Prezident Turkmanistondagi xalqaro forumda nutq soʻzladi

14:45 11 Oktyabr 2024 Siyosat
197 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning shoir va mutafakkir Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300 yilligiga bagʻishlangan xalqaro forumdagi nutqi:

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Goʻzal Ashxobod shahrida “Zamon va sivilizatsiyalarning oʻzaro bogʻliqligi – tinchlik va taraqqiyot asosi” mavzusida oʻtayotgan xalqaro tadbirning barcha qatnashchilarini chin qalbimdan qutlashga ijozat bergaysiz.

Anʼanaviy doʻstona qabul va ushbu ajoyib tadbirni yuksak darajada tashkil etgani uchun Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga hamda Turkmaniston xalqining Milliy lideri, Xalq Maslahati Raisi, qadrli birodarim Gurbanguli Malikguliyevich Berdimuhamedovga samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Azaliy qadriyat va anʼanalar tobora zavol topib borayotgan bugungi notinch va murakkab dunyoda Turkmaniston rahbariyati adabiyot va maʼrifatni davlat siyosati darajasiga koʻtarib, uni xalqaro munosabatlarda tinchlikparvar va doʻstona muloqot vositasiga aylantirayotganini alohida eʼtirof etishni istar edim.

Bugungi konferensiyamiz xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash, mamlakatlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, boy maʼnaviy merosimizni butun dunyoga targʻib qilish yoʻlida ulkan amaliy qadam boʻlishi shubhasiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Koʻhna Turkmaniston koʻplab buyuk insonlar, alloma va shoirlarga beshik boʻlgan moʻtabar diyordir. Bu haqda soʻz yuritganda, turkman xalqining ulugʻ farzandlari – Ozodiy, Andalib, Shaydoiy, Gʻoyibiy, Mullanafas kabi betakror mutafakkir va allomalarni esga olishimiz tabiiy, albatta.

Ular orasida turkman xalqining benazir farzandi, durdona asarlari bilan insoniyat tafakkurini boyitgan Maxtumquli Firogʻiy ijodi nafaqat Sharq, balki jahon adabiyotida alohida oʻringa egadir.

Ulugʻ gumanist shoirning oʻlmas adabiy merosi asrlar davomida umuminsoniy qadriyatlar bilan uygʻun boʻlib, tinchlik-totuvlik, mehr-oqibat va qardoshlik kabi olijanob fazilatlarni ulugʻlab kelmoqda.

Qutlugʻ 300 yillik tavallud ayyomi UNESСO rahnamoligida xalqaro miqyosda nishonlanayotgan buyuk shoir asarlarining tub mohiyatida “Dunyoni yaxshilik, doʻstlik, hamkorlik, mehr-shafqat va insoniylik qutqaradi”, degan ezgu gʻoya mujassam.

Shu maʼnoda, kimki turkman xalqining qalbini, yuragini anglamoqchi boʻlsa, turkman eliga xos azmu shijoat, doʻstga sadoqat kabi yuksak fazilatlar manbaini bilmoqchi boʻlsa, albatta Maxtumquli sheʼriyatidan bahramand boʻlishi kerak.

Maxtumquli oʻzbek xalqi uchun ham gʻoyat ardoqli va suyukli siymo ekani bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz. Ul zot Xivadagi Shergʻozixon madrasasida tahsil olgan, dunyoviy va diniy ilmlarni chuqur oʻrgangan. Ayni vaqtda u buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiy ijodini yuksak qadrlagani ham mushtarak tariximiz sahifalari orqali yaxshi maʼlum.

Bugungi kunda oʻlkamizda Maxtumqulining dilbar sheʼrlari va qoʻshiqlari doimo yangrab, qalblarimizda yashab kelmoqda. Hech shubhasiz, uning boqiy asarlari azaldan bir-biriga qardosh va yelkadosh boʻlgan xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik tuygʻularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligini keng nishonlash haqida yurtimizda alohida qaror qabul qilindi. Ushbu sanaga bagʻishlab adabiy kechalar, tanlovlar, ilmiy anjuman va seminarlar oʻtkazilmoqda. Teatrlarimizda shoir haqida spektakllar qoʻyilib, oʻzbek va turkman kino ustalari hamkorligida badiiy film suratga olindi.

Bugun Toshkent shahri va hududlarimizdagi oʻnlab koʻcha va xiyobonlar Maxtumquli nomi bilan ataladi. Toshkent va Xiva shaharlarida bu ulugʻ siymo xotirasiga bagʻishlab bunyod etilgan yodgorlik majmualari tabarruk ziyoratgohlarga aylangan.

Ayni vaqtda biz Turkmanistonda ham oʻzbek xalqiga, uning madaniyati va sanʼati, milliy qadriyatlariga katta hurmat-ehtirom koʻrsatilayotganini yuksak baholaymiz.

Hurmatli doʻstlar!

Bugun Turkmaniston rahbariyati tashabbusi va gʻoyasi asosida mahobatli Maxtumquli Firogʻiy memorial majmuasi barpo etilgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Bu muazzam maskan qardosh turkman eliga xos donishmandlik va bagʻrikenglik, yuksak maʼrifatparvarlikning yorqin timsoliga aylanmoqda.

Ana shunday oqilona siyosat oʻtgan 30-yil davomida ijobiy betaraflik maqomiga ega Turkmanistonning davlatchilik asoslarini mustahkamlash, xalq farovonligini oshirish yoʻlida erishgan mislsiz yutuqlarida oʻz ifodasini topmoqda.

Biz qardosh Turkmaniston rahbariyatining tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan kelgusi yilning “Xalqaro tinchlik va ishonch yili”, deb eʼlon qilingani hamda bu borada oʻziga xos global muloqot platformasi yaratilayotganini olqishlaymiz. Jumladan, kelgusi yili dekabr oyida Ashxobodda boʻlib oʻtadigan xalqaro sammit bu xayrli yoʻldagi ulkan voqea boʻladi, deb ishonamiz va turkman birodarlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz.

Aziz doʻstlar!

Maxtumquli Firogʻiy bir paytlar:

“Xizr kezgan choʻlda el xurram boʻlsin,

Yurtimiz binosi mustahkam boʻlsin”,

deb ezgu niyat qilgan edi.

Ona Vatanini chin farzandlik mehri bilan sevgan, uning yorugʻ istiqboli uchun kurashgan, Haq va adolat kuychisi Maxtumquli Firogʻiyning orzu-umid va armonlari bugun toʻla roʻyobga chiqmoqda. Qardosh Turkmaniston jadal rivojlanib, mamlakatda obodlik va farovonlik, davlatning xalqaro obroʻ-eʼtibori tobora yuksalib borayotgani doʻst Oʻzbekiston xalqini ham behad mamnun etmoqda.

Soʻzimning yakunida, tilagim shuki, dunyoga Maxtumquli Firogʻiy kabi buyuk zotlarni bergan turkman diyori doimo gullab-yashnasin!

Xalqlarimiz tinch-totuv, azaliy doʻstligimiz boqiy boʻlsin!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер