Qish kunlarida bahor nafasi

15:53 02 Dekabr 2024 Jamiyat
204 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni kunlarda Fargʻona shahridagi mahallalarda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, bu borada istiqbolli va intensiv loyihalarni amalga oshirish boʻyicha salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Buning samarasi sifatida mahallalar gulchilik, sitrus mevalar, qoʻziqorin, turli koʻkat va sabzavotlar yetishtirishga ixtisoslashib, oilalar qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻlyapti. Issiqxonalarda esa yilning toʻrt faslida ham mahsulot yetishtirish imkoniyati yaratildi.

Fargʻona shahrining chekka hududida joylashgan “Xoʻjamagʻiz” MFY ahli sabzavotchilik, chorvachilik, koʻkat va ziravorlar yetishtirishda mirishkor hisoblanadi. Keyingi yillarda ushbu mahalladagi xonadonlarda bir va koʻp yillik gullarni parvarishlash tobora ommalashib borayotir.

— Oila aʼzolarimiz birgalikda 25 sotix issiqxonamizda 20 turdan ortiq gullar parvarishi bilan shugʻullanamiz, — deydi “Xoʻjamagʻiz” MFYning Ulugʻvor koʻchasidagi xonadonda istiqomat qiluvchi Ulugʻbek Toshtemirov. — Bu gullarning aksariyati xorijdan keltirilgan boʻlib, yilning toʻrt faslida ham ochiladi. Shu bois ularning xaridori bisyor. Aynan gulchilik faoliyati orqali oilamiz daromadi yildan yilga yaxshilanmoqda.

Issiqxonada ochilgan anvoyi gullarni koʻrib, qish kunlarida bahor nafasini his etasiz. Endilikda bu kabi gulzorlar nafaqat goʻzallik timsoli, balki oilalarning muqim daromad manbaiga aylangani ham eʼtiborga sazovordir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер