Prezident Shavkat Mirziyoyev “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasiga tashrif buyurdi

19:03 21 Oktyabr 2021 Jamiyat
511 0

Foto: president.uz

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “ADM Jizzakh” masʼuliyati cheklangan jamiyatida avtomobillarni yirik uzelli yigʻish tashkil etildi. Bu loyihaning birinchi bosqichi boʻlib, shu yil mart oyida ishga tushirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur zavoddagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi.

Ushbu ilk loyihaning qiymati 12 million dollardan ziyod. Yillik ishlab chiqarish quvvati 25 ming dona. Zavod multibrendli boʻlib, bu yerda “KIA”, “Renault” va “Lada” rusumidagi 10 xil yengil avtomobil yigʻilmoqda. Bugungi kungacha ichki bozorga 2 mingdan ziyod avtomobillar yetkazib berilgan. Bu mashinalar yuqori sifati, zamonaviy dizayni va shinamligi, tejamkorligi, servis xizmatlari arzonligi, boshqaruv qulayligi bilan xaridorlarga maʼqul kelmoqda. Avtomobillarga besh yillik kafolat berilayotir. Korxonada 250 nafar mutaxassis ishlamoqda.

Davlatimiz rahbariga loyihaning ikkinchi bosqichi haqida maʼlumot berildi.

216 million dollarlik mazkur loyiha doirasida kichik uzelli ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi. Yaʼni, 314 turdagi butlovchi qismlarni yasash, payvandlash, boʻyash va yigʻish yoʻlga qoʻyiladi. Uni 2023-yilning birinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Buning natijasida zavod quvvati yiliga 100 ming donaga chiqadi. Yana 3 mingta yangi ish oʻrni paydo boʻladi. Ushbu bosqichda mahalliylashtirish 30 foizga yetkazilib, yiliga 150 million dollarlik avtomobillar eksport qilinadi. Zavod tayyor avtomobil va butlovchi qismlar ishlab chiqarish, konstruktorlik, logistika, kadr tayyorlash sohalarini qamrab oladi.

Yana bir muhim tomoni, bu zavod koʻplab kichik korxonalar, xizmatlar tashkil topishiga turtki boʻladi. Masalan, hozirdanoq Jizzax shahri, Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlarida butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish boʻyicha 500 million dollarlik 60 ta loyiha shakllantirilgan. Shuningdek, Amerika va Yevropa nufuzli injiniring kompaniyalari bilan birga, viloyatda tajriba-konstruktorlik va dizaynerlik markazi tashkil etiladi.

Prezident mahalliylashtirish darajasini oshirib, avtomobillar narxini arzonlashtirish, xaridorlarga tanlov imkoniyatini kengaytirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?