PSJ yoki “Bavariya”. Qaysi jamoa kuchliroq?

10:37 04 Noyabr 2025 Sport
276 0

5-noyabr kuni UEFA Chempionlar Ligasining 4-turi doirasidan oʻrin olgan bahslar boshlanadi. Turning “markaziy oʻyinlari”dan biri Parij shahrida boʻlib oʻtadi. Unda musobaqaning amaldagi chempioni PSJ klubi oʻz maydonida Germaniya chempioni “Bavariya”ni qabul qiladi. Biz oʻyin oldidan jamoalarning imkoniyatlarini solishtirib chiqamiz.

Oʻzaro oʻyinlar tarixi

“Bavariya” va PSJ jamoalari rasmiy musobaqalar doirasida jami 16-marta toʻqnash kelgan. Ushbu oʻyinlarning 14 tasi UEFA Chempionlar Ligasi doirasida, 1 tasi Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionatida va yana biri Xalqaro chempionlar kubogi tijoriy turniri doirasida boʻlib oʻtgan.

“Bavariya” klubi 9 ta oʻyinda gʻalaba qozongan. Bu barcha uchrashuvlarning 56 foizi degani. 7 ta oʻyinda PSJning qoʻli baland kelgan. Ushbu jamoalar oʻrtasidagi oʻyinlarda birorta durang natija qayd etilmagan.

Ushbu oʻyinlarda “Bavariya” raqibi darvozasiga 22 ta gol kiritgan. PSJ esa shu vaqtga qadar “myunxenliklar” darvozasiga 18-marta yoʻl topa olgan.

Ushbu jamoalar oʻrtasidagi oʻyinlar haqida gap ketsa, koʻpchilik 2020-yilgi UEFA Chempionlar Ligasi finalini eslaydi. Koronavirus epidemiyasi tufayli markazlashgan holda oʻtkazilgan ushbu turnirning hal qiluvchi oʻyinida “Bavariya” klubi fransuz futbolchisi Kingsli Koman tomonidan kiritilgan gol evaziga “fransuz klubi”ni magʻlub etgan.

Mazkur jamoalar oʻrtasidagi yana bir esda qolarli bahs 1997-yilgi UEFA Chempionlar Ligasi turniri doirasida boʻlib oʻtgan. Ushbu oʻyinda “Bavariya” jamoasi oʻz maydonida 5:1 hisobida gʻalaba qozongan. Ayni shu bahsda qayd etilgan hisob oʻzaro oʻyinlar tarixidagi eng yirik natija sifatida muxlislar yodida qolgan.

“Bavariya” va PSJ klublari soʻnggi bor 2025-yilning 5-iyul sanasida yangi formatda tashkil etilgan klublar oʻrtasidagi Jahon chempionati turniri doirasida boʻlib oʻtgan. Ushbu bahsda “parijliklar” Usman Dembele va Dezire Due tomonidan kiritilgan gollar evaziga Vinsent Kompani boshchiligidagi jamoani magʻlub etgan.

Jamoalarning bu yilgi natijalari

“Bavariya” ayni paytda Germaniya Bundesligasida 27 ochko jamgʻargan holda turnir jadvalida birinchi oʻrinni egallab turibdi.

Jamoa 2025-yilgi mavsumda gʻalabali seriya qayd etmoqda. Jamoa mavsum boshida qatorasiga 15 ta oʻyinda gʻalaba qozongan holda Yevropa TOP-5 klublari tarixidagi rekord natijaga ega boʻldi.

Jamoa Bundesliga doirasida oʻtgan bahslarda “Leypsig”, “Augsburg”, “Gamburg”, “Verder”, “Xoffenhaym”, “Ayntraxt”, “Borussiya Dortmund”, “Borussiya Menxengladbax” va “Bayer Leverkuzen” kabi jamoalarni magʻlub etgan.

UEFA Chempionlar Ligasi doirasida oʻtgan dastlabki 3 ta oʻyinda esa Angliyaning “Chelsi”, Kiprning “Pafos” va Belgiyaning “Bryugge” klublari ustidan gʻalaba qozondi.

PSJ jamoasi uchun ham mavsum juda yaxshi oʻtmoqda. Klub UEFA Superkubogi doirasida “Tottenhem”ni magʻlub etish orqali mavsumni sovrin bilan boshladi.

Fransiya Birinchi divizionida “Nant”, “Anje”, “Tuluza”, “Lans”, “Oser”, “Brest”, “Nitsa” kabi jamoalarni magʻlub etdi. “Marsel”, “Lorian”, “Strasburg”, “Lill” klublari bilan esa durang oʻynadi.

UEFA Chempionlar Ligasi doirasida Luis Enrike boshchiligidagi jamoa “Barselona”, “Bayer” va “Atalanta” klublarini magʻlub etdi.

