Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sugʻurta tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi

19:32 29 Oktyabr 2025 Siyosat
333 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-oktyabr kuni ijtimoiy sugʻurta tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida fuqarolarning bandligini taʼminlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida kambagʻallik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 6,8 foizga, kam taʼminlangan oila sifatida nafaqa oluvchilar soni esa 14 foizdan 6,1 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, bugungi kunda aholini ogʻir hayotiy vaziyatlarda daromadsiz qolishi va kambagʻallikka tushishini oldini olish masalalari davlatimizning doimiy eʼtiborida.

Taqdimotda bu boradagi dolzarb masalalar koʻrsatib oʻtildi.

Jumladan, xususiy sektorda band boʻlgan aholining barchasiga ham homiladorlik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik va ishdan boʻshash boʻyicha nafaqalar toʻlab berilmayapti. Bu holatni toʻlovlar koʻp hollarda ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxining oshishiga olib kelayotgani va raqobatbardoshlikka taʼsir koʻrsatayotgani, ish beruvchilar nafaqalarni toʻlashga ortiqcha yuklanma sifatida qarayotgani, byudjetdan qoplab berilayotgan tugʻish boʻyicha nafaqa miqdori kamligi sababli tadbirkorlar uchun ushbu tizim jozibador emasligi bilan izohlash mumkin.

Qolaversa, Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy taʼminotining minimal normalari toʻgʻrisida”gi va “Onalikni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi konvensiyalariga muvofiq tugʻish va kasallik boʻyicha nafaqalar ijtimoiy sugʻurta mexanizmlari orqali toʻlanishi belgilangan.

Taqdimotda aholini ijtimoiy nafaqalar bilan qamrovini oshirish hamda milliy ijtimoiy sugʻurta tizimini xalqaro hujjatlarga uygʻunlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.

Rasmiy band boʻlgan barcha shaxslarga nafaqalar bosqichma-bosqich Ijtimoiy himoya jamgʻarmasi tomonidan toʻlanishi yoʻlga qoʻyiladi. 2026-yildan boshlab ayollarga homiladorlik nafaqasi, 2026-yil ikkinchi yarmidan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari toʻlab boriladi.

Yangi tizimning asosiy maqsadi ayollar va ishchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan birga rasmiy mehnat munosabatlarini ragʻbatlantirish ekani taʼkidlandi.

Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, ijtimoiy sugʻurta sohasini raqamlashtirish, tizim shaffof ishlashini, nafaqalar proaktiv ravishda tayinlanib, toʻlab borilishini taʼminlash yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер