Qanday dorilar Layella sindromini keltirib chiqarishi mumkin?
Tahlillarga koʻra, oʻtgan asrning 40-yillariga qadar dunyo boʻyicha dori-darmonlar bilan davolash asoratlaridan bor-yoʻgʻi 0,5-1,5 foiz bemorlar aziyat chekkan. Hozirga kelib bu koʻrsatkich 15-30 foizni tashkil qilmoqda.
Xususan, dori allergiyasi ogʻir asoratlari, xususan, Layella sindromini keltirib chiqarishi bilan xavfli.
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova shu haqda maʼlumot berdi.
— Layella sindromiga chalingan 25 foizdan 75 foizgacha bemorlarning hayoti oʻlim bilan yakun topadi, — deydi mutaxassis. — U organizmning dorilar, masalan, antibiotik, sulfanilamid va nostreoid yalligʻlanishga qarshi vositalarga reaksiyasi sifatida namoyon boʻladi.
Xastalik asosan ogʻir allergik anamnezga ega kishilarda oʻtkir respirator virusli infeksiyalar fonida rivojlanadi. Yaʼni bunday bemorlar yuqorida qayd etilgan preparatlarni qabul qilgach, ahvoli ogʻirlashadi.
Immunitet organizmni xastalikdan himoya qilish oʻrniga oʻz toʻqimalarini yoʻq qilishga kirishadi.
Bunga, 45 foiz holatda sulfanilamidlar, 40 foiz holatda antibiotiklar, 10 foiz holatda talvasa (sudorogi)ga qarshi dorilar, 5-10 foiz holatda yalligʻlanishga qarshi preparatlar, 1-3 foiz holatda silga qarshi dorilar sabab boʻladi.
Baʼzi hollarda yalligʻlanishga qarshi nosteroid dorilar, aspirin va uning analoglari, qolaversa, turli vitaminlar ham xastalikni qoʻzgʻatish xususiyatiga ega.
Layella sindromi koʻpincha boshqa allergik kasalliklar, masalan, ekzema, atopik dermatit, bronxial astma bilan ogʻrigan bemorlarda aniqlanadi. Xastalik chogʻida pufaklar yorilgach, suyuqlik tarkibidagi erigan tuz va oqsillar bugʻlanadi. Oqibatda tana suvsizlanib, qon quyuqlashadi.
Shu asnoda qon aylanishi buzilib, yurak, oʻpka va buyraklar faoliyati yomonlashadi. Gipertenziya, taxikardiya, yurak va nafas yetishmovchiligi kuzatiladi. Peshob hosil boʻlishi va zaharli moddalarning organizmdan chiqarilishi toʻxtaydi.
Bundan tashqari, terining toshmalardan jarohatlangan joylariga virus va bakteriyalar oson oʻrnashib, boshqa xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Koʻzlarning zararlanishi hisobiga koʻrish qobiliyati yoʻqolishi mumkin.
Layella sindromiga aniq tashxis qoʻyish uchun vizual tekshiruv, qon va allergenlar tahlili, teri biopsiyasi va gistologik koʻriklar talab etiladi.
Xastalik aniqlangan bemorlarni zudlik bilan intensiv terapiya boʻlimiga yotqizish zarur.
Bugungi kunda Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida ushbu kasallikka aniq tashxis qoʻyish barobarida, uni samarali davolash usullari yoʻlga qoʻyilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Kuchli qichishish va jismoniy azobdan tashqari, insonni ruhan ham yemiradi
- Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida qisqa fursatga toʻxtagan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring