Prezident elektrotexnika sanoatidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni elektrotexnika sohasidagi natijalar va galdagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Bu sohaning sanoatdagi ulushi 3,5 foiz, tovarlar eksportida 10 foizni tashkil etadi. Oʻtgan yili 31 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan, 1 milliard 300 million dollar eksport qilingan. 516 million dollar investitsiya oʻzlashtirilib, 85 ta yangi korxona ishga tushgan. Bu sohada 27 mingdan ziyod yurtdoshimiz ishlamoqda.
Oʻtgan yili 5-sentyabrda boʻlgan videoselektor yigʻilishida sohada natijadorlikni oshirish imkoniyatlari koʻrsatib berilgan edi. Shunga asoslanib, joriy yilda qator vazifalar belgilab olingan.
Taqdimotda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi bu yil hududlarda 4 milliard dollarlik 290 ta yangi loyihani boshlab, 600 million dollar investitsiya oʻzlashtirish, misni qayta ishlash darajasini 75 foizga yetkazish rejalarini aytdi.
Bunda mahalliylashtirish dasturlaridan foydalanish muhim. Masalan, bu yil mamlakatimizda 75 milliard dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Shuning 28 milliard dollarini mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplash mumkin.
Elektrotexnika klasterini kengaytirish uchun Ohangaronda qoʻshimcha 200 gektar, Fargʻonada 10 gektar, Urganchda 4 gektar yer ajratildi. 181 milliard soʻm evaziga infratuzilma qurildi.
Endi tadbirkorlarga texnoparklar hududida tayyor bino qurib, elektrotexnika va turdosh soha korxonalariga sotishga ruxsat berish moʻljallanmoqda. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarni uch yil muddatga foyda va mol-mulk soligʻidan ozod qilish taklif etilmoqda.
Bu, jumladan, Ohangaron mis klasterida 68 million dollarlik, Qashqadaryo, Fargʻona va Urganchda 30 million dollarlik yangi loyihalarga imkoniyat ochadi.
Mahsulotlar sotilishi uchun vazirlik va sanoat tarmoqlari kesimida 15 trillion soʻmlik kafolatli bozor ham tashkil qilinmoqda. Ijtimoiy obyektlar uchun qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini mahalliy korxonalardan xarid qilish tartibi ishlab chiqilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu soha yashil iqtisodiyot uchun, barqaror rivojlanish uchun juda muhim ekanini taʼkidladi. Shu bois joylardagi barcha imkoniyatlarni ishga solish, tadbirkorlarga infratuzilma, moliya va xomashyo jihatidan qoʻshimcha sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Mutasaddilar bularning evaziga eksportni yiliga 3 milliard dollarga, ishlab chiqarish hajmini 50 trillion soʻmga yetkazish imkoniyati borligini qayd etdi.
Innovatsiyalarni oʻrganib, bozorbop mahsulotlar yaratish, malakali muhandis, texnolog va oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring