Prezident IT mutaxassislar bilan muloqot qildi

19:58 29 Iyul 2022 Siyosat
1059 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-iyul kuni Yuqori Chirchiq tumanidagi “Astrum” IT akademiyasiga tashrif buyurib, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari va yoshlar bilan uchrashdi.

Dunyoda axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanmoqda. Jahonda uning oʻsish surʼatlari yiliga 10 foizni tashkil etib, bu yil jami 4 trillion 300 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Ushbu bozorda mustahkam oʻrin egallash uchun mamlakatimizda katta ishlar boshlangan. Soʻnggi besh yilda sohaga 2 milliard dollar, shu jumladan 700 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar yoʻnaltirilgan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barcha hududlarda IT-parklar ochilib, ular uchun alohida soliq rejimi joriy etildi. Bu orqali 14 ming nafar yoshlar yuqori daromadli ish bilan taʼminlandi. Bundan tashqari, oʻzini oʻzi band qilgan IT mutaxassislar soni yil boshidan 2,5 barobarga oʻsib, 43 ming nafarga yetdi.

Eng asosiysi, IT kasblarni egallash yoshlar oʻrtasida trendga aylandi. Maktab, litsey, kollej, texnikum va universitetlarda “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning oʻzida mamlakatimizda 134 ta yangi, jumladan, 50 ta xorijiy IT kompaniyalar tashkil etildi, eksportyor korxonalar soni esa 2 barobarga oshdi. Xizmatlar hajmi va turi ham koʻpaydi.

Soha uchun infratuzilma yaratilib, sifat yaxshilanayotgani bunda muhim omil boʻlmoqda. Xususan, soʻnggi uch yilda mobil internet narxi 9 barobarga arzonlashdi. Mamlakatimiz bu boradagi xalqaro reytingda 68-oʻrindan 15-oʻringa koʻtarildi.

– Kelgusi besh yilda mamlakatimizda axborot texnologiyalari xizmatlari eksportini 1 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz. Agar yoshlarni bu kasbga oʻqitishni toʻgʻri yoʻlga qoʻysak, ularni sifatli infratuzilma, kompyuter va kafolatli buyurtma bilan taʼminlasak, bu marraga bemalol erishamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari buning uchun 4 ta masalani hal etish lozimligini taʼkidladi.

Birinchisi, internet qamrovi va sifatini keskin oshirish. Chunki hozir hududlarni tezkor internet bilan qamrab olish darajasi 70 foiz atrofida. 118 ta qishloqqa internet ham, mobil aloqa ham kirib bormagan.

Ikkinchisi, axborot texnologiyalariga iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qoʻllab-quvvatlashni yanada kengaytirish. Bugungi kunda yoshlarning “startap”lariga atigi 10 milliard soʻm grant ajratilgan. Kompyuter bilan taʼminlash ishlari yetarli emas.

Uchinchisi, barcha sohalarda raqamlashtirishni birinchi navbatdagi vazifalar qatoriga olib chiqish. Bu borada hukumat, qator vazirlik va kompaniyalarda tizim bor. Lekin Transport vaziriligi, Energetika vazirligi, Veterinariya qoʻmitasi, Oʻzbekiston temir yoʻllari hamda «Oʻzagrosugʻurta» kompaniyalarida ahvol sust.

Toʻrtinchi muhim masala hududlarda yoshlarni eksport bozorlariga chiqishga koʻmaklashishdir. Xususan, xorijiy korxonalar yoshlarimizga ishonch bildirib, joriy yilning oʻzida 100 million dollarlik xizmatlarga buyurtma bergan. Lekin mahalliy korxonalarimiz buyurtmalari bundan ancha kam.

Yigʻilish ochiq muloqot tarzida oʻtdi. Avval axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatov sohadagi muammolarni va ular yuzasidan takliflarini aytdi. Uchrashuv ishtirokchilari ham oʻz fikr-mulohazalarini bayon etdi.

Davlatimiz rahbari mutaxassis va yoshlarning takliflarini qoʻllab-quvvatlab, mutasaddilarga tegishli qaror loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.

– Bu masalalar – bugunimiz, kelajagimiz, ayniqsa, yoshlarimizga munosib ish oʻrinlari yaratish uchun katta zamin, – deya taʼkidladi Prezident.

Ushbu muloqot oʻtkazilgan “Astrum” IT akademiyasida yuzlab yoshlar zamonaviy dasturlash koʻnikmalarini egallab, oʻqish davomidayoq daromad topmoqda. Davlatimiz rahbari bunday maskanlarni boshqa hududlarda ham tashkil qilish zarurligini aytib, bu boradagi tashabbuslar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishini bildirdi.

Videoselektor orqali viloyat hokimlari, hududlardagi mutaxassislar bilan ham muloqot qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?