Pensiyaga chiqdingiz, qanday muammo bor?
Bugungi kunda mamlakatimizda 3,3 million nafardan ziyod fuqarolar pensiya va nafaqa oladi. 2017 yilda pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun jami 16,6 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ moliyalashtirilgan bo‘lib, bu Davlat byudjeti jami xarajatlarining o‘rtacha uchdan bir qismini tashkil etadi.
Davlatimiz rahbarining tegishli hujjatlariga muvofiq, o‘tgan yilning fevral oyidan barcha turdagi pensiya va nafaqalar faqat naqd pul ko‘rinishida, joriy yildan boshlab, “Xalq...”, “Xizmat ko‘rsatgan ... arbobi” va “Xizmat ko‘rsatgan...” faxriy unvonlariga ega ishlayotgan pensionerlarga pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanishi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, 65 yoshga to‘lgan va undan katta yoshdagi fuqarolardan, shuningdek, 2010 yilgacha bo‘lgan davrda tayinlangan pensiya va nafaqalarning ortiqcha to‘langan puli qoldiq summalarini hisobdan chiqarish tartibi joriy qilindi.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, pensiya tayinlash uchun fuqarolarning eng kam ish staji 5 yildan 7 yilga uzaytirildi, shuningdek, nogironlik pensiyasiga murojaat etish muddati 6 oydan 60 kungacha qisqartirildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbatida shular xususida so‘z yuritildi. Deputatlarning hududlardagi o‘rganishlari, aholi bilan uchrashuv va muloqotlarida fuqarolar tomonidan pensiyaga oid ko‘tarilgan masalalar soha mutasaddilari, mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida keng muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlarini shakllantirish mexanizmlarini zamonaviy moliyaviy siyosat konsepsiyalari asosida takomillashtirib borish, jamg‘arma mablag‘laridan oqilona foydalanish maqsadga muvofiq. Xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari yuqorida qayd etilgan Qonunning 37-moddasi, ya’ni ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan mehnat faoliyati turlarini ko‘rib chiqish masalasini ilgari surdi.
Deputatlar nogironligi bo‘lgan farzandlarni tarbiyalayotgan ayollarning ish stajiga bolaga qaragan yillarini qo‘shish taklifini bildirdi.
Shuningdek, parlament a’zolari mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq muammolar, chunonchi, xorijda ishlayotgan fuqarolarning pensiya yoshiga yetganda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishdagi nomuvofiqliklar, bu bo‘yicha yurtimizda aniq mexanizm mavjud emasligiga e’tibor qaratdi. Buning uchun deputatlar fuqarolarning pensiyaga oid huquqlarini amalga oshirish maqsadida ushbu yo‘nalishda hukumatlararo kelishuvni ko‘rib chiqishni taklif qildilar.
Davra suhbatida pensiya va nafaqalar tayinlash uchun arizalarni hisobga olishning elektron shakliga o‘tish, bunda qog‘oz shaklidagi qayd etish kitoblarini bekor qilish, pensiya va nafaqalarni o‘z vaqtida moliyalashtirish hamda har oyning 27-sanasiga qadar to‘liq yetkazib berish ustidan doimiy monitoring olib borish ishlari yuzasidan qizg‘in fikr almashildi.
Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zolari, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti mutaxassislari bilan birgalikda mazkur sohadagi xalqaro tajriba o‘rganilgani, bu tizimdagi qonunchilik bazasini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Yakunda sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, arxivlar faoliyatini yanada rivojlantirish, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligini kamaytirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ziyoda ASHUROVA.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring