Piter Xyuistra “Paxtakor” bosh murabbiyi etib tayinlandi

16:15 15 Yanvar 2021 Sport
1666 0

Gollandiyalik mutaxassis “Paxtakor” bosh murabbiyi etib tayinlandi.

Shu kungacha jamoamizda yordamchi murabbiy sifatida ishlab kelgan gollandiyalik mutaxassis Piter Xyuistra endi “Paxtakor” bosh murabbiyiga aylandi. U Shota Arveladze bilan murabbiylar shtabida birga faoliyat yuritib kelayotgandi. Oxirgi yillarda shakllantirilgan hujumkor, chiroyli va muxlislarga maʼqul keladigan futbol falsafasiga asoslangan oʻyin uslubini yana-da yaxshilab borishga urinish shu tariqa davom ettiriladi.

Piter futbolchilik faoliyatida Shotlandiyaning mashhur klublaridan biri “Glazgo Reynjers” sharafini besh mavsum himoya qilib, besh marta chempionlikka erishgani bilan mashhur. Shuningdek, Piter “Groningen”, “Vendam”, “Tvente”, “Sanfrechche Xirosima”, “Lers” va “Rozendal” kabi klublarda oʻyngan. Gollandiya, Shotlandiya, Yaponiya va Belgiya chempionatlarida jami 413 bellashuvda 78 gol urishga erishgan. Gollandiya terma jamoasi tarkibida 1988-91 yillarda 8 oʻyinda maydonga tushgan.

Xyuistra murabbiylik ishini 2001-yil “Groningen” yoshlar jamoasida bosh murabbiy sifatida boshlagan. 4 yillik faoliyatidan soʻng “Vitess” va “Ayaks” klublarida yordamchi murabbiy boʻlib ishlagan. Keyin “Ayaks” yoshlar jamoasi, “Groningen”, “De Graafsxap” klublarida va Indoneziya terma jamoasida bosh murabbiy sifatida faoliyat olib bordi.

2017-yil iyun oyidan boshlab “Paxtakor”da yordamchi murabbiy sifatida ishlab keldi va jamoa gʻalabalariga oʻz hissasini qoʻshdi. Endilikda Piter bosh murabbiy lavozimida faoliyatini davom ettiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?