“Bavariya” va PSJning bu yilgi koʻrsatkichlari

Urilgan gollar:

“Bavariya” – 45

PSJ – 34

Oʻtkazib yuborilgan gollar:

“Bavariya” – 6

PSJ – 12

Toʻp nazorati:

“Bavariya” – 64 foiz

PSJ – 72 foiz

Toʻp uzatmalar aniqligi:

“Bavariya” – 90 foiz

PSJ – 92,5 foiz

Toʻp uchun kurashlarda ustunlik:

“Bavariya” – 46 foiz

PSJ – 46 foiz

Har oʻyindagi oʻrtacha zarbalar soni:

“Bavariya” – 9

PSJ – 7

Jamoalarning yutuq va kamchiliklari

PSJ klubining ustun jihatlari

1. Jamoa hujum chizigʻi juda kuchli — Dembele va boshqa tezkor futbolchilar qarshi hujumlarda raqibni jazolay oladi.

2. Markaziy chiziqda yuqori darajadagi nazorat va pressing mavjud boʻlib, bu raqibga toʻpni uzoq vaqt ushlab turishga yoʻl qoʻymaydi.

3. Klub tarkibi juda keng va zaxira futbolchilari ham yuqori saviyada. Shu bois mavsum davomida kuchni yoʻqotmaydi.

PSJning kamchiliklari

1. Chidemlilik va konsentratsiyaning pastligi oxirgi daqiqalarda jamoa oʻyiniga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.

2. Realizatsiyada muammolar bor. Jamoa koʻplab hujumlar tashkil etmoqda, ammo ularning koʻp qismi zarbagacha yetmayapti.

3. Murabbiylik strategiyasida barqarorlik yetishmaydi. Turli oʻyinlarda tizim tez-tez oʻzgarib turadi va bu futbolchilarning bir xil sxemaga moslashishini qiyinlashtiradi.

“Bavariya” klubining ustun tomonlari

1. Hujumdagi kreativlik va Harri Keynning oʻyinga taʼsiri. Jamoa hujumni davom ettirishda bir qancha uslublardan foydalanayotganini koʻrdik. Aynan shu kreativlik evaziga “Bavariya” hozirda musobaqada eng koʻp gol kiritgan jamoa hisoblanadi.

2. Tayanch yarim himoyadagi ustunlik. Jamoa har bir oʻyinida asosiy eʼtiborini maydon markaziga qaratmoqda. Statistikaga koʻra, “Bavariya” soʻnggi oʻyinlarda 64 foizdan ortiq toʻp nazoratiga ega boʻldi. Bunda albatta bogʻlovchi yarim himoyachilarning hissasi katta.

3. Himoyadagi ishonchli oʻyin. Jamoa joriy mavsumda oʻtkazgan 15 ta bahsda bor-yoʻgʻi 6 ta gol oʻtkazgan. Hatto himoyakor oʻyin koʻrsatayotgan ayrim jamoalarning koʻrsatkichlari ham “Bavariya”nikidan yomonroq.

“Bavariya”ning kamchiliklari

1. Jamoa hujumkor oʻyin koʻrsatayotgani uchun qarshi hujumlardan gol oʻtkazib yubormoqda. Ayniqsa, bunda qanot himoyachilarining tezligi masalasi muammo boʻlmoqda.

2. Zaxiradagi oʻyinchilar soni va sifati yetarli emas — asosiy futbolchilarning jarohat olishi yoki charchashi jamoaning oʻyin ritmini pasaytirmoqda.

3. Jamoa kuchli pressingga bardosh bera olmayotgandek tuyulmoqda. PSJ bilan oʻyinda bu narsani aniq koʻrish mumkin boʻladi.

Yoʻqotishlar

Ushbu oʻyin oldidan har ikki jamoada yoʻqotishlar bor.

“Parijliklar” safida bu oʻyinni soʻnggi bahsda “Bavariya” darvozasiga gol kiritgan Dezire Duye oʻtkazib yuboradi. Shuningdek, Kan In Li va Fabian Ruisning holati nomaʼlum.

“Bavariya”da esa Jamal Musiala, Xiroki Ito va Alfonso Devis ushbu oʻyinda ishtirok eta olmaydilar.

Soʻnggi soʻz

Oʻyin Parijda boʻlishi va nemis klubida jiddiy yoʻqotishlar borligi sababli ushbu bahsda mezbonlarni favorit sifatida eʼtirof etish mumkin. Ammo “Bavariya” TOP-5 jamoalari orasida magʻlubiyatsiz seriya qayd etib kelayotgan jamoa. Ular ham osonlikcha taslim boʻlmasligi aniq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер