Pora oʻtmadi, aksincha...

13:51 12 Dekabr 2022 Jamiyat
617 0

Foto: Xalq so‘zi

Qingʻirlik har doim noqonuniy harakatlarga eshik ochadi. Ayniqsa, giyohvandlik moddalarini tashish, sotish va isteʼmol qilish bilan bogʻliq jinoiy harakatlar, albatta, bir kuni fosh etilib, jinoyatchiga nisbatan jazo muqarrarligini taʼminlash huquq-tartibot idoralari vakillaridan hushyorlik bilan birga halollik va qatʼiyatlilik kabi fazilatlarni ham talab etadi.

Yaqinda Navoiy viloyatining “Samarqand” muntazam yoʻl patrul xizmati maskanida oʻz ishini olib borayotgan Karmana tumani IIB JQB tezkor vakili B. Rahimov tomonidan fuqaro K.M. toʻxtatilib tekshirilganida, “gashish” va «geroin» giyohvandlik moddalarini olib oʻtayotgani aniqlandi. Ashyoviy dalillar tadbir ishtirokchilari tomonidan olinib, hujjatlar rasmiylashtirildi.

Biroq sudning qora kursisi koʻz oldiga kelgan K.M. jinoyat ishi hujjatlarini “bosdi-bosdi” qilish va uni qoʻyib yuborishlari uchun tezkor xodimga ming AQSH dollari miqdorida pora taklif qildi.

B. Rahimov mazkur harakatlar qonunga zid ekanligi hamda holatni ogʻirlashtirishga olib kelishini aytsa ham, K.M. pora taklif qilishda davom etdi. Tezkor xodimning bildirgisiga asosan Shaxsiy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro K.M aytilgan pullardan 500 AQSH dollari hamda 498 ming soʻmini berayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan qoʻlga olindi.

Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tezkor xodimning oʻz kasbiga sadoqati va masʼuliyati tufayli bir necha xonadonga kulfat keltiruvchi giyohvandlik moddalari aylanishdan olinib, u sabab sodir boʻlish ehtimolidagi bir qator jinoyatlarning oldi olindi.

Tezkor xodim B. Rahimov Navoiy viloyat IIB boshligʻining buyrugʻi asosida pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?