Qaynarning qaysar qizi

16:09 07 Iyul 2022 Jamiyat
1193 0

Foto: Xalq so‘zi

Zarifa Xidirovani kitobliklar “Oʻzimizning fermer qizimiz” deb ogʻizlaridan bol tomib maqtashadi. «Ayol boshi bilan qiru adirliklarga suv olib borib, tokzorlar barpo qilyapti, kam taʼminlangan ayollarni ish bilan band etyapti, ishkomlarida pishgan sarxil uzumlari shirasi tilni yoradi, boʻlsang, Zarifaxon kabi fermer boʻl, Zarifaxondek, mehnatdan qochma, qishning qahratoniyu yozning jaziramasidayam u kabi dalayu dashtni tark etma», deyishadi keksalar yoshlarga qarata.

Zarifaxon gohida bu gaplarni orqavoratdan eshitib, jilmayib qoʻyadi. Axir seni ulgʻaytirgan, voyaga yetkazgan el ogʻzidan shunday maqtov eshitish har kimga ham nasib etavermaydi. Elning maqtovi eng ulugʻ mukofot aslida. Kimning kimligini el yaxshi biladi, oyni etak bilan yopib boʻlmadiku!

Boʻlmasa, Zarifaxon Xidirova Kitob tumanining Qaynar qishlogʻida oddiy bir oʻqituvchi boʻlib, yoshlarga saboq berib yursa ham boʻlardi. Lekin u shuncha qir-adir boʻsh yotibdi, shu yerlarda uzumzor barpo etilsa, qanchadan-qancha mahsulot yetishtiriladi, uzumni hatto xorijga eksport qilish imkoniyati yaratiladi, deb oʻzicha xomaki loyiha tuzdi. Qarang, bu shunchaki xomaki loyiha boʻlib qolib ketmadi, balki amalga oshdi: Zarifa 2017-yilda yaratgan tokzorlar bugun hosilga kirib, koʻzni yashnatib turibdi.

— Qoʻy, qizim, oʻzingni ovora qilma, bu yerlarda uzum boʻlmaydi,— degan kishilar ham boʻldi oʻshanda, — deydi Zarifa Xidirova. — Tokni ekding ham deylik, suvni qayerdan olib kelasan, axir suvsiz nihol nobud boʻladiku, deb fikrimdan qaytarmoqchi ham boʻlishdi. Toʻgʻrisi, biroz qaysarligim bor, aytdimmi, qilaman. «Vodovoz» bilan suv tashib, toklarni yoz chillasidan omon olib chiqdim. Keyingi yili hosil nishonalari koʻrina boshladi. Bilasizmi, tokzorimda uzum pishganida koʻzimga yosh keldi. Hamqishloqlar kelib meni tabriklashdi. Maqsadimdan qaytarmoqchi boʻlgan otaxon kelib, «Zarifaxon, alomat qiz ekansan, uddasidan chiqding, rahmat senga!» deb bagʻriga bosdi. Hozirga qadar vositachilar koʻmagida 120 tonna uzumni xorijga eksport qildik. Maqsadim endilikda vositachilarsiz toʻgʻridan- toʻgʻri oʻzim mahsulotni xorijga eksport qilish ustida ish olib boryapman.

Zarifaxon yana bir mushkul ishga qoʻl urdi. 7-8 kilometr uzoqlikdagi buloqdan suv olib kelib, 1 gektar uzumzor yaratmoqchi boʻldi. “Bunisi endi juda qiyin, uddalay olmaysan”, deyishdi baʼzilar. Zarifa yeng shimardi. Polvonkelbat emasmi, oʻsha togʻdagi buloq tomonga yoʻl oldi. Qancha mablagʻ ketsa ketdi, lekin buloqdan suv keldi. Quvurdan jildirab oqayotgan suvni koʻrganda qaynarlik keksalar qoʻlini duoga ochib, uni uzoq alqadi.

Hozir uning «Koʻkchinor» fermer xoʻjaligida 33 nafar mavsumiy, 12 nafar doimiy ishchi mehnat qiladi. U “Fermer ayol” respublika forumida ishtirok etib, Jahon banki ishtirokidagi “Oʻzbekistonda meva-sabzavotchilik tarmogʻini rivojlantirish” loyihasining “Eng yaxshi fermer” nominatsiyasi sohibi boʻldi. Shuningdek, “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston banklar assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Anor” respublika milliy koʻrik-tanlovida ham sovrinli oʻrinlardan birini qoʻlga kiritdi.

Tinib-tinchimas fermer endilikda yangi loyihalar ustida bosh qotirmoqda. Yaqinda u meva va sabzavotni quritadigan, qadoqlaydigan uskunalarni olib kelish niyatida yelib-yugurib yuribdi.

— Maqsadim «Koʻkchinor» brendi astida chiroyli qilib qadoqlangan mayiz va boshqa mahsulotlarni xorijga eksport qilishdir, — deydi Z. Xidirova. – Buning uchun hamma imkoniyatlarimiz bor. Oʻzimiz yetishtirgan uzumdan soyaki mayiz tayyorlashni yoʻlga qoʻyganmiz. 1000 tup turli mevali daraxt koʻchatlari ekdik. Uzumzorlarimiz kengayib bormoqda. Qaynar qishlogʻidagi ishsiz ayollar bandligini taʼminlashga harakat qilyapman. Eng muhimi, Qaynarda ish qaynamoqda.

Yana bir gap. Zarifa Xidirova Kitob tumani hokimining “Qaynar” mahalla fuqarolar yigʻini boʻyicha yordamchisi etib tayinlandi. Bu masʼuliyatli va sharafli vazifaga kirishar ekan, u «Qaynar qishlogʻi yonginasidan oʻtgan Taxtaqaracha dovoni chetida 20 ta mehmon uylari qurishga kirishdi. Hozirgi kunda mehmon uylari deyarli bitib, Samarqand shahridagi turfirmalar bilan xorijlik sayyohlarni olib kelish boʻyicha shartnomalar imzolandi. Hozirdanoq Germaniya va Fransiyadan kelgan sayyohlar Taxtaqaracha dovoni, Qaynar qishlogʻi va Yetti qiz gʻori tabiatidan bahramand boʻlishga ulgurishdi.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?