar, 100 ta avtomashina va 33 ta maxsus avtomashinalari shay holatga keltirilgan.
Ayni paytda Sharof Rashidov tumanining chekka hududlari hisoblangan “Uchqiz” va “Ravot” mahallarida elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida eskirgan va muddatini oʻtab boʻlgan simyogʻochlarni temir-beton ustunlarga almashtirish ishlari olib borilmoqda.
Gaz taʼminoti boʻyicha toʻxtaladigan boʻlsak, viloyatda isteʼmolchilarga gaz quvurlari, gaz taqsimlash punktlari hamda maishiy gaz ballonlari orqali xizmat koʻrsatiladi.
—Oʻtgan kuz-qish mavsumida tabiiy gaz taʼminotida yuzaga kelgan muammoli holatlardan xulosa qilinib, bu yil 57 ta mahalladagi 19,6 ming aholi xonadonining gaz taʼminoti yaxshilandi. Viloyatdagi 168,297 mingdan ortiq aholi xonadonlari ASKUG tizimi bilan toʻliq qamrab olindi va 65,3 mingta hovli-uylar gaz taʼminoti
zamonaviy ikki bosqichga oʻtkazilib, texnologik yoʻqotishlar hajmi 295,4 million kub metrga qisqartirildi, — deydi “Hududgaz Jizzax” filiali direktor oʻrinbosari — bosh muhandis Bahodir Xoliqov.
Shuningdek, tizimda hali Doʻstlik tumani “Chinobod” mahalla fuqarolar yigʻinidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivini, Jizzax shahar “Sanoat-B” hududida tashkil etilayotgan “Jizzax” kimyo-industrial texnoparkini gazlashtirish, bundan tashqari 2024-yilning “Manzilli dastur”iga asosan 14,4 kilometr gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish ishlarini yakuniga yetkazish, tabiiy gaz tarmogʻi bormagan hududlarda istiqomat qiluvchi aholini suyultirilgan gaz bilan toʻla taʼminlash lozim.
Taʼkidlash joizki, ikki kunlik yogʻingarchilik elektr tarmoqlari korxonasining mavsumga nechogʻli tayyor ekanligini koʻrsatib qoʻydi. Shaharda soatlab, tumanlarda kunlab elektr energiyasida uzilishlar kuzatildi. Aholi toʻlovini oldindan qilib qoʻygandan keyin sifatli xizmatni talab qilishga ham haqi bor.
Muxtasar aytganda, viloyatda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik borasida hali qilinishi lozim boʻlgan yumushlar talaygina.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring