Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida boʻlib, “East Can Solutions” korxonasi faoliyati bilan tanishdi

20:45 15 Oktyabr 2025 Siyosat
279 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida boʻlib, alyumin qadoq ishlab chiqarish, salqin ichimliklar quyish korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda sanoatlashtirish siyosati yangi bosqichga koʻtarildi. Oʻziga xos ishlab chiqarish quvvati va xalqaro texnologik standartlar asosidagi iqtisodiy oʻsish modeli shakllandi.

“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi davlatimiz rahbarining 2024-yil 20-martdagi tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan. U zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasi, qulay logistika imkoniyatlari va investorlar uchun yaratilgan keng imtiyozlari bilan ajralib turadi.

Hududdagi istiqbolli loyihalardan biri “East Can Solutions” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu yerda alyumin qadoq ishlab chiqarish va salqin ichimliklar quyish majmuasi tashkil etildi.

Prezidentimiz loyihaning istiqboli, u yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishdi. Shu yerda loyihaga rasman start berildi.

Korxona 21 gektar hududda joylashgan. Qiymati 90 million dollar boʻlgan ushbu loyiha asosan xorijiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtirilmoqda.

Markaziy Osiyodagi sanoqli korxonalar sirasiga kiruvchi bu majmua AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Ishlab chiqarish jarayoni esa toʻliq raqamlashtirilgan.

Korxonada ishlab chiqarish quvvati bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Ilk bosqichda yiliga 600 million dona, keyingi bosqichlarda esa 1,1 milliard va 2,2 milliard dona alyumin qadoq mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bu koʻrsatkichlar nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki mintaqaviy miqyosda raqobatbardosh mahsulot eksport qilish imkonini ham yaratadi.

Loyihaning ishga tushishi natijasida 60 million dollarlik import oʻrni qoplanib, 20 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Mahalliylashtirish darajasi 90 foizga yetkaziladi. Eʼtiborlisi, korxonadagi barcha loyihalar toʻliq ishga tushishi bilan 500 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Byudjet uchun esa salmoqli soliq tushumlari taʼminlanadi.

Prezidentga shu yerda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi haqida axborot berildi.

Masʼullar sanoat zonasining umumiy rivojlanish strategiyasi, mahalliylashtirish, raqamlashtirish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qilingan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Bu yerda oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo va qurilish materiallari yoʻnalishlarida jami 1 milliard 200 million dollarlik 58 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbariga ularning 28 tasi taqdimot qilindi. Yaqin istiqbolda amalga oshadigan ushbu tashabbuslar amalga oshishi natijasida 7 ming 600 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Ular nafaqat iqtisodiy samara, balki yangi ish oʻrinlari, eksport salohiyati va mahalliy ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish orqali ijtimoiy barqarorlikka ham xizmat qilishi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?