Poraga choʻzilgan qoʻl

15:11 26 Dekabr 2025 Jamiyat
275 0

“Oʻgʻlingiz pora bilan qoʻlga tushdi”, degan xabarni eshitgan 80 yoshli otaning ustidan sovuq suv quyilgandek boʻldi. Anchagacha oʻziga kelolmadi. Shundan buyon ichiga chiroq yoqsa yorishmaydi. “Tiq” etsa xuddi oʻgʻli kirib kelayotgandek eshikka qaraydi. Maʼraka – mavrid tugul koʻchaga ham chiqolmay qoldi. Kunora soʻroqlaydigan yaqinlarining esa oyogʻi uzildi.

Nevaralari ham maktabdan shumshayibgina qaytadigan boʻldi. Hovlida goʻyoki zimiston choʻkkan. Koʻngliga qil ham sigʻmaydi. Ayniqsa, shoʻrlik kampiriga qiyin. Uning qaddi battar egilib qoldi. Ona baribir, ona-da. Tasavvurida farzandi beshikdagi boladek begʻubor. Ammo bilmaydiki, amal degan otga mingan oʻgʻil bu tuygʻuga allaqachon gʻubor tushirib ulgurdi.

Dunyoda ota-ona uchun farzand keltirgan gʻam-gʻussadan ogʻirroq zarba boʻlmasa kerak. Oradan koʻp vaqt oʻtmay ota yurak oʻynogʻi dardiga chalinib yotib qoldi.

“Yarimta non – rohati jon”, deyishadi. Sirasini aytganda, halol luqmaga yetari yoʻq. Zarifboyga kelsak, u amalga mingunga qadar ham bu oila yomon yashamayotgandi. Shinamgina hovlida turishadi. Darvoza oldida gijinglagan toydek avtomashina turibdi, chol – kampir yilda bir-ikki bor sanatoriyda hordiq chiqarishadi. Ammo oʻgʻil amaldor boʻlgach, uncha-buncha narsani pisand qilmay qoʻydi. Atrofida haybarakachilar, xushomadgoʻylar in qurdi. Bir-ikkita jimjimador imzo evaziga eng soʻnggi rusumdagi avtomashinali boʻlishi mumkinligini anglagan amaldor shaytonning izmiga kirganini bilmay ham qoldi. Koʻza kunda emas, kunida sinadi. Oxir-oqibat uning poraga choʻzilgan qoʻliga kishan tushdi. Shu tariqa gulday bir oilaning halovati buzildi. Ota yillab misqollab yiqqan obroʻ-eʼtibor sarobga aylandi. “Mahallamizdan tamagir, poraxoʻr chiqibdi” qabilidagi gap-soʻzlarni aytmaysizmi?

Bugun ommaviy axborot vositalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda pora bilan qoʻlga tushgan shaxslar haqida shunga oʻxshash noxush xabaru voqealar tafsilotiga tez-tez koʻzingiz tushadi. Nafsiga erk berib sharmanda boʻlganlar orasida amaldordan tortib, hokimiyat vakili, soliqchi, advokat, kadastr va hatto huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlarigacha bor. Qay bir sohada ishlamasin, ular oʻzlariga “poraxoʻr”, “tamagir” degan sovuq nomni orttirgan. Jinoyat ustida qoʻlga tushib, endi gulday umrlarining bir qismini qamoqda oʻtkazmoqda. Ahli ayollarini gʻamu tashvishga qoʻygan, yaqinlariga isnod keltirgan ular. Axir, el ogʻziga elak tutib boʻlmaydi. Qolaversa, ulugʻ alloma Abdulqosim Zamaxshariy yozib qoldirganidek, birovning haqiga xiyonatu tamagirlik, yomonlik qiladigan kishi halokatga giriftordir.

Tangaday teshikdan tuyadek sovuq kirgani kabi tuynukday ochilgan poraxoʻrlik illatidan butun boshli jamiyat ziyon koʻradi. Korrupsiyani “jamiyat tanasidagi saraton” deya atashlari ham bejiz emas. Binobarin, nazari och, poraxoʻrlik, tamagirlik dardiga duchor kimsalar nafaqat oʻz oilasi, balki el-yurtga ham zarar yetkazadi. Uni inqiroz sari yetaklaydi.

Maqolaga nuqta qoʻyar chogʻimiz ijtimoiy tarmoqdagi yana bir xabarga koʻzimiz tushdi. Unda yozilishicha, mamlakatimizda 2025-yilning 11 oyida Jinoyat kodeksining 211 – moddasi (pora berish) bilan 1801 nafar shaxs sudlangan, ularning 465 nafari ozodlikdan mahrum etilgan. Qolganlariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlangan. Gap pora uzatgan qoʻllar haqida borayotganini angladingiz, albatta. Bu esa alohida bir mavzudir.

Istam IBROHIMOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?