Qadamida gullar ungan Gullola
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Mustaqillik shabbodasi esayotgan 1990-yilning 6-mart kuni Saʼdulla aka xonadonida yangi chaqaloq dunyoga keldi. Yangi mehmonga yaxshi niyat bilan Gullola deya ism qoʻyishdi. Gullolaning bolaligi guldek oʻtmadi. Beshariq tumanining “Iftixor“ mahallasida yashovchi Gullola oilasidagi iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli maktabdan keyin oʻqishni davom ettira olmadi. Qoʻshni “Doʻstlik“ mahallasidagi Xoʻjamqulovlar oilasiga kelin boʻlib tushganida uning qoʻlida na ishi, na hunari bor edi. Turmush oʻrtogʻi Shuhratjon bilan koʻp mashaqqatlarni boshdan kechirdi.
Oilada qizlari ulgʻayib borarkan, ota-onaning tashvishi yanada ortdi. Mavsumiy yumushlar orqali topilgan pul oila tirikchiligiga zoʻrgʻa yetardi. Bugungi keng qamrovli islohotlar mahalla tizimigacha kirib borgach, Xoʻjamqulovlar oilasi oʻz tomorqasida issiqxona tashkil etdi. Oila bekasi “Ayollar daftari“ga kiritilib, gulchilik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun bankdan 30 million soʻm imtiyozli kredit berildi.
— Shu tarzda hayotimizda yangi tong otdi, — deydi Gullola Xoʻjamqulova. — Bugungi kunda oilamiz tasarrufida 15 sotix issiqxona mavjud. Unda 100 xildan ziyod koʻp yillik gullarni parvarishlab sotishni yoʻlga qoʻyganmiz. Birgina oʻtgan 2023-yilning oʻzida 300 ming tupdan ziyod gul sotish orqali 300 million soʻm daromad oldik. Yilning toʻrt faslida ham anvoyi gullar mamlakatimizning barcha hududlariga yetkazib beriladi. Qoʻshni Tojikistonga eksport qilinadi.
Endilikda mazkur oila mahallada eng namunali xonadon sifatida eʼtirof etiladi. Oila bekasi oʻz xonadonida gulchilik maktabini tashkil etgan. 20 nafar mahalla xotin-qizlarini ish bilan taʼminlagan. Gulchi oila tajribasini oʻrganish uchun Beshariq tumani, Fargʻona viloyatining barcha hududlaridan kelishadi.
Quvonarlisi, bugungi kunda bank masʼullarining oʻzi bu oila bilan hamkorlik qilish istagida. Yaqinda Biznesni rivojlantirish banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan biznes-reja doirasida Xoʻjamqulovlar oilasiga gulchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish uchun 100 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi.
— Ayni paytda “Doʻstlik“ MFYdagi 525 ta xonadonda 2518 nafar aholi istiqomat qilsa, ularning 1194 nafari xotin-qizlardir, — deydi mahalladagi xotin-qizlar faoli Dilrabo Usmonova. — Bevosita “Ayollar daftari“ bilan ishlashda mahallada oʻziga xos tajriba shakllangani eʼtiborga loyiq. Joriy yilda hududdagi 60 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari“ roʻyxatiga kiritilgandi. Shu yilning oʻtgan davrida 2 ta oilaga aynan, gulchilikni rivojlantirish, 2 ta oilaga chorvachilik va asalarichilik, 1 ta oilaga bogʻdorchilik yoʻnalishida imtiyozli kredit berildi. Bir guruh ishsiz xotin-qizlar kasb-hunarga oʻqitildi. Ipak qurti boqish, dehqonchilik yumushlariga jalb etildi.
Bu borada Gullola Xoʻjamqulova oilasidagi oʻzgarishlar mahalladagi barcha opa-singillarga namuna. 2023-yilda Xoʻjamqulovlar oilasida yana bir farzand tugʻildi. Yasmina tinch-farovon hayot shukuhidan bahramand boʻlib ulgʻaymoqda. Ikki opasi maktabda aʼlo baholarga oʻqiydi. Oliy taʼlimda oʻqish armon boʻlib qolgan ota-onalari qizlarini jamiyatimiz uchun manfaati tegadigan yaxshi inson, mutaxassislar qilib tarbiyalash niyatida.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring