Qatorda noring boʻlsa...

19:31 23 Aprel 2020 Jamiyat
1366 0

— Xalqimizda“Qatorda noring boʻlsa yuking yerda qolmaydi”, degan maqol bor.U bejiz aytilmagan ekan,- deydi peshkulik Iroda Rahmatova. — Roʻzgʻordagi yetishmovchiliklar tufayli “Buyogʻiga nima qilsak ekan”, deb tashvishga tushgandik. Kutilmaganda yaxshi insonlar yoʻqlab kelishdi. Hol – ahvol soʻrab, oziq-ovqat mahsulotlarini hadya qilishdi. Mahallamiz faollari hamrohligida uyma-uy yurib, shirin muomalasi bilan koʻnglimizni koʻtargan, turmush tashvishimizni yengillashtirgan bu tadbirkordan minnatdormiz.

Tumandagi Quchoq qishlogʻida istiqomat qiluvchi bu ayolning soʻzlari sabab soʻrab-surishtirib bildik: tadbirkor Feruz Maxadov ijtimoiy koʻmakka ehtiyojmand peshkulik fuqarolarga jami 55 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlarini tuhfa qilibdi. Har bir oilaga 25 kilogrammdan un, qadoqlangan holda 10 kilodan kartoshka, 5 litrdan oʻsimlik yogʻi, shuningdek, piyoz, shakar va boshqa mahsulotlar tarqatibdi.

— Oʻng qoʻling berganini chap qoʻling bilmasin, deyishadi, — deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Yoqub Fattoyev.— Lekin masalaning yana bir tomoni ham borki, el boshiga ish tushganida oʻzini chetga tortmagan, oʻzgalardan marhamatini darigʻ tutmayotgan insonlarni xalqimiz bilish zarur.Chunki yaxshilik har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi.

Eʼtiborlisi, sinovli shu kunlarda elga qayishayotgan bunday insonlar safi tobora kengaymoqda. Chunonchi, Peshku tuman hokimligi axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, yosh tadbirkor Jamol Saʼdiyev ijtimoiy tarmoqda maxsus sahifa ochib, koʻngillilar bilan nogiron, ehtiyojmand fuqarolarga yordam bermoqda. Tumanning “Deycha” mahallasida tugʻilib oʻsgan, ayni damda poytaxtimizdagi “Asr kimyo invest” masʼuliyati cheklangan jamiyatini boshqarayotgan Oybek Namozovni aytmaysizmi? Oʻndan ziyod turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, koʻplab ish oʻrinlari yaratgan bu yurtdoshimiz korxona daromadi hisobidan “Qizil Yarim oy” jamiyati tuman boʻlimi negizida ochilgan jamgʻarma hisobiga 100 million soʻm oʻtkazdi.

Ha, shunday serhimmat insonlar bor ekan, ezgulik bogʻi gullab-yashnaydi, yuk yerda qolmaydi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?