Prezident “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunni imzoladi

17:31 29 Iyul 2021 Siyosat
1689 0

Qonunga koʻra, barcha sudlarda ishlar ochiq koʻriladi. Ishlarni yopiq sud majlisida koʻrib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yoʻl qoʻyiladi.

Sud majlisi zalida hozir boʻlgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin.

Oʻzbekistonda sud ishlarini yuritish oʻzbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi koʻpchilik aholi soʻzlashadigan tilda olib boriladi.

Odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.

Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emas.

Shu bilan birga, Oliy sud quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.

35 yoshdan kichik boʻlmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yigʻilishida ochiq ovoz berish yoʻli bilan ikki yarim yil muddatga saylangan Oʻzbekiston fuqarosi xalq maslahatchisi boʻlishi mumkinligi belgilandi.

Sudya birinchi marta 5 yillik muddatga, navbatdagi 10 yillik muddatga va lavozimda boʻlishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda saylanadi yoki tayinlanadi.

Oliy sud sudyasi lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshi 70 yoshni, boshqa sudlar sudyalari uchun – 65 yoshni tashkil etadi.

Uy-joyga muhtoj boʻlgan sudya mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda sud joylashgan yerda xizmat turar joyi bilan taʼminlanadi.

Sudya unga doimiy yashash uchun belgilangan tartibda turar joy berilgunga qadar turar joy arendasi, ijarasi (ikkilamchi ijarasi) bilan bogʻliq xarajatlari kompensatsiya qilinishi huquqiga ega.

Vakolatlari muddati tugagan sudyalarning oʻrtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash toʻgʻrisidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin koʻpi bilan uch oygacha saqlab qolinadi.

Sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?