Qars ikki qoʻldan chiqadi
Foto: Illustrativ surat
Kuz-qish mavsumida, ayniqsa, qishloq tumanlarda yashovchi aholini qiynayotgan muammolar elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq boʻlib qolmoqda. Garchi ushbu muammolarni bartaraf etish, mavsumga tayyorgarlik doirasida taʼminot tarmoqlarida taʼmirlash va barpo etish ishlariga tegishli korxona-tashkilotlar doimiy eʼtibor qaratsada, sovuq kunlarda chiroqning soatlab oʻchib qolishi, qiz-juvonlarning pech yoqishga majbur boʻlishi kabi manzaralar hamon qishloqlarimiz hayotida kuzatilayotir. Bu energiya taʼminotidagi kamchiliklarni koʻrsatadi, albatta, biroq qars ikki qoʻldan chiqishini ham unutmaslik kerak. Aytmoqchimizki, sohada mavjud muammolarga birgina taʼminotchilar emas, balki isteʼmolchilar ham koʻp hollarda sababchi boʻlmoqda.
Misol uchun, Andijon tumanidagi “Qurama” mahalla fuqarolar yigʻinida olib borilgan nazorat tadbiri davomida fuqarolar tomonidan ikkita yuqori kuchlanishni transfarmator orqali elektr energiyasiga noqonuniy ulanish holatlari aniqlandi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, buning oqibatida energetika tizimiga 40,4 mlrd. soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.
Shu kabi isteʼmolchilarning noqonuniy xatti-harakatlarini gaz taʼminotida ham uchratamiz.
— Tabiiyki, havo harorati pasaygani sari tabiiy gazga boʻlgan ehtiyoj ortadi, —deydi «Hududgaz Andijon» gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati rahbari Akmaljon Holiqov. —Ana shu ehtiyojni qondirish uchun har bir isteʼmolchi tomonidan sarflanishi mumkin boʻlgan gaz miqdori oldindan hisob-kitob qilinadi va shunga asosan yoʻnaltiriladi. Biroq ehtiyojdan ortiqcha gaz sarflanayotgan xonadonlar ham yoʻq emas. Oʻrganish ishlari davomida ularning aksariyati qoʻl bola gaz soʻrgich moslamalaridan foydalanayotgani aniqlandi. Birgina Baliqchi tumanida 24 ta shu kabi holat qayd etildi. Bu ularga nisbatan jami 114 mln. soʻm miqdorida jarima qoʻllanilishiga sabab boʻldi.
Qish-qirovli kunlar hali oldinda. Demak, elektr energiyasi va tabiiy gazga boʻlgan ehtiyoj ortsa ortadiki, aslo kamaymaydi. Shunday sharoitda ayrim kimsalar faqat oʻz huzurini oʻylab, svet va gazdan foydalanishda amaldagi tartiblarga rioya qilmasligi gʻoyatda taassufli. Binobarin, kishi oʻz manfaatini qonun-qoidalardan ustun qoʻygan chogʻda oʻzgalar huquqiga daxl qilgan boʻladi. Bunday xatti-harakat esa qonuniy javobgarlikka olib keladi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring